Bagʻrikenglik– Islom dinining asosiy qadriyatlaridan biri boʻlib, u jamiyatda tinchlik va oʻzaro tushunishni taʼminlashga qaratilgan muhim fazilatdir. Islomning bosh gʻoyalaridan biri – oʻzaro hurmat, insoniylik va bagʻrikenglikka asoslangan hayotni barpo etishdir.
Bagʻrikenglik Islomiy qadriyat sifatida quyidagi jihatlarda namoyon boʻladi:
1. Eʼtiqod erkinligi: Qurʼonda “Dinda majburiyat yoʻq” deb kelgan (Baqara surasi, 256-oyat). Bu oyat har bir kishining oʻz eʼtiqodini erkin tanlash huquqini taʼminlaydi. Islom hech qachon kuch bilan diniy qarashlarni qabul qilishga majburlamaydi.
2. Shaxsiy munosabatlarda bagʻrikenglik: Musulmonlar bir-biriga va boshqa din vakillariga hurmat va toqat bilan munosabatda boʻlishlari kerak. Bu esa Paygʻambarimizning “Qaysi biringiz oʻziga yoqadigan narsani birodari uchun yoqtirmasa, u haqiqiy moʼmin emas” degan hadislarida ham ifodalangan.
3. Madaniy va etnik xilma-xillikka hurmat: Islom turli millatlar va elatlar orasidagi farqlarni eʼtirof etadi va ularni xuddi bir oiladek koʻradi. Qurʼonning Hujurot surasida “Biz sizlarni xalqlar va qabilalarga ajratdik, to bir-biringizni tanishingiz uchun”, deyiladi (Hujurot surasi, 13-oyat). Bu oyat musulmonlarni bir-birlarini yaxshiroq tushunishga, oʻzaro hurmatga chorlaydi.
Yurtimizda ham diniy bagʻrikenglikka juda katta eʼtuibor qaratilmoqda Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida 2023 yilda “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni taʼsis etildi va har yili Noyabr oyida ushbu nishon topshirilishi belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, Islom dinida bagʻrikenglik – faqat diniy koʻrsatmalar emas, balki insoniy qadriyatlar majmuasidir. Bu qadriyat nafaqat musulmonlar orasida, balki turli din va eʼtiqod vakillari oʻrtasida ham tinchlik va birdamlikka erishish uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Bagʻrikenglik orqali Islom jamiyatdagi barcha insonlarni bir-birini tushunishga, hurmat va ehtirom koʻrsatishga chaqiradi.
Xalilov Bekzod, «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti talabasi






