57. Savol: Jinsiy aʼzo yoʻli orqali tibbiy tekshiruv oʻtkazish roʻzani buzadimi?
Javob: Buzadi, chunki bu holatda tekshiruv maqsadida kirgazilgan moslama va undagi moddalar oshqozonga yetib boradi, faqihlar ham kitoblarida bu holatni taʼkidlaganlar. Bunday tekshiruvdan oʻtgach, Ramazon oyining hurmatidan kunning qolgan qismida yeb-ichishdan tiyilish vojib boʻladi. Ramazon oyidan keyin bu kunning qazosini tutib berishi kerak.
58. Savol: Mushakka qilingan ukol roʻzani buzadimi?
Javob: Teri va mushak ostiga qilingan ukol roʻzani buzmaydi, chunki bu ikki holatda oshqozonga biror narsa yetib bormaydi. Ammo tomir ichiga yuboriladigan ozuqaviy xususiyatga ega ukollarda roʻzani ochiladi.
59. Savol: Insulin ukoli roʻzani buzadimi?
Javob: Insulin ukoli roʻzani buzmaydi, chunki u faqat terining ostiga qilinib, oshqozonga yetib bormaydi.
60. Savol: Roʻzador atir va hushboʻyliklar ishlatishi mumkinmi?
Javob: Atir ishlatish roʻzani buzmaydi, lekin undan saqlangan yaxshidir. Chunki bunda rohatlanish va nafsga yengillik qilish bor.
61. Savol: Ramazon oyining kunduzida terini namlovchi yogʻ va kremlardan foydalanish mumkinmi?
Javob: Mazkur yogʻ va kremlardan foydalanish roʻzani buzmaydi, chunki bu holatda oshqozonga biron narsa yetib bormaydi.
62. Savol: Ramazonning kunduzida yaralardan qon ketishi roʻzani buzadimi?
Javob: Qon ketish ichki va tashqi boʻlishi mumkin. Agar qon ketish ichki tarafdan boʻlib, masalan, burun qonashiga oʻxshash hodisa boʻlsa va undagi qon ichga ketadigan boʻlsa, roʻza buziladi. Agar qon ketish tashqi aʼzoda boʻlib, qon tana ichiga ketmasa, roʻza buzilmaydi.
63. Savol: Roʻzador kishining qon oldirishi roʻzani buzadimi?
Javob: Mazkur holat roʻzadorning roʻzasiga taʼsir qilmaydi, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham roʻzador holatda qon oldirganlar. Bundan tashqari umumiy qoidaga koʻra, roʻza tanaga kirgan narsa sababli buziladi. Qon oldirish esa tanaga biror moddaning kirishi emas, chiqishi bilan oʻtadigan jarayondir. Ushbu fiqhiy qoida Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan. Ammo roʻzadorning qon oldirishga hojati boʻlmasa, bu ish makruh hisoblanadi. Chunki qon oldirish roʻzadorni zaif qilib qoʻyadi.
Roʻzaga oid mazkur savol-javoblar, Iordaniya bosh fatvo boshqarmasida tayyorlangan. (davomi bor)
Mirzaev Kamoliddin





