2025-yil 16-aprel kuni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Yangi Oʻzbekistonda dinshunoslik taʼlimi va ilmiy tadqiqotlar” mavzusida Respublika forumi doirasida “KONFESSIYALARARO MULOQOT KLUBI“ talabalar ilmiy anjumani boʻlib oʻtdi. Mazkur anjumanda yurtimizdagi oliy va oʻrta maxsus islom taʼlim muassasalari talabalari faol ishtirok etishdi.


Ushbu nufuzli ilmiy-amaliy anjuman doirasida Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurtining bir nechta talabalari faol qatnashishdi. Ulardan R.Abdumalikov oʻzining ilmiy maqolasi bilan qatnashdi. U “Atrof-muhitning inson ruhiy salomatligiga taʼsiri va diniy nuqtai nazar” mavzusida ilmiy ish taqdim etib, mavzuga oid dolzarb muammolar va ularning yechimi borasida diniy qarashlar nuqtai nazaridan yondashuvlarni yoritdi.
Talabamiz oʻz maʼruzasi davomida atrof-muhit va inson psixologiyasi oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik, toza va sogʻlom muhitning ruhiy holatga koʻrsatadigan ijobiy taʼsiri, shuningdek, islomiy taʼlimotlarda tabiatga boʻlgan munosabatning ahamiyatiga alohida urgʻu berdi. Shu orqali u nafaqat ilmiy asoslangan fikrlar, balki diniy manbalarga tayangan holda aniq xulosalar bildirdi.


Anjuman talabalarning ilmiy salohiyatini namoyon qilish, ularni zamonaviy muammolarni chuqur tahlil qilishga undash va turli diniy konfessiyalar oʻrtasida sogʻlom muloqot madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Saidazimxon SAIDAKRAMOV
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi






