Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida 2026-yil 11-fevral kuni «Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi»da “Milliy yuksalishning yangi Oʻzbekiston modeli” maxsus kursi doirasida navbatdagi maʼruza tashkil etildi.
🎙 Maʼruza Gumanitar va ijtimoiy fanlar maktabi dotsenti, yuridik fanlar falsafa doktori (PhD) Raximov Dilmurodjon Gʻulomjon oʻgʻli tomonidan
“Zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni davom ettirish” mavzusida olib borildi.
👥 Tadbirda taʼlim muassasasi oʻquv ishlari boʻyicha mudir oʻrinbosarlari N. Djalolov va oʻquv-uslubiy boʻlim boshligʻi F. Asatullayev, pedagog-oʻqituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.


Maʼruzada zamonaviy davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish islohotlarning asosiy tayanchi ekani asoslab berildi. Elektron hukumat va raqamli transformatsiya jarayonlari, 2026-yildan boshlab Elektron hukumat platformasini tubdan yangilash, sunʼiy intellekt asosidagi boshqaruv va nazorat mexanizmlarini joriy etish masalalari keng yoritildi.
Parlament nazoratini kuchaytirish, davlat kafolati ostida tashqi qarz olish vakolatini parlamentga oʻtkazish, deputat soʻrovlari ijrosini har chorakda tahlil qilish mexanizmlari muhokama qilindi. Hokimiyatlar boʻlinishi tamoyili asosida mahalliy boshqaruvni isloh qilish, 2026-yildan viloyat hokimlari va mahalliy kengash raislari lavozimlarini ajratish tashabbusining ahamiyati tushuntirildi.



Shuningdek, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha besh yillik strategiya ishlab chiqilishi, ochiqlik siyosatini kengaytirish, sud-huquq tizimini izchil isloh qilish, raqamli sud tizimini joriy etish, habeas corpus tamoyili va tergov sudyalari instituti faoliyatini kuchaytirish masalalari chuqur tahlil qilindi. Sud qarorlari ijrosini taʼminlash va korrupsiyaga qarshi qatʼiy siyosat yuritish zarurati alohida taʼkidlandi.


Mazkur maʼruza ishtirokchilarda davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglash, adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini mustahkamlash hamda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot modelining ustuvor yoʻnalishlarini kengroq tushunishga xizmat qildi.
©️ Abdurahmon Ismoilov
«Koʻkaldosh» OʻMIBY Oʻquv-uslubiy boʻlim uslubchisi






