31-mart kuni Qozogʻiston Respublikasi L.N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universitetining Dinshunoslik kafedrasi tashabbusi bilan «Xoja Ahmad Yassaviy merosida din psixologiyasi» mavzusidagi nufuzli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Quvonarlisi, mazkur nufuzli xalqaro anjumanda «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti oʻqituvchisi, psixologiya fanlari doktori Alimov M.X. oʻz maʼruzasi bilan masofaviy ishtirok etdi.


Oʻzining sermazmun hayotini ilm-fan rivojiga bagʻishlagan, koʻp yillik boy tajribaga ega ustozimiz konferensiya ishtirokchilariga buyuk mutafakkir Ahmad Yassaviy merosining inson ruhiyati va maʼnaviy kamolotidagi oʻrni shuningdek Horis al Muhosibiy tasavvuf psixologiyasi asoschisi mavzularida ilmiy asoslangan tahlillarini taqdim etdilar.


Taʼkidlash joizki, bilim yurtimizda talabalarga nafaqat diniy ilmlar, balki zamonaviy fanlar yoʻnalishida ham dunyo miqyosida tan olingan, fan doktori (DSc) kabi yuksak ilmiy darajaga hamda ulkan hayotiy tajribaga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilar dars berib kelmoqda. Bunday yetuk mutaxassislarning xalqaro ilmiy maydonlardagi faolligi taʼlim maskanimizdagi ilmiy muhit naqadar yuqori ekanligidan dalolat beradi.
Biz bilim yurtimiz jamoasi va talabalari nomidan X.M. Alimovni ushbu xalqaro ilmiy muvaffaqiyat bilan muborakbod etamiz. Alloh taolo ustozimizning umrlariga va ilmlariga baraka bersin!
Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti, Oʻquv-uslubiy boʻlimi






