Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtining yetti nafar professor-oʻqituvchisi Turkiya Respublikasining nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri – Karabük Universiteti (Karabük Üniversitesi)da tashkil etiladigan ilmiy-amaliy malaka oshirish kurslarida ishtirok etish uchun xizmat safariga yoʻl oldilar.
Safar oldidan bilim yurti mudiri professor-oʻqituvchilar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuv davomida malaka oshirish jarayonidan samarali foydalanish, zamonaviy taʼlim metodlari va ilgʻor tajribalarni puxta oʻrganish, orttirilgan bilim va koʻnikmalarni taʼlim jarayoniga samarali tatbiq etish yuzasidan muhim tavsiyalar berildi. Shuningdek, safar davomida amalga oshiriladigan vazifalar hamda aniq maqsadlar belgilab olindi.


Shundan soʻng professor-oʻqituvchilar masʼullar tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida kuzatib qoʻyildi va ularga mazkur ilmiy safarda muvaffaqiyatlar tilandi.
Taʼkidlash joizki, Karabük Universiteti (Karabük Üniversitesi) Turkiyaning Gʻarbiy Qora dengiz mintaqasida joylashgan nufuzli davlat oliy taʼlim muassasasi boʻlib, zamonaviy taʼlim tizimi, xalqaro ilmiy hamkorliklari hamda malakali professor-oʻqituvchilari bilan eʼtirof etiladi.

Mazkur ilmiy-amaliy malaka oshirish dasturi professor-oʻqituvchilarimizning kasbiy salohiyatini yanada yuksaltirish, xalqaro tajribalarni oʻrganish va taʼlim sifatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Professor-oʻqituvchilarimizning Turkiyadagi ilmiy-amaliy malaka oshirish jarayoni, uchrashuvlari va erishayotgan natijalari haqida rasmiy sahifalarimiz orqali maʼlumot berib boramiz.


Koʻkaldosh OʻMIBY maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha mudir oʻrinbosari, kasaba uyushmasi raisi A.Gʻaniyev






