SIGN IN YOUR ACCOUNT TO HAVE ACCESS TO DIFFERENT FEATURES

FORGOT YOUR PASSWORD?

FORGOT YOUR DETAILS?

AAH, WAIT, I REMEMBER NOW!
KUKALDOSH.UZ
  • LOGIN

KUKALDOSH.UZ

  • Bosh sahifa
  • Madrasa
    • Madrasa tarixi
    • Rahbariyat
    • Yotoqxona
    • Axborot-resurs markazi
  • Yangiliklar
  • Maqolalar
    • Qurʼon ilmlari
    • Aqida
    • Fiqh
    • Tafsir
    • Hadis
    • Arab tili
    • Yurtimiz allomalari
    • Islom tarixi
    • Raddiyalar
    • Axloq va tarbiya
    • Bagʼrikenglik va jamiyat
    • Elektron kitoblar
  • Taʼlim
    • 4 yillik öquv dasturi
    • Ilm talab qilish odoblari
  • Kurslar
    • Qurʼoni Karim va tajvid kursi
    • Tayyorlov kursi
  • Qabul
    • Qabul tartibi
    • Kiriş imtihonlari 2027-2028
    • Ötiş ballari
    • Topşirganlar soni
    • Imtihon duolari
  • Boğlaniş
Abu Hayyon Andalusiyning “al-Bahrul-muhit” asarida grammatik mavzular yoritilishi
29.01.2026 / Bo‘limda Maqolalar

Abu Hayyon Andalusiyning “al-Bahrul-muhit” asarida grammatik mavzular yoritilishi

Ushbu asarni yoritishdan avval olim haqida qisqacha tushuncha berib oʻtiladi.
Muhammad ibn Yusuf ibn Ali ibn Yusuf ibn Hayyon, Usmoniy laqabli Abu Hayyon, al-Gʻarnotiy al-Andalusiy al-Jayyoniy an-Nafziy —arab tili, Qurʼon tafsiri, hadis ilmi, tarjimayi hol va tillar taqqoslovi sohalarining yirik olimlaridan biridir. U hijriy 654-yilda (milodiy 1256-yil) Matxsharsh nomli, Gʻarnata (Granada) viloyatiga qarashli qalʼadosh shaharchada tugʻilgan.
Ilm talabida u Islom olamidagi koʻplab yurtlarga safar qilgan — Tunis, Qohira, Iskandariya, Damyat, Mahallat al-Kubro, Jiza, Dishna, Qino, Qus va Bilbis shaharlarida boʻlgan. Soʻngra u Misrning Qohira shahrida istiqomat qila boshlagan, bu yerda u mashhur shayxlar, olimlar va qorilardan tahsil olib 745-hijriy yilda (milodiy 1344-yilda) Qohirada vafot etgan .
Abu Hayyonning eng mashhur asari — bu “al-Bahr al-Muhit” boʻlib, u nahv (arab tili grammatikasi)ga alohida eʼtibor qaratilgan tafsirlarning eng yuksak choʻqqisidir. Ushbu asar lingvistik nozikliklari bilan oʻxshashi yoʻq tafsirlardan biri sanaladi. Bu tafsirning yozilishida Abu Hayyonning sulton al-Mansur Qolovun davrida Qohiradagi “Qubbat as-Sulton”da tafsir darslarini oʻqiganligi muhim omil boʻlgan. Asar tahminan 8-hijriy asr boshlarida yozilgan.
Olimning yana boshqa koʻplab asarlari mavjud boʻlib, ular quyidagilar:

  1. الإلماع في إفساد إجازة الطباع (al-Ilma’ fi Ifsad Ijazat at-Tabba’) — baʼzi noshirlik ijozatlarini inkor etish va ilmiy asosda tanqid qilishga bagʻishlangan asar.
  2. ارتشاف الضرب من لسان العرب (Irtishaf ad-Darb min Lisan al-Arab) — arab tilining fonetika, sarf va nahv qoidalari haqida keng qamrovli ilmiy asar.
  3. التذييل والتكميل (at-Tazyil va-t-Takmil) — arab tili grammatikasiga oid sharh va toʻldirishlar toʻplami.
  4. تحفة الأريب بما في القرآن من الغريب (Tuhfat al-Arib bima fi-l-Qurʼan min al-Garib) — Qurʼonda uchraydigan kamyob va murakkab soʻzlarga bagʻishlangan izohli asar.
  5. النافع في قراءات نافع (an-Nafi’ fi Qiraʼat Nafi’) — Nofiʼning oʻqish uslubi (qiroati) boʻyicha ilmiy tahlil.
  6. تقريب النائي إلى قراءة الكسائي (Taqrib an-Naʼi ila Qiraʼat al-Kisaʼi) — Qori al-Kisaʼiy qiroati boʻyicha yaqinlashtiruvchi tadqiqot.
  7. الإدراك في لسان الأتراك (al-Idrak fi Lisan at-Atrok) — turk tiliga oid tilshunoslik asari, arablar uchun turk tilini tushunishga yordam beradi.
  8. نور الغبش في لسان الحبش (Nur al-Gʻabash fi Lisan al-Habash) — habash tilini oʻrganishga bagʻishlangan asar.
  9. النهر الماد (an-Nahr al-Madd)
  10. نهاية الإغراب في التصريف والإعراب (Nihayat al-Igʻrab fit-Tasrif va al-Iʼrab) — sarf va iʼrobga doir murakkab masalalarning izohi .
    Abu Hayyon Andalusiyning asarlari orasida eng mashhuri “al-Bahrul muhit” asari boʻlib olim ushbu asarni Qurʼoni karimni sharhlab, tafsir uslubida va grammatik uslublarda yozgan, Imom az-Zamaxshariy va Imom Atiyaning tafsrilaridan foydalanilgan. Shu bilan bir qatorda Abu Hayyon ushbu asarda Imom Zamaxshariyga bir necha eʼtirozlar bildirganlar .
    “Al-Bahrul muhit” tafsiri sakkizta kitobdan iborat, ulamolar, xususan, qiroat usullari va kalimalarning tarkiblanishiga qiziqqan toliblar bu kitobga koʻp murojaat qiladilar.
    Muallif ushbu nahv qoidalarini yozayotgan paytda hali juda yosh edi. Shunga qaramasdan, nahviy olimlar oʻrtasidagi ixtilofni shu qadar batafsil yoritib berganki, uning bayonlariga qaraganda kitob tafsirdan koʻra nahv kitobiga yaqinroq boʻlib qolgan. Lekin Abu Hayyon nahv qoidalari dengiziga shunchalik shoʻngʻib ketganiga qaramasdan, tafsirning boshqa sohalarini ham beparvo qoldirmadi. Uning tafsirida lugʻat ilmi, sababi nuzul, nosix-mansux, qiroat, balogʻat, fiqh ilmlari borasida ham meʼyoriga yetkazib fikrlar aytilgan va tafsir qilingan. Bu haqda muallifning oʻzi tafsir muqaddimasida shunday deydi: “Mening bu kitobni yozishdagi tartibim shunday; men avval oyatning har bir soʻzi haqida, uning tafsiri, lugʻaviy maʼnosi, jumlada egallagan oʻrni-tarkibi, ikki yoki undan koʻp maʼnoli soʻz boʻlsa, oyatning tafsiriga muvofiq maʼnoni tanlab olish uchun hamma maʼnolarini keltirib, keyin oyatning tafsiriga oʻtaman. Tafsirda esa, tartib bilan oyatning sababi nuzuli, nosix yoki mansuxligi, yuqoridagi oyatga bogʻliqligi, munosabati, shu oyat ustida qiroatlarning mashhur yoki kam eshitilgan qiroatlari haqida toʻxtalib, keyin oyatning maʼnosini tushunishda yordam beradigan salaf va keying(xalaf) ulamolarning fikrlarini bayon etaman. Lekin takrordan qochgan holda, biror oyat yoki biror kalima haqida avval gapirgan boʻlsam, uni qaytarmaslikka harakat qilaman va takrorlash zarur boʻlgan joyda avvalgi mavzuga havola qilaman” .
