Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkada tavallud topganlaridan soʻng, arablarning oʻsha davrdagi odatiga koʻra, chaqaloqlar emizish va tarbiya olish uchun sahroda yashovchi arab oilalariga berilar edi. Buning bir necha sababi bor edi: sahroning toza havosi, sogʻlom muhit va bolaning fasohatli arab tilida tarbiya topishi.
Shu odatga muvofiq, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Banu Saʼd qabilasidan boʻlgan Halima Saʼdiya roziyallohu anhoning qaramogʻiga berildilar.
U zotni emizgan xonadon ahliga esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga oʻtkazgan toʻrt yildan ortiq muddat davomida moʻl baraka yogʻildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bolalik davrlarida sodir boʻlgan mashhur voqealardan biri “Shaqqus-sadr”, yaʼni koʻkraklarining yorilishi voqeasidir. Bu hodisa u zot Banu Saʼd qabilasida, Halima roziyallohu anhoning xonadonida boʻlgan paytlarida yuz berdi. Oʻshanda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam toʻrt yoshda edilar.
Voqea Halima roziyallohu anhoni qattiq qoʻrquvga soldi. Shundan soʻng u kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Makkaga, onalari huzuriga olib borib, boʻlgan voqeani soʻzlab berdi. Halima roziyallohu anho bu hodisani shunday hikoya qiladi:
– Muhammad sollallohu alayhi vasallam emikdosh aka-ukalari bilan uyimiz orqasida qoʻylarimizni boqib yurganlarida, toʻsatdan bir akasi yugurib kelib, menga va otasiga: “Hov anavi qurayshlik ukamni oppoq kiyimli ikki kishi ushlab, yerga yotqizishdi va qornini yorib, nimanidir qidirishyapti”, – dedi.
Sut otasi ikkimiz darhol oʻsha tomonga bordik va u zotning rangi oqarib ketganini koʻrdik. Bagʻrimizga bosib: “Senga nima boʻldi, bolajonim?” – deb soʻradik.
Shunda u zot: “Oldimga oppoq kiyimli ikki kishi keldi. Biri sherigiga meni koʻrsatib, bu oʻshami, deb soʻradi. Sherigi esa, ha, deb javob berdi. Soʻng ikkovi shosha-pisha oldimga kelishdi-da, meni yerga yotqizib, qornimni yorishdi. Undan nimanidir izlab topishdi va olib tashlashdi. Lekin uning nimaligini bilmayman”, – dedi.
Ushbu voqeadagi ikki kishidan murod – ikki farishtadir. Qorinlaridan olib tashlangan narsa esa qalbda boʻladigan shayton nasibasi, yaʼni qora laxta qondir. Bir qavlga koʻra, u “nafsi ammora”, yaʼni yomonlikka buyuruvchi nafsdir.
“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi Ikrom Roʻziqulov






