Jamiyatda yashovchi har qanday kishi doʻst orttirishga muhtoj. Chunki shod – xurramlik kunlarida, gʻam – anduhli kunlarda kishi doʻsti bilan quvonchini baxam koʻrishni, tashvishini yengishda suyanchga extiyoj sezadi. Doʻst tanlash ijtimoiy masalalar ichida eng muhimlaridan boʻlib, islom dinida xususan tasavvuf taʼlimotida bunga alohida eʼtibor qaratiladi.
Doʻstlik – ijtimoiy-axloqiy va psixologik tushuncha. Oʻzaro hurmat, yoqtirish, manfaatlarning umumiyligi, yaqinlik, bir-birini tushunishga asoslangan. Kishilar oʻrtasidagi munosabat shaklini ifodalaydi. Kishilarning muloqot shakli sifatidagi Doʻstlik qonqardoshlik, oʻrtoqlik, birodarlik tushunchalariga yaqin, lekin psixologik nuqtai nazardan esa ulardan oʻzining alohidaligi, tanlash xususiyati, his-tuygʻu bilan farq qiladi.[1]
Islomda doʻstlik fazilatli va maqtalgan ishlardan sanalgan. Alloh taolo bunday degan “Albatta, moʼminlar birodardirlar” (Hujurot surasi 10-oyat).[2] Nabiy sollallohu alayhi vasallam “ Alloh kimga yaxshilikni xohlasa uni solih doʻst bilan rizqlantirib qoʻyadi. Agar unutsa (doʻsti) unga eslatib turadi, agar eslab turgan boʻlsa, unga yordam beradi” dedilar(“Quutul qulub” kitobida kelgan).[3] Koʻrinib turibdiki solih juda katta neʼmat hisoblanadi. Chunki xar qanday kishi hayotida turli xatolarga yoʻl qoʻyadi, adashadi, magʻlubiyatga uchraydi, ruhiy tushkunlikka uchragan paytda toʻgʻri maslahat beradigan doʻstga muhtoj boʻladi. Agar doʻst solihlardan boʻlsa doʻstini toʻgʻri yoʻlga boshlaydi.
Qurʼoni Karimning Shoʻro surasi 26-oyatidagi “ U zot iymon keltirib, solih amal qilganlarning (duosini) ijobat qilur va ularga Oʻz fazlidan ziyoda qilur” (Oyatdagi ziyodalikning maʼnosi haqida ) Rosululloh sollallohu alayhi vasallam “Ularni birodarlariga shafoatchi qiladi va ular bilan birga jannatga kiritadi”, deganlar. [4] Ibn Musayyab, Shaʼbiy, Ibn Muborak, Shofeiy, Ahmad ibn Hanbal kabi olimlar ushbu oyatni shunday tafsir qilishni maʼqullagan ekanlar.
Moʼmin kishining solih doʻsti nafaqat bu dunyoda balki oxiratda xam asqatishi yuqoridagi oyat tafsiridan bilinib turibdi. Adolat timsoli hisoblangan Umar ibn Xattob roziyallohu anhu : “Bandaga Islomdan keyin solih doʻstdan koʻra yaxshiroq narsa ato qilinmagan.” “Birontangiz birodarida sodiq doʻstlikni koʻrsa, uni mahkam ushlasin, chunki unaqasi kam uchraydi” deganlar.
Hakim zotlardan biri quyidagi maʼnodagi sheʼr bitgan:
Bu jon koʻp lazzatlar totdi-ku biroq,
Sodiq doʻst sevgisi baridan boʻlak.
Bunday doʻst sevgisi yoʻqotilgan chogʻ,
Shoxtomir kesilgan boʻladi beshak.
Salafi solihlardan biri bunday degan : “Ikki kishi orasidagi doʻstlik faqatgina ushbu toʻrtta sabab bilan roʻyobga chiqadi”(yaʼni bardavom boʻladi):
- Ikkisining maqsadi bir boʻlishi.
- Ikkisining xolati bir xil boʻlishi.
- Ilmda bir biriga yaqin boʻlishi.
- Axloqlari bir xil boʻlishi.[5]
Agar ikki doʻstda ushbu toʻrttala xislat ham topilsa, ularning birodarliklari mustahkam boʻladi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ilm va holati oʻxshash boʻlgan Abu Bakr va Umar roziyallohu anhularni, bir biriga oʻxshash boʻlgan Usmon va Abdurahmon roziyallohu anhularni, ilm va zuhdda teng boʻlgan Salmon va Abu Dardo roziyallohu anhularni oʻzaro birodar qilganlar.
Demak kishi doʻst tanlaganda yuqoridagi oʻgitlarga amal qilib oʻzining ijtimoiy holatiga mos doʻst tanlashi maqsadga muvofiqdir. Rivoyat qilinishicha Bagʻdodning ulugʻ valiylaridan Maʼruf Karxiy rohmatullohi alayhidan bir kishi soʻrabdi : “Ey Abu Mahfuz! Mana bu ikki kishi shu shaharning peshqadamlari, menga maslahat bering, ularning qaysi birlari bilan doʻstlashay? Odob oʻrganish uchun qaysi birini doʻst tutay? Axmad ibn Hanbalnimi Bishr ibn Horisnimi?”
Maʼruf rohmatullohi alayhi bunday javob beribdi: “ Ikkisi bilan ham doʻstlashmagin, chunki Ahmad muhaddisdir, shu sababli insonlar bilan koʻp mashgʻul boʻlib qoladi. Bishr esa oʻzining holi bilan mashgʻul boʻlgani uchun senga vaqt ajratolmaydi. Yaxshisi sen Asvad ibn Solim bilan doʻstlash, u seni isloh qiladi va senga vaqt ajrata oladi”. Soʻragan kishi shunady qildi va foydasini koʻrdi.[6]
Arab olimlaridan biri : “Doʻst kiyimdagi yamoqqa oʻxshaydi, agar yamoq kiyiming jinsidan boʻlmasa, uning shaʼni(obroʻsi)ni tushiradi”, degan. Ulugʻ zotlardan biri: “Toki sinamaguningcha biror kishi bilan doʻstlashmagin. Unga bir sirni ochgin-da, keyin unga qoʻpollik qilib gʻazabini chiqarib koʻr. Agar siringni yoysa, undan uzoqlshgin ”, degan.
[1] OʻzME. Ikkinchi jild. Toshkent, 2022-yil
[2] Qurʼoni Karim.
[3] Abdulqodir Abdur Rahim. Tasavvuf va nafs tarbiyasi. – Toshkent. Gʻafur Gʻulom, 2023 – B.306
[4] Oʻsha manba.
[5] Abdulqodir Abdur Rahim. Tasavvuf va nafs tarbiyasi. – Toshkent. Gʻafur Gʻulom, 2023 – B.312
[6] Abdulqodir Abdur Rahim. Tasavvuf va nafs tarbiyasi. – Toshkent. Gʻafur Gʻulom, 2023 – B.313
XAYDAROV IBROHIM, KOʻKALDOSH OʻMIBY «QURʼON VA TAJVID KURSI» NING GULISTON FILIALI XODIMI





