1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligida ilm-maʼrifat yoʻlida umrini sarflagan marhum ustozlarimizning xonadonlari ziyorat qilindi.
Ziyoratda «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi direktori M.Erkayev hamda maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha direktor oʻrinbosari A.Gʻaniyev, ustozlar hamda talabalar ishtirok etdilar.





Tashrif chogʻida ustozlarning ilm yoʻlidagi fidokorona xizmatlari ehtirom bilan yodga olindi, oila aʼzolarining holidan xabar olinib, marhumlar haqqiga duolar qilindi.
Ustoz – maʼnaviy ota. U bergan ilm, koʻrsatgan yoʻl va qilgan duolar shogirdlar qalbida umrbod yashaydi. Shu bois ustozning haqqi uning hayotligida ham, vafotidan keyin ham davom etadi: haqqiga duo qilish, xonadonidan xabar olish, qoldirgan ilmiy merosini davom ettirish – shogirdlik vafosining eng goʻzal koʻrinishidir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:
«لَيْسَ مِنْ أُمَّتِي مَنْ لَمْ يُجِلَّ كَبِيرَنَا، وَيَرْحَمْ صَغِيرَنَا، وَيَعْرِفْ لِعَالِمِنَا حَقَّهُ»
«Kattamizni ulugʻlamagan (hurmatini joyiga qoʻymagan), kichigimizga rahm qilmagan va olimimizning haqqini tanimagan (ilm egasining qadrini bilmagan, unga munosib ehtirom koʻrsatmagan) kishi ummatimdan emas (yaʼni, mening yoʻlim va goʻzal axloqimdan emas)».
(Imom Ahmad rivoyati)
Alloh taolo marhum ustozlarimizni Oʻz rahmatiga olsin, qabrlarini nurga toʻldirsin, ilm yoʻlidagi xizmatlarini qabul aylab, ajrlarini ziyoda qilsin. Hayot ustozlarimizga sihat-salomatlik, uzoq umr va ilmlariga baraka ato etsin. Omin!
Barcha ustoz va murabbiylarni 1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etamiz!
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi
Matbuot xizmati






