Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ochiq daʼvatni boshlaganlaridan soʻng Makkada vaziyat tobora keskinlashdi. Quraysh boshliqlari Islom daʼvatining keng tarqalayotganini koʻrib, jiddiy xavotirga tushdilar. Chunki u zot odamlarni but-sanamlarga sigʻinishdan qaytarib, faqat Allohga ibodat qilishga chaqirayotgan edilar.
Shu sababli Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mushriklar tarafidan koʻp ozor va qattiq qiyinchiliklar koʻrdilar. U zotga eng koʻp aziyat beradigan bir guruh bor ediki, ozor va aziyatlari koʻpligi uchun ular “istehzo qiluvchilar” deb nomlangan edi.
Istehzo qiluvchilarning eng birinchisi va ashaddiysi Abu Jahl laqabli Amr ibn Hishom ibn Mugʻiyra Mahzumiy Qurayshiydir.
Abu Jahl koʻpincha Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni Baytullohda namoz oʻqishlaridan qaytarardi. Bir safar u zotning namoz oʻqiganlarini koʻrib:
– Seni bundan qaytarmaganmidim?! – deb doʻq qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga qattiq gapirishga majbur boʻldilar. Shunda Abu Jahl:
– Sen menga tahdid qilyapsanmi?! Holbuki, bu vodiy ahli orasida jamoasi eng koʻp odam menman-ku! – dedi.
Shunda Alloh taolo unga tahdid sifatida Alaq surasining oxiridagi oyatlarni nozil qildi:
كَلَّا لَئِن لَّمْ يَنتَهِ لَنَسْفَعًا بِالنَّاصِيَةِ ﴿١٥﴾ نَاصِيَةٍ كَاذِبَةٍ خَاطِئَةٍ ﴿١٦﴾ فَلْيَدْعُ نَادِيَهُ ﴿١٧﴾ سَنَدْعُ الزَّبَانِيَةَ ﴿١٨﴾ كَلَّا لَا تُطِعْهُ وَاسْجُدْ وَاقْتَرِب ۩ ﴿١٩﴾
Maʼnolar tarjimasi: “Yoʻq! Agar u (yomonligidan) toʻxtamasa, Biz, albatta, uning peshona sochidan – yolgʻonchi, xatokor peshona sochidan mahkam tutib (jahannamga uloqtiramiz). Endi u jamoasini (yordamga) chaqiraversin! Biz zaboniya – azob farishtalarini chaqiramiz! Yoʻq! (Ey Muhammad) siz unga itoat etmang! (Faqat Allohning Oʻziga) sajda-ibodat qiling va (U zotga) qurbat hosil qiling!” (Alaq surasi, 15-19-oyatlar). Ushbu voqea sahih hadisda bayon etilgan (Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo rivoyati; Imom Termiziy rivoyati, 3349).
Istehzo qiluvchilardan yana biri Abu Lahab ibn Abdulmuttalibdir. U haqda avvalgi maqolamizda toʻxtalgan edik.
Yana biri Uqba ibn Abu Muaytdir. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qoʻshnilaridan edi va u zotga nisbatan Abu Lahab kabi yomon muomala qilar edi.
Ulardan yana biri Amr ibn Os roziyallohu anhuning otasi Os ibn Voil Sahmiy Qurayshiydir. Bu kimsaning ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nisbatan adovati kuchli boʻlgan. U shunday der edi:
– Muhammad sahobalarini oʻlgandan keyin qayta tirilishini aytib aldagan. Xudo haqqi, bizni faqat vaqt-zamon oʻtishigina oʻldiradi.
Shunda Alloh taolo uning bu daʼvosiga nisbatan shunday marhamat qildi:
وَقَالُوا مَا هِيَ إِلَّا حَيَاتُنَا الدُّنْيَا نَمُوتُ وَنَحْيَا وَمَا يُهْلِكُنَا إِلَّا الدَّهْرُ ۚ وَمَا لَهُم بِذَٰلِكَ مِنْ عِلْمٍ ۖ إِنْ هُمْ إِلَّا يَظُنُّونَ ﴿٢٤﴾
Maʼnolar tarjimasi: “Ular: “Biz dunyodagi hayotimizdan boshqa hayot yoʻq. (Birimiz) oʻlamiz, (boshqamiz) yashab yuraveramiz. Bizlarni faqat vaqt-zamon (oʻtishi)gina oʻldiradi”, – deyishdi. Holbuki, ularda bu haqda biron ilm-hujjat yoʻq. Ular faqat gumon-taxmin qilishadi, xolos” (Josiya surasi, 24-oyat).
Yana istehzo qiluvchilardan Asvad ibn Abduyagʻus Zuhriy Qurayshiy, Asvad ibn Muttalib ibn Asad Asadiy, Valid ibn Mugʻiyra Mahzumiy va Banu Abduddor ibn Qusay urugʻidan Nadr ibn Horis Abdariy bor edi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga qilingan biror-bir yomonlik javobsiz qolmadi. Alloh taolo Hijr surasida aytganidek, ularning barchasidan intiqom oldi:
إِنَّا كَفَيْنَاكَ الْمُسْتَهْزِئِينَ ﴿٩٥﴾ الَّذِينَ يَجْعَلُونَ مَعَ اللَّهِ إِلَٰهًا آخَرَ ۚ فَسَوْفَ يَعْلَمُونَ ﴿٩٦﴾
Maʼnolar tarjimasi: “(Ey Muhammad) sizni Biz Oʻzimiz istehzo qiluvchilardan muhofaza etamiz. Ular Alloh bilan birga boshqa ilohni (sherik) qilishadi. Yaqinda (oqibatini) bilib olishadi” (Hijr surasi, 95-96-oyatlar).
(Davomi bor…)
✒️“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi Ikrom domla Roʻziqulov





