Xushxabar
Bugun, 2026-yil 29-aprel kuni Termiz shahrida oʻtkazilgan «YAGONA OLIMPIADA-2026» tanlovining Respublika bosqichi bilim yurtimiz uchun unutilmas voqeaga aylandi. Quvonarlisi shundaki, ushbu nufuzli bilimlar bellashuvida Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti talabasi Baxtiyorov Ilhom Bahromovich munosib ishtirok etib, faxrli 1-oʻrinni egalladi!


Ushbu gʻalaba zamirida, avvalo, bilim yurtimizda tolibi ilmlar uchun yaratilgan keng koʻlamli sharoitlar va ustozlarimizning tinimsiz saʼy-harakatlari yotibdi. Madrasamizning uzoq yillik boy ilmiy anʼanalari hamda bugungi kun talablariga mos ravishda tashkil etilgan oʻquv jarayoni talabalarimizning har tomonlama yetuk kadr boʻlib yetishishiga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, talabamizga yoʻl-yoʻriq koʻrsatgan, uning iqtidori ustida kechayu kunduz mehnat qilgan jonkuyar ustozlarimizning xizmatlari beqiyosdir. Mazkur natija nafaqat gʻolibimizning, balki butun jamoamizning, ustoz va murabbiylarimizning ilm yoʻlidagi zahmatlari mahsulidir.
“Yagona olimpiada” tanlovida Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti talabalari namunali holda ishtirok etib kelishmoqda. Xususan 2005-yilgi tanlovda hozirda bilim yurti mudiri Maʼmurjon domla Erkayev, 2011-yilgi tanlovda Boqiyev Komilxon, 2012-yilgi tanlovda Abdukarimov Ahror va 2015-yilda oʻtkazilgan mazkur tanlovda Rasulxoʻjayev Sardorxoʻja bilim yurti nomidan ishtirok etib, muvaffaqiyatli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan hamda Toshkent islom institutiga grant asosida oʻqishga qabul qilinganlar.
Bilim yurtimiz maʼmuriyati Baxtiyorov Ilhomni ushbu yuksak muvaffaqiyat bilan muborakbod etadi. Kelgusida ham ilm choʻqqilarini zabt etib, xalqimiz va dinimiz xizmatida boʻladigan yetuk olim boʻlib yetishishini tilab qolamiz.
Gʻalaba muborak boʻlsin, aziz talabalar!
Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti «Oʻquv-uslubiy Boʻlimi«






