«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurtida “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursi faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirgi kungacha davlatimiz bergan bu imkoniyatdan unumli foydalangan holda, madrasa rahbariyati va albatta ustozlarning tinimsiz mehnat, hamda saʼy harakatlari bilan bu muassasadan minglab tinglovchilar Alloh taoloning ulugʻ Kalomini mukammal toʻgʻri oʻqishni oʻrganib chiqdilar.



Ana shunday tinglovchilardan yana bir qanchasi bugun, 2-iyun kunidan «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurtida «Qurʼoni karim va tajvid» oʻquv kursining navbatdagi 60-davra mashgʻulotlarini boshlashdi.
Yigʻilishda “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti mudir oʻrinbosari Nodir Djalolov, Matbuot kotibi Rustam Oxunjonov, “Qurʼoni karim va tajvid” oʻquv kursi ustozlari Abdullayev Abdulbosit va Komilov Ixtiyorlar qatnashdilar.

“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti mudir oʻrinbosari Nodir Djalolov oʻquv kursining tinglovchilariga «Ilm va uning odoblari» mavzusida maʼruza qilib, ularga haqiqiy ilm egasi qanday odoblarga ega boʻlishi lozimligi haqida zarur maʼlumotlar yetkazdi.
Keyin bilim yurti mudir oʻrinbosari Nodir Djalolov maʼruzasi davomida noqonuniy diniy taʼlim olish va berishning qonun tomonidan taqiqlanganligi va qanday oqibatlarga olib kelishi, bugungi kunda Oʻzbekistonda davlat va din munosabatlari, diniy islohotlarning jadal surʼatlarda rivojlanayotgani va boshqa masalalarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Undan tashqari N.Djalolov oʻquv kursi tinglovchilarining tartib — intizomga rioya qilishlari, oʻz vaqtida darsga kelishlari, belgilangan darslarga muntazam ishtirok etishlari va boshqa intizomga oid tavsiyalarni aytib oʻtdi.


Yigʻilish yakunida «Qurʼoni karim va tajvid» oʻquv kursining navbatdagi bosqich tinglovchilari haqqiga duoyi-xayrlar qilindi.
N. SHARIPOV, «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti «Qurʼon karim va tajvid» oʻquv kursi uslubchisi






