








7-oktabr kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasida tizimdagi oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalari jamoalari ishtirokida kengaytirilgan masofaviy yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda idora raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, muftiy oʻrinbosarlari, boʻlim boshliqlari, hududiy bosh imom-xatiblar, taʼlim muassasalari rahbarlari va professor-oʻqituvchilar qatnashdi.
Muftiy hazratlari Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan taʼlim-tarbiya sohasiga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor, moddiy-texnik bazaning mustahkamlanishi, pedagoglar uchun yaratilayotgan sharoitlar va oʻqituvchilarning xorijda tajriba orttirish amaliyoti haqida toʻxtalib oʻtdilar.
Joriy oʻquv yilida taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarish uchun «Yoʻl xaritasi» tasdiqlandi va uning ijrosi qatʼiy nazoratga olindi. Quyidagi vazifalar belgilandi:
– «Sifat indeksi»ni amaliyotga joriy etish
– har yili pedagoglarni xorijga malaka oshirishga yuborish
– 5 yillik ilmiy rivojlanish dasturini ishlab chiqish
– ilgʻor tajribalarni respublika miqyosida ommalashtirish
– kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish
Yigʻilishda faoliyatdagi ayrim kamchiliklar koʻrib chiqilib, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq koʻrsatma va tavsiyalar berildi. Professor-oʻqituvchilar oʻz fikr va takliflarini bildirdi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan yigʻilish yakunida diniy taʼlim tizimida ilmiy-pedagogik jarayonlarni jonlantirish va malakali diniy kadrlar tayyorlash boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi
Matbuot xizmati