    Olim biror fiqhiy masala haqida gapirganida, bu masala borasida toʻrt mazhabning fikrlarini bayon etish bilan birga qaysi manbadan olinganini ham koʻrsatib oʻtgan. Shuningdek, nahv qoidalarini bayon etganida ham nahviy olimlarning kitoblaridan dalil sifatida iqtiboslar keltirgan va u manbalarga ishora qilgan.
    Imom oyat tafsirini hamma tomondan mukammal bayon qilib boʻlganidan soʻng ushbu oyatning maʼnosini tasdiqlovchi naqliy rivoyat keltiradi, ana shunga suyanib, mazkur oyatni sharhlaydi. Asarda baʼzi oyatlarning tafsirida tasavvuf ahli soʻzlari ham kiritilgan. Lekin ulardan baʼzilarining aqldan uzoq gaplaridan qochilgan. Shu bilan birga tafsirda botiniylarning Alloh, Hazrat Ali va u kishining avlodlari haqidagi botil fikrlari keltirilmagan” .
    Yuqorida aytib oʻtilganidek Abu Hayyon oʻz tafsirida Imom Zamaxshariy, Ibn Atiyya tafsirlaridan foydalangan va ulardan iqtiboslar keltirgan. Shu bilan birga nahv qoidalari borasida ikki mufassirning gaplariga juda koʻp raddiyalar bergan. Abu Hayyonning tafsirida mazkur ikki olimning fikrlariga munosabati va raddiyalari nihoyatda koʻpligidan, uning shogirdi Tojiddin Ahmad ibn Abdulqodir ibn Ahmad ibn Maktum (vaf. 749/1349-yil) “Al-Bahrul muhit” asarini muxtasar qilib, undan ustozining Imom Zamaxshariyga va Ibn Atiyga nahv borasida bergan raddiyalarini olib tashlagan. Muxtasarning nomi “Ad-durrul laqit minal-Bahril muhit” boʻlib, “Al-Bahrul muhit” kitobining hoshiyasida chop etilgan .
    Ash-Shayx Yahyo ash-Shoviy al-Magʻribiy esa Abu Hayyonning Zamaxshariyga qilgan eʼtirozlarini jamlab, katta bir kitob qilgan. Bu kitobning qoʻlyozmasi ham Al-Azhar kutubxonasida saqlanmoqda.
    Abu Hayyon oʻz tafsirining 2-jildi 276-bet va 7-jildi 85-betida Imom Zamaxshariyning eʼtirozli fikrlari uchun qattiq qoralash bilan birga, insofli olim sifatida uning “Qurʼon balogʻatlarini mohirlik bilan tushuntirishi” haqida gapirib, hatto: “Alloh taolo unga (Az-Zamaxshariyga) Qurʼon ilmini mukammal bergan, u Qurʼon lafzlarini yaxshi tushunish bilan birga, uning maʼnolarini ochib berishda ham benazir olimdir”, deydi , .
    Abu Hayyon oʻz tafsirida keltirgan naqllarining barchasini ustozi Jamoliddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Sulaymon ibn Hasan ibn Husayn al-Maqdisiyning “Kitobut-tahrir vat-tahbir liaqvoli aimmatit-tafsir” kitobidan olgan. “Ibn an-Naqib” laqabi bilan mashhur boʻlgan ustozning yozgan kitobi ulumul-Qurʼon borasida yozilgan eng katta asar boʻlib, yuz jildan iboratdir .
    Abu Hayyon Andalusiynung “al-Bahrul muhit” asarida oyatni grammatik tahliliga bir necha misol berib otamiz:
    Olim Qurʼoni karimdagi Fotiha surasining ilk oyatini quyidagicha sharhlaydi. Alhamdu lillahi Rabbil ‘aalamiin (Olamlarning Parvardigori Allohga hamd boʻlsin)
    Tafsiriy tarjimasi:
    Hamd bu goʻzal sifatlar bilan til orqali maqtashdir. U faqat til bilan ado etiladi va neʼmat evaziga boʻlishi shart emas. Shu jihatdan u shukrdan farq qiladi. Chunki shukr ham til, ham qalb, ham amallar bilan boʻlishi mumkin va u faqat berilgan neʼmatga javoban ado etiladi. Har ikki tushuncha ayrim hollarda bir-biriga yaqin maʼnoda ishlatilsa-da, ular aslida farqlidir.
    Agar maqtov biror sabab bilan bogʻliq boʻlsa, u holda u madh (olqish) deb ataladi. Shuning uchun “Allohga hamd boʻlsin” deyiladi, ammo “Allohni madh qildim” deyilmaydi, degan fikr aytilgan. Shuningdek, hamd Alloh taoloni, Uning zotiy va feʼliy sifatlari bilan ulugʻlashdir. Bu sifatlar Allohga munosib boʻlgan kamolot sifatlaridir.
    “Hamd” soʻzi uch harfli boʻlib, uning maʼnosi “toʻliq maqtash”ni anglatadi. Shukr esa maʼnosi jihatidan hamdga nisbatan umumiyroq, ammo qoʻllanish jihatidan xosroqdir. Chunki shukr faqat neʼmatga boʻladi, hamd esa neʼmatga ham, neʼmatdan mustaqil ravishda ham boʻlishi mumkin.
    “Alloh” lafzi Haq taoloning maxsus ismidir. U Zotga xos boʻlib, undan boshqa hech kimga nisbatan ishlatilmaydi. Ushbu ism ilohiy sifatlarning barchasini oʻzida jamlagan. Shuning uchun, u eng ulugʻ ism hisoblanadi. “Alloh” lafzi “ibodat qilinuvchi” maʼnosini anglatadi, yaʼni U yagona haq maʼbuddir.
    “Robb” soʻzi esa lugʻatda: egalik qiluvchi, boshqaruvchi, tarbiyalovchi, isloh qiluvchi, doimiy ravishda neʼmat beruvchi, parvarishlovchi degan maʼnolarni anglatadi. Bu soʻz Qurʼoni karimda turli maʼnolarda qoʻllangan. Jumladan, Alloh taoloning butun olamlarni yaratib, boshqarib va tarbiyalab turuvchi Zot ekanini bildiradi.
    “Alamiyn” (olamlar) soʻzi haqida ulamolar turli fikrlarni bildirganlar. Baʼzilar unga barcha mavjudotlar — insonlar, jinlar va farishtalar kiradi, deganlar. Boshqalar esa “olamlar”dan murod faqat aql egalari boʻlgan mavjudotlar, yaʼni inson va jinlardir, deb aytganlar. Yana ayrim mufassirlar esa har bir mavjudot turi alohida bir “olam” hisoblanishini taʼkidlaganlar.
    Shunday qilib, “Alhamdu lillahi robbil alamiyn” jumlasi — barcha kamolot sifatlari bilan Alloh taoloni mutlaq va mukammal tarzda ulugʻlashni, U Zotning butun mavjudotlarning yaratuvchisi, egasi va parvarishlovchisi ekanini eʼtirof etishni anglatadi. Eng toʻgʻri maʼnoni esa Alloh taolo Oʻzi biluvchidir, deb olim oʻz asarida qaydlab ketadi.
    Yana olim Fotiha surasidagi «Ar-Rohman» va «Ar-Rahim»larni quyidagicha tafsir qiladi:
    • «Ar-Rohman» — barcha mavjudotlarga keng rahmat sohibi,
    • «Ar-Rahim» — ayniqsa moʼminlarga rahmat koʻrsatuvchi Zot.
    Bu yerda baʼzi mufassirlar: «Ar-Rahman — bu umumiy rahmat, Ar-Rahim — bu xos rahmat» deb taʼriflashadi. Ibn Abbosdan rivoyat qilinishicha: «Ikki sifatning farqi shundaki, “Ar-Rohman” dunyoda barcha uchun, “Ar-Rahiym” oxiratda faqat moʼminlar uchundir».
    Yana baʼzilar aytishadi: «Rahmat» — bu yumshoqlik va mehribonlikdir. Ulamolar bu sifatlarning tafsilotlari haqida xilma-xil fikr bildirganlar.
    Imom Abu Hayyon Andalusiy Baqara surasi 1,2-oyatlarni quyidachi sharhlaydi:
    الم
    «Alif, Lam, Mim»
    Bu harflar «hurufi muqattaʼa» (uzilgan harflar) deb nomlanadi. Bu harflar bilan Qurʼonda ayrim suralar boshlangan. Ularning maʼnosi haqida mufassirlar orasida ixtilof mavjud.
    Bu harflar haqida shunday deyilgan: Ular majhul harflardir, yaʼni ulardan nima maqsad qilinganligi ochiq emas. Ular muqattaʼa harflar boʻlib, oʻz ichida chuqur maʼno va ramziy mazmunlarni mujassam etgan. Shuningdek, bu harflar Qurʼonning ilohiy kelib chiqishini eslatish, arab tilidagi oddiy harflardan iborat boʻlsa-da, odamlar uning oʻxshashini keltira olmasligini taʼkidlash uchun ham kelgan.
    Baʼzi mufassirlar bu harflar Alloh bilan bandalari oʻrtasidagi sir ekanini, ularning haqiqiy maʼnosini faqat Alloh bilishini aytishgan. Baʼzilar esa, bu harflarning har birining oʻz maʼnosi bor, deya tafsir qilishgan. Masalan:
    «Alif» — Alloh,
    «Lam» — Jibril,
    «Mim» — Muhammad (s.a.v.), deb talqin qilinadi. Biroq bu tafsirlar haqida eʼtirof qilinishi kerak boʻlgan nuqtasi shundaki, ular qatʼiy emas va ixtilofli hisoblanadi.
    ذَٰلِكَ الْكِتَابُ لَا رَيْبَ ۛ فِيهِ ۛ هُدًى لِّلْمُتَّقِينَ
    «Bu Kitob — unda shubha yoʻq. U taqvodorlar uchun hidoyatdir» .
    Tafsiriy tarjimasi:
    ذَٰلِكَ — «Bu» soʻzi aslida uzoq narsaga ishora qiluvchi ism boʻlib, Qurʼonni ulugʻlash uchun ishlatilgan. Yaʼni, Qurʼon aziz va yuksak maqomda boʻlgan ilohiy Kitobdir.
    الْكِتَابُ — «Kitob»dan maqsad bu yerda Qurʼoni Karimdir. Bu soʻz bilan Qurʼonning yozilgan va himoya qilingan nusxasi nazarda tutilgan.
    لَا رَيْبَ فِيهِ — «Unda hech qanday shubha yoʻq» degani, Qurʼonning Alloh tomonidan nozil qilingani, unda yolgʻon, gumon, ziddiyat yoki inkor etiladigan hech narsa yoʻq, deganidir.
    هُدًى لِّلْمُتَّقِينَ — «U taqvodorlar uchun hidoyatdir»: yaʼni, bu Kitob faqatgina Allohdan qoʻrqib, gunohlardan tiyiladigan, qalblari ochiq insonlar uchun toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchi manbadir.
    Ushbu oyati karimada Qurʼonning haqiqatligi, mukammalligi va uning faqatgina Haqqa intiluvchilar uchun hidoyat boʻlishi taʼkidlanmoqda. Taqvodorlar deganda Allohdan qoʻrqadigan, gunohdan tiyiladigan, solih amal qiladigan kishilar nazarda tutilgan . Shu tartibda boshqa oyatlar ham sharhlangan.
    Xulosa
    Yuqorida bayon etilgan maqolada Abu Hayyon Andalusiyning hayoti, ilmiy shakllanishi, amalga oshirgan ilmiy safarlari hamda turli fan sohalaridagi serqirra faoliyati yoritildi. Xususan, uning Qurʼon tafsiri va arab tili ilmlaridagi oʻrni, bu borada yaratgan asarlari ichida alohida ahamiyat kasb etuvchi “Al-Bahr al-Muhiṭ” asari keng tahlil qilindi. Ushbu asar nafaqat tafsir ilmi, balki nahv, sarf va balogʻat fanlari uchun ham muhim manba hisoblanadi.
    “Al-Bahrul Muhit” asarida Abu Hayyon Andalusiy oyatlarni sharhlash jarayonida grammatik tahlilga alohida eʼtibor qaratib, nahviy va sarfiy masalalarni batafsil va dalillarga tayangan holda izohlaydi.
    Bundan tashqari, “Bahrul Muhit” asarida Abu Hayyon Andalusiyning oʻzidan oldingi mashhur mufassir va tilshunos olimlar, xususan, Imom Zamaxshariy hamda Ibn Adiy qarashlariga boʻlgan munosabati ham yaqqol namoyon boʻladi. Muallif ayrim masalalarda ularning fikrlariga raddiya bildirgan boʻlsa, ayrim oʻrinlarda ularning qarashlarini qoʻllab-quvvatlagan yoki eʼtirof etgan. Bu holat Abu Hayyonning taqlidga berilmay, masalalarga mustaqil va tanqidiy yondashganini koʻrsatadi.
    Umuman olganda, Abu Hayyon Andalusiyning “Bahrul Muhit” asari Qurʼon tafsiri va arab tili ilmlari rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan muhim ilmiy meros boʻlib, undagi ilmiy metod va uslub keyingi mufassirlar va tilshunoslar uchun muhim namuna boʻlib xizmat qilgan.
    Foydalanilgan adabiyotlar
  11. Raxmatulloh Obidovning Qurʼon va Tafsir ilmlari asari Toshkent islom universiteti nashriyoti 2003.
  12. Abu Hayyon Bahrul muhit. —Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1993. —
  13. Qurʼoni karim
  14. https://ar.wikipedia.org/wiki/%D8%A3%D8%A8%D9%88_%D8%AD%D9%8A%D8%A7%D9%86_%D8%A7%D9%84%D8%BA%D8%B1%D9%86%D8%A7%D8%B7%D9%8A

