Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning daʼvat yoʻllarida bir nodir voqea sodir boʻldiki, u ojiz kishini pisand qilmagan har bir inson uchun nurli chiroq kabi muhim dars boʻldi.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Quraysh zodagonlarini Islomga daʼvat etayotgan edilar. Toʻsatdan huzurlariga dastlab musulmon boʻlgan sahobalardan koʻzi ojiz Abdulloh ibn Ummu Maktum Omiriy roziyallohu anhu kelib qoldi.
U kishi u zotning Quraysh ayonlari bilan mashgʻul ekanliklarini koʻrmay, baland ovoz bilan:
– Ey Allohning Rasuli, Alloh oʻzingizga oʻrgatgan narsadan menga ham oʻrgating, – dedi va gapni koʻpaytirib yubordi.
U kishining bu ishlari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga malol keldi. Bir miskinga eʼtibor qaratishlari zodagonlarda nafrat uygʻotishidan xavfsirab, undan yuzlarini burdilar.
Shunda Alloh taolo u zotga bu ishlari uchun Abasa surasidagi quyidagi oyatlar bilan tanbeh berdi:
عَبَسَ وَتَوَلَّىٰ ﴿١﴾ أَن جَاءَهُ الْأَعْمَىٰ ﴿٢﴾ وَمَا يُدْرِيكَ لَعَلَّهُ يَزَّكَّىٰ ﴿٣﴾ أَوْ يَذَّكَّرُ فَتَنفَعَهُ الذِّكْرَىٰ ﴿٤﴾ أَمَّا مَنِ اسْتَغْنَىٰ ﴿٥﴾ فَأَنتَ لَهُ تَصَدَّىٰ ﴿٦﴾ وَمَا عَلَيْكَ أَلَّا يَزَّكَّىٰ ﴿٧﴾ وَأَمَّا مَن جَاءَكَ يَسْعَىٰ ﴿٨﴾ وَهُوَ يَخْشَىٰ ﴿٩﴾ فَأَنتَ عَنْهُ تَلَهَّىٰ ﴿١٠﴾ كَلَّا إِنَّهَا تَذْكِرَةٌ ﴿١١﴾ فَمَن شَاءَ ذَكَرَهُ ﴿١٢﴾
Maʼnolar tarjimasi: “U qovogʻini soldi va yuzini oʻgirdi. Uning huzuriga koʻzi ojiz odam kelgan edi. (Ey Muhammad) siz qayerdan bilasiz, ehtimol u poklanar yoki pand-nasihat olar, soʻng bu pand-nasihat unga foyda berar?! Ammo siz (mol-mulki, kuch-qudrati va obroʻ-eʼtibori bilan imon-eʼtiqod va dinu diyonatdan) oʻzini behojat bilgan kimsaga yuzlanmoqdasiz. Holbuki, uning (kufrdan) poklanmasligi sizga zarar bermaydi. Ammo endi (Allohdan) qoʻrqqan holida huzuringizga shoshib kelgan kishidan esa oʻgirilib olyapsiz. Yoʻq! Albatta, (Qurʼon oyatlari) pand-nasihatdir. Kim xohlasa, undan pand-nasihat oladi” (Abasa surasi, 1-12-oyatlar).
Ushbu voqeadan soʻng Rasululloh sollallohu alayhi va sallam biror-bir faqirning yuziga qovoq solib qaramadilar.
Mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tutgan yoʻllaridan qaytarish uchun bir qancha narsalarni taklif qilishdi. Lekin u zot bularning birortasini ham qabul qilmadilar.
Takliflari qabul qilinmaganini koʻrishgach, ular moʼjiza talab qilib, u zotni ojiz qoldirmoqchi boʻlishdi. Bir kecha Mino vodiysida yigʻilib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga:
– Agar rostgoʻy boʻlsang, bizga moʼjiza koʻrsat: shu oyni ikki boʻlakka boʻlib ber, – deyishdi.
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ushbu moʼjizani berdi va oy ikki boʻlakka boʻlindi. Soʻng u zot ularga:
– Guvoh boʻlinglar! – dedilar (Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu rivoyati; Imom Buxoriy rivoyati, 3636; Imom Muslim rivoyati, 2800).
Alloh taolo Qurʼoni Karimning Qamar surasida ushbu hodisani bayon qiladi:
اقْتَرَبَتِ السَّاعَةُ وَانشَقَّ الْقَمَرُ ﴿١﴾
Maʼnolar tarjimasi: “Qiyomat yaqinlashib qoldi va oy ham (ikkiga) boʻlindi” (Qamar surasi, 1-oyat).
Baʼzi mushriklar bu katta moʼjizani koʻrganlarida:
– Abu Kabshaning oʻgʻli sizlarni sehrlab qoʻydi, – deyishdi.
Shunda Alloh taolo ular haqida Qamar surasining keyingi oyatini nozil qildi:
وَإِن يَرَوْا آيَةً يُعْرِضُوا وَيَقُولُوا سِحْرٌ مُّسْتَمِرٌّ ﴿٢﴾
Maʼnolar tarjimasi: “Agar (Quraysh mushriklari) moʼjiza koʻrishsa ham, yuz oʻgirishadi va: “(Bu) har doimgi sehr-ku!” – deyishadi” (Qamar surasi, 2-oyat).
Maqola “Nurul-yaqin” kitobi asosida tayyorlandi.
✒️ Ikrom domla Roʻziqulov “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi





