Joriy yil 14-oktabr kuni Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutida talaba-yoshlarning maʼnaviy dunyoqarashini kengaytirish, milliy qadriyatlarga hurmat tuygʻusini mustahkamlash, ularni jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish ruhida tarbiyalash maqsadida “Milliy qadriyatlar va ularning millat maʼnaviyatidagi oʻrni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Gʻaniyev Abdulvosi Abdumalikovich ishtirok etib, mavzu yuzasidan mazmunli maʼruza qildi. Maʼruza davomida milliy qadriyatlarning xalqimiz hayotidagi oʻrni, ularning avloddan avlodga oʻtib kelayotgan maʼnaviy merosimizni asrash va rivojlantirishdagi ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritildi. Shuningdek, ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan urf-odat va anʼanalar, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mehr-oqibat, insonparvarlik, bagʻrikenglik, halollik va vatanparvarlik kabi fazilatlarning yoshlar tarbiyasidagi oʻrni alohida taʼkidlandi. Davra suhbatida jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, yoshlarning bilim va tafakkurini yuksaltirish, turli zararli gʻoyalar taʼsiridan ogoh boʻlish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish hamda axborot manbalariga tanqidiy yondashish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Maʼruzachi maʼrifat insonni ezgulikka yetaklovchi, jaholat esa jamiyat taraqqiyotiga toʻsqinlik qiluvchi omil ekanini taʼkidlab, yoshlarni ilm olishga, kitob mutolaasiga va maʼnaviy kamolotga intilishga chorladi.



Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida milliy oʻzlikni anglash, tarixiy xotirani asrash, boy madaniy merosimizni chuqur oʻrganish va uni kelajak avlodlarga yetkazish muhim vazifalardan biri ekani qayd etildi. Talaba-yoshlarning yuksak maʼnaviyatli, keng dunyoqarashli, mustaqil fikrlaydigan va milliy qadriyatlarga sodiq insonlar boʻlib voyaga yetishida taʼlim-tarbiya muassasalarining masʼuliyati xususida fikr almashildi.
Maʼruza talaba-yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi. Ishtirokchilar maʼruza davomida ilgari surilgan fikrlar orqali milliy qadriyatlarimizning mazmun-mohiyati, maʼrifatning inson hayotidagi oʻrni va yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishning ahamiyati haqida yanada kengroq tasavvurga ega boʻldilar.
Mazkur davra suhbati yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasini mustahkamlash, ularda milliy merosimizga hurmat, ezgu fazilatlarga sadoqat va jaholatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qilgan muhim maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlardan biri boʻldi. Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutida talaba-yoshlarning maʼnaviy salohiyatini oshirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni keng targʻib etish hamda ularni maʼrifatli, vatanparvar va masʼuliyatli insonlar etib tarbiyalashga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi
Matbuot xizmati






