Shu yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik” dini mavzusidagi xalqaro konferensiya boʻlib oʻtadi. Islom dinining pok va maʼrifatga yoʻgʻrilgan, tinchlikparvar gʻoyalarini keng targʻib etishda ushbu nufuzli xalqaro konferensiyaning oʻrni va ahamiyati beqiyos.
Konferensiyaning mohiyati, uni yuqori saviyada oʻtkazishga koʻrilayotgan tayyorgarlik xususida Hadis ilmi maktabi rektori Barat AMONOV bilan suhbatlashdik.
–Poytaxtimizda boʻlib oʻtadigan “Islom – tinchlik va ezgulik” dini mavzusidagi xalqaro konferensiyaning dolzarbligi, undan kutilayotgan natijalar qanday?
– Sir emas ayni payt dunyoda global voqealar sodir boʻlmoqda. Notinchlik butun insoniyatning turmush tarziga, iqtisodiy va siyosiy barqarorligiga jiddiy xavf solmoqda. Ayniqsa, axborot maydonida kechayotgan xurujlar, asrlar osha tinch va totuv yashab kelayotgan xalqlar oʻrtasida diniy, milliy va irqiy nizolar keltirib chiqarishga qaratilgan harakatlar avj olmoqda. Jumladan, islom dini va uning muqaddas arkonlariga, mujtahid olimlari-yu, muqaddas kitoblariga hujumlar boʻlayotgani kuzatilmoqda. Mana shunday sharoitda jaholatga qarshi kurashning eng ishonchi vositasi – maʼrifat. Shu sababli davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida soʻzlagan nutqida, dunyo hamjamiyatini global muloqotga chorlab, buyuk olimlarning boy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil Oʻzbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini ilgari surgan edilar.
Ertaga ana shu xalqaro anjuman poytaxtimizda oʻz ishini boshlaydi. Jahonning qator mamlakatlaridan koʻplab mutaxassislar, olimlar tashrif buyuradi. Turgan gapki, mehmonlar mavzu doirasida maʼruzalar tinglash barobarida, Toshkent shahri va Xorazm viloyatida boʻladilar. Vatanimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, xususan dinlar ravnaqi yoʻlida olib borilayotgan ijobiy ishlar bilan tanishadi. Bu oʻlkada qadimdan barcha din va konfessiyalar, turfa millat va etnik qatlamlar bahamjihat yashab kelayotganini amalda koʻrib amin boʻlishadi. Xalqimizda “Qoʻshningning uyida chiroq yonsa quvon, shuʼlasi sening hovlingni ham yoritadi” degan ibratli naql bor. Bu anjuman, unda ishtirok etadigan dunyoning 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilot rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar orqali butun dunyoga nurafshonlik olib borishidan umidvormiz.
– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda Hadis ilmi maktabining tashkil etilishi maʼrifiy islohotlarda muhim qadamlardan biri boʻldi, deyish mumkin. Ushbu maktabning faoliyati xususida qisqacha maʼlumot berib oʻtsangiz. Dunyoda bu kabi maktablar bormi?
– Toʻgʻri taʼkidladingiz, davlatimiz rahbarining tashabbusi va 2018 yil 16 apreldagi farmoni bilan tashkil etilgan Hadis ilmi maktabi qulay va shinam binosi, oʻqitish uslubi, zamonaviy oʻquv vositalari bilan jihozlangani, madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlarini oʻtkazish imkoniyatlari va boshqa yana qator ijobiy jihatlari bilan turdosh oliy diniy taʼlim muassasalaridan ajralib turadi.
Oliy oʻquv dargohida taʼlim faoliyatini shakllantirishda Misrning “Al Azhar”, Mavritaniyaning “Hadis ilmi mutaxassislarini tayyorlash markazi”, Turkiyaning “Marmara” universiteti va Pokistondagi “Dor ul-ulum” universiteti tajribasi oʻrganilgan.
Maktabning amaldagi oʻquv rejasi dunyoning yigirmaga yaqin nufuzli ulamolari tomonidan eʼtirof etilgan. Unda 500 nomdagi 7210 dona kitob sigʻimiga ega axborot resurs markazi, video va audio studiyalar, barcha qulayliklarga ega yotoqxona, sport zal, suzish havzasi va oshxona muntazam faoliyat koʻrsatadi.
Oʻquv jarayoniga yurtimizda qadimdan mavjud madrasalarda qoʻllangan moʼtabar anʼanalardan biri – “Xat ul-kutub” uslubi joriy etilgan.
Maktabning ustozlar va talabalar jamoasi har yili Abu Iso at-Termiziyning “Sunani Termiziy”, “Shamoil ul-Muhammadiya”, “Al ilal us-sogʻir”; Abu Muʼin an-Nasafiyning “Al-aqida an-Nasafiya”; Imom Dorimiyning “Sunani dorimiy” kitoblari xatmini oʻtkazish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan sovgʻa qilingan zamonaviy avtobus vositasida Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatidagi allomalarning maqbaralariga safar uyushtiradilar. Talabalarga mazkur asarlarni “ustoz-shogird” anʼanasi asosida oʻqib tugatganini tasdiqlovchi ijoza-shahodatnomalari taqdim etiladi. Darvoqe, bu yil ilk qaldirgʻochlarimiz, dastlabki bitiruvchilarimiz maktabni tugatib mehnat jabhalariga yoʻl olishdi. Shu oʻrinda ulugʻ nemis shoiri Gyotening bir satri yodimga tushdi: “Umid bilan suqilgan tayoq, bir kuni berar meva va yaproq” deb yozadi u “Faust” asarida. Basharti, markaziy Osiyoda yagona boʻlmish bu oʻquv dargohida tahsil olgan yoshlar orasidan hademay yurtimizda yashab oʻtgan ulugʻ muhaddislarning munosib izdoshlari yetishib chiqishi shubhasiz. Oqqan daryo oqmay qolmas, deb bejizga aytishmagan.
– Hadis ilmi maktabi poytaxtimiz va Xiva shahrida boʻlib oʻtadigan “Islom – tinchlik va ezgulik” dini mavzusidagi xalqaro konferensiyaga qanday tayyorgarlik koʻrdi?
– Konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvar mohiyatini keng targʻib qilish, yoshlarni diniy bagʻrikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuygʻusini shakllantirish va bunda Oʻzbekiston tajribasini, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir. Maktabimizning oʻqituvchilar va talabalar jamoasi ham shu nufuzli anjuman arafasida “Islom qadriyatlarini asrab-avaylashda hanafiy-moturidiy taʼlimotining oʻrni”, “Globallashuv sharoitida islom: moʼtadillik va bagʻrikenglik” hamda “Zamonaviy jamiyatda gʻoyaviy tahdidlarning oldini olish omillari va amaliy yechimlar” mavzularida bir qator chiqishlar qildi. Maktabimizning rasmiy sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlari orqali targʻibot-tashviqot ishlari olib borildi. Shu mavzudagi maʼnaviy tadbirlarga keng oʻrin berildi.
Umuman olganda, ushbu konferensiya islomning munavvar va ezgu gʻoyalarini targʻib etish, sohadagi dolzarb masalalarni atroflicha tahlil etish, ulamolarning yakdil fikrini shakllantirishi bilan ahamiyatli.
Nazokat Usmonova, OʻzA muxbiri
Manba: https://uza.uz/posts/644999






