Islom dini insonlarni ezgulik, adolat, mehr-oqibat, tinchlik va totuvlikka chaqiradi. «Islom» soʻzi arab tilida «tinchlik», «osoyishtalik» va «boʻysunish» maʼnolarini anglatadi. Bu din asosida tinchlik va xalqlarning oʻzaro totuvlikda yashashi, mehr-muruvvat, bagʻrikenglik tamoyillari yotadi. Qurʼoni Karim va Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v)ning sunnatlari orqali bu diniy qadriyatlar yetkazilgan boʻlib, ular insonlar oʻrtasidagi oʻzaro hurmat va tinch-totuvlikni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan.
Ezgulik va insonparvarlik. Islom ezgulik va insonparvarlik dinidir. Qurʼoni Karimda insonlarga rahm-shafqat qilish, yaxshi muomalada boʻlish haqida koʻp bora taʼkidlanadi. Islomning asosiy maqsadlaridan biri – yaxshilik va adolatni targʻib qilishdir. Islomda zakot, sadaqa kabi amallar orqali yordamga muhtojlarga yordam berish va ijtimoiy tenglikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu nafaqat dindoshlar, balki barcha insonlarga nisbatan yaxshi muomalada boʻlishni anglatadi.
Tinchlik va totuvlik. Islom dini tinchlik va totuvlikka chaqiradi. Muhammad (s.a.v) oʻz hayotlari davomida koʻplab nizolarni tinchlik yoʻli bilan hal etishga intilganlar va moʼminlarga ham shuni oʻrgatganlar. Qurʼoni Karimda: «Diniy masalalarda majburlash yoʻq», – deb taʼkidlanadi. Bu – har bir inson oʻz dinini tanlashda erkin ekanini anglatadi va Islomning bagʻrikengligidan dalolat beradi. Shuningdek, Islom urushlarni qatʼiyan qoralab, faqatgina himoya maqsadida va zaruriyat boʻlgandagina jang qilish mumkinligini koʻrsatadi. Bu Islomning tinchlikparvarlik mohiyatini yana bir bor isbotlaydi.
Bagʻrikenglik va sabr. Islom bagʻrikenglik va sabrni targʻib qiladi. Diniy bagʻrikenglik tamoyiliga koʻra, insonlar bir-birining diniy qarashlariga hurmat bilan munosabatda boʻlishlari kerak. Bu tamoyil asrlar davomida musulmon dunyosida saqlanib kelgan va musulmonlar koʻp madaniyatli jamiyatlarda ham tinch-totuv yashashni oʻrgangan. Qurʼon oyatlarida turli millatlar va dinlar oʻrtasida oʻzaro hurmat, hamkorlik qilish takror va takror aytiladi
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak Islom dini insonlarni ezgu ishlar qilishga, oʻzgalarga yordam qoʻlini choʻzishga va tinch-totuv yashashga undaydi. Diniy bagʻrikenglik, adolat, mehr-oqibat va sabr kabi qadriyatlar Islomning negizini tashkil etadi. Shu bois Islom – tinchlik va ezgulik dini boʻlib, u insonlarni yanada yaxshilik qilishga, dunyoni tinchroq va yanada adolatli qilishga chorlaydi.
Inomov Muhammadrizo, “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti 4-kurs talabasi





