Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati «1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni!» munosabati bilan tizimda yangi avlod vakillari salomatligini mustahkamlash yoʻlida qilinayotgan ishlar haqida hisobot eʼlon qildi.
Unga koʻra, bugun Oʻzbekistonda 18 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar soni qariyb 12 million nafarni tashkil qilmoqda. 235 ta bolalar shifoxonasi ular salomatligini taʼminlash uchun masʼul. Shundan 23 tasi respublika, 212 tasi viloyat, tuman va shahar darajasidagi tibbiyot muassasalari hisoblanadi.
Yurtimizda Respublika va hududlardagi perinatal markazlari, hamda bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida jami 29 ta shoshilinch perinatal va pediatrik mobil navbatchi reanimasiya brigadalari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.
Chaqaloqlarda audioskrining tadbirlari orqali ularning eshitishdagi nuqsonlarini erta aniqlashi va davolash jarayonini erta boshlash boʻyicha ham tizimli ishlar olib borilyapti.
Birlamchi tibbiyot tizimida reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar, yangi tugʻilgan chaqaloqlar va bolalarning patronaji tizimli yoʻlga qoʻyilgan.
Oilaviy poliklinikalarda reproduktiv salomatlik va xavfsiz onalik xonalari, prenatal diagnostika, shuningdek tuman va shahar markaziy koʻp tarmoqli poliklinikalarida bolalar boʻlimlari tashkil etilgan.
Bolalarda D vitamini tanqisligi va yetishmovchiligining oldini olish borasida ham profilaktik ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, Andijon va Jizzax viloyatlarida A vitamini tanqisligiga qarshi saplementasiya dasturlari davom ettirilayotir.
Qolaversa, ayni paytda tugʻma yurak nuqsonidan aziyat chekayotgan 2000 nafar bolaning operasiyasi uchun davlat tomonidan 64 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, qator murakkab amaliyotlar oʻtkazilyapti.
Bundan keyin ham bolalarning aqliy hamda jismoniy, rasional va sogʻlom rivojlanishi, chaqaloqlarda tugʻma nuqsonlarning oldini olish, ularni bekamu-koʻst voyaga yetishlari uchun amalga oshirilayotgan tizimli tadbirlar davom ettiriladi.
Albatta, bulardan koʻzlangan pirovard maqsad Oʻzbekistonni toʻlaqonli baxtiyor bolalar mamlakatiga aylantirishdir, — deyiladi vazirlik bayonotida.
Manba: yuz.uz






