Hikoyalarda aks etgan “qirq hadis”.
Farzandlarimiz uchun…
33-hadis
Bir vaqtlar juda boy va qoʻli ochiq Hotam ismli kishi yashab oʻtgan boʻlib uning minglab chorva hayvonlari keng yaylovlarni toʻldirgan edi. Oʻz mol-mulkini oʻzgalar bilan baham koʻrishni yoqtiradigan bu kishining Tuman laqabli uchqur qora oti bor edi.
Tuman shu qadar noyob ot ediki, hamma joyda uning shamoldek yelib yurishi va burgut kabi parvozining dongʻi ketgan edi. Hotam bu otini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylar uni hech narsaga alishmas edi.
Kunlarning birida Hotamning saxiyligi va otining goʻzalligi sultonning qulogʻiga borib yetdi. Shunda sulton bosh vaziriga: ”Men Hotamni sinab koʻrmoqchiman. Undan sevimli oti Tumanni soʻrab koʻraylik –chi, nima qilar ekan”- dedi. Ertasi kuni sultonning odamlari yoʻlga tushdilar.
Ular Hotamning qishlogʻiga yomgʻirli kechada kirib borishdi va uning uyida mehmon boʻldilar. Hotam mehmonlarni hayajon bilan kutib oldi. Uning buyrugʻi bilan dasturxon tuzaldi. Kaboblar yeyildi. Mehmonlar oxorli va chiroyli toʻshaklarda uxladilar. Ertasi kuni ertalab sultonning odamlari nima uchun kelganliklarini aytganda, Hotam chuqur qaygʻuga botdi. Va ularga shunday dedi: “O, kelgan vaqtingizdayoq sultonning buyrugʻini aytganingizda edi! Ot goʻshtini yaxshi koʻrishingizni bilaman. Kecha tunda kelganingizda ob-havo yomon boʻlganligi sababli sizlarga kabob tayyorlash uchun Tumandan boshqa hayvonni topa olmadik”.
Hotamning saxiyligi ikki dona echki soʻrab kelganga koʻp ehson qilgan paygʻambarimizning saxiyliklariga oʻxshaydi. Nabiyimiz sollallohu alayhi va sallam saxiylik nima ekanligini qanday ham chiroyli tushuntirib berganlar:
السخي قريب من الله قريب من الجنة قريب من الناس بعيد من النار
“Saxiy kishi Allohga, odamlarga, jannatga yaqin va doʻzaxdan yiroqdir” (Termiziy, “Birr” 40)
Oxunjon AHMEDOV tarjimasi
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi





