«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurtida faoliyat yuritib kelayotgan “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursining navbatdagi 72-davra mashgʻulotlari 2026-yil 08-iyun sanasidan boshlandi.



Mazkur oʻquv kursi davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanilgan holda tashkil etilib, bilim yurti rahbariyati va ustozlarning fidokorona mehnati natijasida bugungi kunga qadar minglab tinglovchilar Alloh taoloning kalomini tajvid qoidalariga muvofiq, toʻgʻri va mukammal oʻqishni oʻrganib chiqgan.



Mashgʻulotlar boshlanishi munosabati bilan boʻlib oʻtgan yigʻilishda «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti mudiri Maʼmurjon domla Erkayev hamda “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursi oʻqituvchilari Xurshid domla Boyxoʻrozov, Shamsiddin domla Suleymanov hamda Muhriddin domla Abbosxonov ishtirok etdi.
Yigʻilishda bilim yurti mudiri Maʼmurjon domla Erkayev yangi davra tinglovchilarini tabriklab, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish, berilgan neʼmatlarni qadriga yetish hamda bugungi kunda Oʻzbekistonda davlat va din munosabatlari hamda diniy-maʼrifiy islohotlarning jadal surʼatlarda amalga oshirilayotgani, shuningdek, noqonuniy diniy taʼlim olish va berishning qonun tomonidan taqiqlanganligi, uning salbiy oqibatlari haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek, oʻquv kursi tinglovchilariga tartib-intizomga qatʼiy rioya qilish, darslarga belgilangan vaqtda kelish, mashgʻulotlarda muntazam ishtirok etish hamda ichki qoidalarga amal qilish boʻyicha zarur tavsiyalar berildi.
Yigʻilish yakunida “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursining navbatdagi bosqich tinglovchilariga «Muallimi soniy» kitoblari berilib, ular haqqiga duoyi xayrlar qilindi.
«Koʻkaldosh» OʻMIBY Oʻquv kurslari boʻlimi