Mahamadjonov Qobil
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabasi.

Muharrir: mudarris Ahmedov Ohunjon

What you can read next

Тамимий Самарқандий алломанинг буюк ўтмиши
Тамимий Самарқандий алломанинг буюк ўтмиши
Зироъ
Зироъ
“Qishki taʼtil” oʻquv-seminar mashgʻuloti tashkil qilindi!
“Qishki taʼtil” oʻquv-seminar mashgʻuloti tashkil qilindi!

СЎНГИ МАҚОЛАЛАР

  • Mustaqillik — uluğ ne’mat

  • Kitoblar bilan muomala qiliş odoblari va ularni qölga kiritişga tarğib

  • ILM AMAL BILAN KAMOLGA YETADI

  • Ustoz va şogirdga umumiy bölgan odoblar

  • Kökaldoş madrasasida Xalqaro bağrikenglik kuniga bağışlangan “Zakovat” intellektual öyini taşkil etildi

ҚИДИРУВ ХИЗМАТИ

БЎЛИМЛАР

  • Bosh sahifa
  • Madrasa
  • Yangiliklar
  • Maqolalar
  • Taʼlim
  • Kurslar
  • Qabul
  • Boğlaniş

Тезкор ҳаволалар

  • Qabul tartibi
  • Kiriş imtihonlari 2027-2028
  • Ötiş ballari
  • Topşirganlar soni
  • Qurʼoni Karim va tajvid kursi
  • Tayyorlov kursi
  • 4 yillik öquv dasturi
  • Imtihon duolari

АЛОҚА

Тошкент 100208, Чилонзор тумани, Гулистон кўчаси, 37/1

+998 94 988 23 43

info@kukaldosh.uz

ХАРИТА

KökaldoşKökaldoş

Yandex xarita →Google xarita →

© 2018 - 2026. kukaldosh.uz | Ўзбекистон Мусулмонлари идораси "Кўкалдош" ўрта махсус ислом билим юрти.
Барча хуқуқлар химояланган. Сайтдан маълумот олинганда манба кўрсатилиши шарт.
АОКА интернет-ОАВ гувоҳномаси рақами: 1221

TOP