Dindosh birodarim! Senga biroz aytar soʻzim bor. Ularni doʻstona nasihat oʻlaroq qabul qil. Zero, paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Din – nasihatdir», deya taʼkidlaganlar. Hozirgi tahlikali zamonda – fitnalar koʻpayib, oq-u qora orasidagi parda chang bilan qoplangan murakkab bir vaziyatda yanada xushyor va oqil boʻlish har bir musulmon kishining burchidir…
Gohida yaxshi niyatda boʻla turib, notoʻgʻri qadam tashlayotganingni, zohiri jimjimador koʻringan soʻzlarga uchib qolganingni, natijada esa oʻylaganing aksini topganingni koʻraman. Xoʻsh, nega bunday? Hech oʻylab koʻrdingmi?
Bularning sababi yoʻlingni aniq qilib olmaganingdadir! Haqiqiy musulmonlik balandparvoz shiorlar-u tagi yoʻq daʼvolarda emas, balki kundalik hayotimiz davomida roʻbaroʻ keladigan, iymonimizni sezdirmay sinaydigan kichik-kichik ishlarda koʻrinadi.
Hozirgi kunda internet tarmoqlarida in qurib olganlar sen kabi yoshlarni tuzogʻiga ilintirish payida. Bu tuzoq egalari senga qorani oq, egrini toʻgʻri deb uqtirishga harakat qiladi. Ayni kuchga toʻlib, shijoatli paytingda sen oʻylagan maqsad ortiga oʻzlarining gʻarazli niyatlarini yashirib, uni senga oʻzgacha koʻrinishda taqdim qiladilar. Radikalizm deb atalmish gʻoya tarafdorlari avvaldan senga oʻrgatib kelingan, asosga ega taʼlimotlarni safsata, oʻzlarining gʻoyalarini esa eng toʻgʻri yoʻl, deya oʻrgatishga urinadilar. Radikal kishi bilan oddiy musulmonning farqiga borishing uchun liviyalik olim Ali Sallobiyning gapini keltirib oʻtmoqchiman:
«Haqiqiy musulmon oʻz iymoni bilan mashgʻul boʻlsa, radikal musulmon birovlarning iymoni bilan mashgʻul boʻladi. Haqiqiy musulmon oʻzini va boshqalarni jannatga kirishi uchun harakat qiladi. Radikal musulmon boshqalarni doʻzaxiy ekanini isbotlashga harakat qiladi. Bundan tashqari, haqiqiy musulmon kishilarning xato va toyilishlarini kechirish uchun uzr qidiradi. Radikal musulmon esa insonlarni jazolash va ularni gapirib yurish uchun ularning xatolari, ayblari va toyilishlarini qidirib yuradi». Endi oʻzingga savol ber: men qanday musulmonman?
Bundan tashqari, haqiqiy va radikal musulmon oʻrtasidagi farqni xulq-atvor timsolida koʻrishing ham mumkin. Tobeinlar davrida bir kishining soqolida aroq tomchisi koʻrinsa, ustiga aroq toʻkilib ketgandir, deb gumon qilinardi. Yana bir kishi tepalikka chiqib olib: «Men sizlarning ulugʻ Robbingizman», desa, u kishi oyat oʻqiyapti, deyilardi. Hozir-chi? Sen agar shunday kishini koʻrib qolsang, nima qilgan boʻlar eding, birodarim?
Alloh taolo Muso va Horun alayhissalomlarga xudolikni daʼvo qilayotgan Firʼavnning oldiga borib unga qanday nasihat qilish kerakligini Oʻzi oʻrgatdi: «Bas, unga yumshoq soʻz aytinglar, shoyad, pand-nasihat olsa…» («Toha» surasi, 44-oyat). Alloh taolo zulmda eng haddan oshgan insonga goʻzal muomala qilishga buyurgan ekan, qanday qilib oʻz dindosh birodarlarimizga qattiq soʻzlar aytib, hatto ularni dindan chiqarishgacha boramiz?! Qachon bunday achinarli ahvolga kelib qoldik? Turk yozuvchilaridan biri aytganidek, kishi biron-bir buyumi yoʻqolganini maʼlum muddat vaqt oʻtib bilishi mumkin, ammo baʼzida iymonini yoʻqotganini bilolmay dunyodan oʻtib ketadi. Nahotki, bularni oʻylab koʻrmasak?!
Axir, koʻzi ojiz yahudiyga yordam bergan, xulqi, kechirimliligi, sermaʼno gap-soʻzi orqali odamlarning koʻngil toʻridan umrbod joy egallagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ummati biz emasmi?!
Manbaʼlardan birida shunday jumla bor: «Nasihat qilish yoʻli oson, ammo uni qabul qilish oʻta qiyin». Haqiqiy musulmon kishi goʻzal nasihat qila olar, ammo nasihatni oʻzgalardan qabul qilish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi, ayniqsa, hozirgi kunda. Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Xato-kamchiliklarimni menga bildirgan odamga Alloh rahm qilsin», der edilar. Radikal gʻoyalar taʼsiridagi insonning nasihatini eshitib birov nasihatlanganini yoki unga birov nasihat qilganda, u nasihat olganini eshitganmisiz? Holbuki, Alloh taolo musulmon ummatini aynan shu narsa sabab – amri maʼruf va nahyi munkar qilishlari sabab maqtagan:
«Siz odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat boʻldingiz. Amri maʼruf qilasiz, nahyi munkar qilasiz va Allohga iymon keltirasiz» («Oli Imron» surasi, 110-oyat).
Albatta, Allohga iymon keltirgan kishi birodarini toʻgʻri yoʻlga yoʻllash uchun unga goʻzal nasihat qiladi, oʻrinli nasihatni esa toʻgʻri qabul qilib, oʻzini isloh qilishga harakat qiladi.
Alloh bizni ushbu sifatlar bilan vasf etib maqtagan ekan, u sifatlarni oʻzimizda saqlab qolaylik. Saqlab qolaylikki, bu ummat maqtalgan ummat nomiga loyiq boʻlishda davom etsin!
Hasanxoʻja Nazirxonov
Koʻkaldosh OʻMIBY 3-kurs talabasi






