U zot ﷺ kiyim borasida nima topsalar — oʻshani kiyardilar: zigʻir, jun yoki paxta, koʻpincha paxta kiyim. Koʻylak, rido, izor va boshqalarni kiyganlar. Yashil kiyimlarni yoqtirganlar. Burda (yopinchiq), hibara (yoʻl-yoʻl mato kiyim), jubba (yengi uzun ustki kiyim), qizil hulla va qubo (chakmon) ham kiygan. Oddiy, bezaksiz kiyimlarni ham, qora kiyimni ham kiyganlar. Baʼzan chetlari yupqa ipak bilan bezatilgan moʻynali kiyim ham kiyganlar. Eng sevimli kiyimlari koʻylak edi. Zaif rivoyatda ishton kiyganliklari ham keladi. Xusraviy uslubda oldi ochiq bezatilgan jubbani ham kiyganlar. Issiq kunlarda taylasan (rido) kiyganlar. Juma uchun ikki kiyimlari, hayit uchun esa yashil burdalari bor edi. Kiyimlari toʻpiqdan yuqorida boʻlar, baʼzan boldir yarmigacha koʻtarilar edi. Kiyimni oʻng tomondan boshlab kiyar, yechishda esa aksini qilardilar va: «Avratimni yopadigan va meni bezaydigan libosni kiygizgan Allohga hamd boʻlsin», der edilar. Yangi kiyim kiysalar, eskisini miskinga berardilar.
U zot ﷺ oq va qora salla oʻrar, koʻproq oq rangini afzal koʻrar edilar — baʼzan doppisiz, baʼzan doppi bilan. Doppini yolgʻiz ham kiyganlar. Salla uchini koʻpincha ikki yelka orasiga tashlar edilar. Salla oʻrtacha edi — na juda katta, na juda kichik. (Uning uzunligi va kengligi haqida aniq rivoyat yoʻq; Imom Tabariy zikr qilgan yetti gaz uzunlik va bir gaz kenglik haqidagi rivoyat sobit emas.) U zot ﷺning «Sahob» deb atalgan sallalari boʻlib, uni Aliga hadya qilganlar. Ali uni kiyib kelganida sahobalarga: «Ali sahobda keldi», der edilar.
U zot ﷺning kumush uzuklari boʻlib, unda «Muhammad Rasululloh» deb oʻyilgan edi. Uni baʼzan oʻng, baʼzan chap qoʻllarining kichik barmogʻiga taqar edilar, lekin oʻng qoʻllari koʻproq edi. Oyoqlariga sandal va oddiy oyoq kiyim kiyganlar.
Toʻshaklari teridan boʻlib, ichi xurmo tolasi bilan toʻldirilgan edi. Uzunligi ikki gazdan biroz ortiq, kengligi bir gaz va bir qarich atrofida edi. Zaʼfaron yoki atirgul suvi bilan boʻyalgan choyshablari ham bor edi. Safarda oʻzlari bilan olib yuradigan yopinchiqlari boʻlib, uni buklab, yumaloq qilib ostlariga qoʻyar edilar. Baʼzan boʻyra ustida, baʼzan esa quruq yerda uxlar edilar. U zot ﷺ hech qachon yotadigan joyni ayblamaganlar: agar toʻshak solinsa — yotar, boʻlmasa — yerda uxlar edilar.
Xushboʻy hidni yaxshi koʻrib, taklif qilinsa rad etmas, yomon hidni yoqtirmas edilar. Mushk, muattar moylar bilan xushboʻylanar, kafur va ud bilan ham atirlanganlar. Har bir koʻzlariga uch martadan surma surar edilar.
✒️ Shayx Abdulmajid ibn Muhammad Naqshbandiyning «Al-Hadoiq ul-Vardiyya fiy Ajilla Sadat an-Naqshbandiyya» asaridan «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi Aliakbar Abdullayev tarjimasi






