Shariatda niyat qilishning hikmati nima – deb savol qilinsa, ibodatni odatdan, farz ibodatni esa sunnat va nafl ibodatlardan ajratish uchun – deb javob beriladi. Shu bilan birga, farz va vojib amalning toʻgʻri boʻlishi uchun niyat shart qilinganidek, barcha amallardan savob hosil qilish uchun ham niyat shart qilinadi. Hatto inson gunoh ishlarni nafsning xohishiga qarshi chiqqan holda tark etgani uchun ham niyatiga koʻra savob topadi.
Niyat oʻzi nima?
Niyatning lugʻatdagi maʼnosi:
النِيَةُ عبارَةٌ عَنْ انْبعاثُ القَلْبِ نَحْوَ ما يَرَاهُ مُوافِقاً لغَرَضٍ مِنْ جَلبِ نَفْع اَوْ دَفعِ ضَرَرٍ حالاَ اَوْ مآلاَ.
Yaʼni: “Niyat – hozir yoki kelajakda biror foydani jalb qilish yoxud zararni ketkazishdan iborat boʻlgan, oʻz maqsadiga muvofiq deb bilgan tarafga qalbning moyil boʻlishidir”.
Niyatning istilohdagi maʼnosi:
النِيَةُ الاِرادَةُ المُتَجهَةُ الى العَمَلِ ابْتِغاءً لِمَرْضاةِ اللهِ وَ امْتِثالاً لِحُكْمِهِ
Yaʼni: “Niyat – Allohning roziligini talab qilgan va Uning hukmiga boʻysungan holda amalga yuzlangan iroda”.
Niyat – qalbning amali. Niyatning ulugʻligi bilan kichik amallar ham katta savobli amalga aylanadi. Aksincha, niyatning buzilishi bilan buyuk amallar ham katta gunohga aylanadi.
وَعَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسلم: »إِنَّ أوَّلَ النَّاسِ يُقْضى عَلَيْهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ رَجُلٌ اسْتُشْهِدَ فَأُتِيَ بِهِ فَعَرَّفَهُ نِعَمَهُ فَعَرَفَهَا، قَالَ: فَمَا عَمِلْتَ فِيهَا؟ قَالَ: قَاتَلْتُ فِيكَ حَتَّى اسْتُشْهِدْتُ، قَالَ: كَذَبْتَ وَلَكِنَّكَ قَاتَلْتَ لِأَنْ يُقَالَ: جَرِيءٌ فَقَدْ قِيلَ، ثُمَّ أَمر بِهِ فَسُحِبَ عَلَى وَجهِهِ حَتَّى أُلقِيَ فِي النَّارِ، وَرَجُلٌ تَعَلَّمَ الْعِلْمَ وَعَلَّمَهُ وَقَرَأَ الْقُرْآنَ، فَأُتِيَ بِهِ فَعَرَّفَهُ نِعَمَهُ فَعَرَفَهَا، قَالَ: فَمَا عَمِلْتَ فِيهَا؟ قَالَ: تَعَلَّمْتُ الْعِلْمَ وَعَلَّمْتُهُ وَقَرَأْتُ فِيكَ الْقُرْآنَ، قَالَ: كَذَبْتَ وَلَكِنَّكَ تَعَلَّمْتَ الْعِلْمَ لِيُقالَ: عَالِمٌ وَقَرَأْتَ الْقُرْآنَ لِيُقَالَ: هُوَ قَارِئٌ، فَقَدْ قِيلَ، ثُمَّ أُمِرَ بِهِ فَسُحِبَ عَلَى وَجْهِهِ حَتَّى أُلْقِيَ فِي النَّارِ، وَرَجُلٌ وَسَّعَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَأَعْطَاهُ مِنْ أَصْنَافِ الْمَالِ كُلِّهِ، فَأُتِيَ بِهِ فَعَرَّفَهُ نِعَمَهُ فَعَرَفَهَا قَالَ: فَمَا عَمِلْتَ فِيهَا؟ قَالَ: مَا تَرَكْتُ مِنْ سَبِيلٍ تُحِبُّ أَنْ يُنْفَقَ فِيهَا إِلَّا أَنْفَقْتُ فِيهَا لَكَ، قَالَ: كَذَبْتَ وَلَكِنَّكَ فَعَلْتَ لِيُقَالَ: هُوَ جَوَادٌ، فَقَدْ قِيلَ، ثُمَّ أُمِرَ بِهِ فَسُحِبَ عَلَى وَجْهِهِ، ثُمَّ أُلْقِيَ فِي النَّارِ«. رَوَاهُ مُسْلِمٌ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Albatta, Qiyomat kuni birinchi boʻlib hukm qilinadigan inson shahid boʻlgan kishidir. U olib kelinadi. U Zot unga Oʻz neʼmatlarini eslatadi, u ularni eʼtirof qiladi. U Zot: “Bular borasida nima qilding?” – deydi. U: “Sening yoʻlingda jang qilib, hatto shahid boʻldim”, – deydi. U Zot: “Yolgʻon aytding! Aslida sen “jurʼatli” deyilishi uchun jang qilgansan, shunday deyildi ham”, – deydi. Keyin buyuriladi va u yuztuban sudrab borilib, doʻzaxga uloqtiriladi.
Yana biri – ilm oʻrganib, uni oʻrgatgan va Qurʼon oʻqigan kishidir. U olib kelinadi. U Zot unga Oʻz neʼmatlarini eslatadi, u ularni eʼtirof qiladi. U Zot: “Bular borasida nima qilding?” – deydi. U: “Ilm oʻrgandim, oʻrgatdim va Sening roziliging yoʻlida Qurʼon oʻqidim”, – deydi. U Zot: “Yolgʻon aytding! Aslida sen ilmni “olim” deyilishi uchun oʻrgangansan, Qurʼonni “bu qori” deyilishi uchun oʻqigansan. Shunday deyildi ham”, – deydi. Keyin buyuriladi va u ham yuztuban sudrab borilib, doʻzaxga uloqtiriladi.
Yana biri – Alloh rizqini keng qilib, molu davlatning barcha turidan ato qilgan kishidir. U ham olib kelinadi. U Zot unga Oʻz neʼmatlarini eslatadi, u ularni eʼtirof qiladi. U Zot: “Bular borasida nima qilding?” – deydi. U: “Sen sarflanishini suygan birorta yoʻlni qoʻymay, Sen uchun ehson qildim”, – deydi. U Zot: “Yolgʻon aytding! Aslida sen buni “bu saxovatpesha” deyilishi uchun qilgansan. Shunday deyildi ham”, – deydi. Keyin buyuriladi va u ham yuztuban sudrab borilib, doʻzaxga uloqtiriladi” (Imom Muslim rivoyati, 1905).
Demak, har bir amalda Alloh taoloning roziligini maqsad qilish zarur. Xususan, shariy ilmlarni oʻrganayotgan talaba niyatini toʻgʻrilashi lozim. Ilm – Allohniki. Alloh taoloning roziligi uchun harakat qilgan insonga Alloh ilm beradi.
Ilmning maqsadi – amal
Ilmni Alloh taoloning roziligi uchun oʻqish va oʻrganish qanday boʻladi? Avvalo, ilm oʻrganishdan maqsad – bilgan ilmiga amal qilishni qasd qilish kerak. Shu oʻrinda qoida shuki, ilmiga amal qilgan kishi olim, ilmiga amal qilmagan kishi olim emas. Bu qoidani koʻplab ulugʻlar turli iboralar bilan taʼkidlaganlar. Shulardan:
قال الحسن البصري: «تعلَّموا ما شئتم أن تعلَّموا، فلن يجازيكم الله على العلم حتى تعملوا»
Hasan Basriy rahimahulloh aytadi: “Xohlaganingizcha ilm oʻrganinglar. Lekin toki unga amal qilmaguningizcha, Alloh sizlarni ilmingiz sababli mukofotlamaydi”.
وعن الفضيل بن عياض رحمه الله أنه قال: » لا يزال العالم جاهلاً بما علم حتى يعمل به، فإذا عمل به كان عالماً «.
Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadi: “Olim bilgan narsasiga amal qilmaguncha, oʻsha bilgan narsasi borasida johildir. Agar unga amal qilsa, olim boʻladi”.
Ilmning asosiy gʻoyasi va maqsadi – amal. Ilmiga amal qilgan olim jamiyatga namuna boʻladi. Jamiyatga namuna boʻlgan olim esa jamiyatga manfaat beradi.
Ha, ilm tolibi ilmiga oʻzi amal qilishni niyat qilish bilan birga, ilmi orqali dinga va xalqqa xizmat qilishni ham niyat qilishi kerak. Madrasa talabasining kelajakda masjid minbari va mehrobida xizmat qilishni niyat qilishi ham ilmni Alloh uchun oʻrganish boʻladi. Ilm oʻrganishdagi savob mana shu niyatlar bilan hosil boʻladi.
Jaloliddin domla Xolmoʻminov “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi mudarrisi






