27. Savol: Ayol kishi roʻza tutgan vaqtda hayz koʻrsa, buning hukmi nima boʻladi?
Javob: Mazkur holatda roʻza buziladi va Ramazon oyidan keyin qazosini tutadi. Ayol kishi Alloh taoloning amriga itoat qilib roʻzani tark qilgani uchun savob ham oladi.
28. Savol: Ayol kishi bomdod vaqti kirishidan avval hayzidan poklansa, unga roʻza tutish lozim boʻladimi?
Javob: Ayol kishi bomdod vaqti kirishidan avval hayzidan poklansa, unga roʻza tutish lozim boʻladi, chunki uni roʻza tutishdan man qiladigan uzr barataraf boʻldi va bu paytda niyat qilishi durust hisoblanadi.
29. Savol: Ramazon oyida hayzli ayol kishi tong otishi bilanoq pok boʻlib qolsa nima qilishi kerak boʻladi?
Javob: Ayol kishi bomdod vaqti kirishi bilan pok boʻlsa, kunning qolgan qismida tiyilib yurishi kerak boʻladi va Ramazondan keyin qazosini tutib beradi. Ayolga qazosini tutgani va oʻsha kuni oʻzini tiyib yurgani uchun ajr beriladi.
30. Savol: Ayol kishi Ramazon oyida roʻza tutish uchun hayz koʻrishni kechiktiradigan dori isteʼmol qilsa, uning roʻzasining hukm nima boʻladi?
Javob: Bu holatda agar ayol hayz koʻrmasa va roʻza tutsa, roʻzasi durustdir, lekin zarurat boʻlmagani uchun tavsiya etilmaydi. Agar dori salomatlikka zarar etkazadigan boʻlsa, uning isteʼmoli haromdir.
31. Savol: Ayol kishi hayz yoki nifosli holatda Ramazon oyida oilasidagilar yoki boshqalarning roʻza tutmayapti degan gapidan qochish uchun roʻza tutadigan boʻlsa gunohkor boʻlib qoladimi?
Javob: Mazkur misoldagi ayollarga roʻza tutish joiz emas, hayo qilib roʻza tutsalar gunohkor boʻlishadi va bu tutgan roʻzalari hisobga oʻtmaydi. Agar juda uyaladigan boʻlsalar, yashirin holda yeb-ichishlari tavsiya qilinadi.
32. Savol: Roʻzani buzadigan narsalar nima?
Javob: ogʻiz, burun, quloq hamda old va orqa aʼzolaridan biron narsa kirishi, qasddan qayt qilish, er-xotinning yaqinlik qilishi, aqldan ozish, (Alloh asrasin) murtad boʻlish (dindan chiqish), kun davomida toʻliq behush boʻlish va boshqalardan iboratdir.
33. Savol: Ramazon oyida kishi dinning shiorlariga haqorat boʻladigan gaplarni gapirsa yoki kufrga olib boradigan ishlarni qilsa, uning hukm nima boʻladi?
Javob: Roʻzador holda murtad boʻlsa, roʻzasi ochilgan boʻladi, kim dinni haqorat qilib murtadga aylansa, Alloh taolo saqlasin shahodat kalimasini aytib Islomga qaytsin va istigʻfor aytsin, bu ishni takror qilishdan saqlansin, oʻsha kuning roʻzani ochadigan narsalardan tiyilsin va unga bu kunning qazosi lozimdir.
34. Savol: Roʻzadorning behush boʻlishining hukmi nima?
Javob: Roʻzani kechadan niyat qilgan kishi behush boʻlib qolsa, soʻngra quyosh botishidan avval bir oz boʻlsa-da oʻziga kelsa, uning roʻzasi durust. Ammo behushligi kun boʻyi davom etadigan boʻlsa, oʻsha kunning roʻzasi hisobga oʻtmaydi, balki qazosini tutib beradi.
Roʻzaga oid mazkur savol-javoblar, Iordaniya bosh fatvo boshqarmasida tayyorlangan. (davomi bor)
Mirzaev Kamoliddin






