Maʼlumki, mustabid tuzum davrida minglab begunoh vatandoshlarimizning umri xazon boʻlgan.
1937-53 yillarda Oʻzbekistonda 100 ming odam qatagʻonga uchragan. Ularning 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan.
Qanchadan-qancha oilalar xonavayron boʻlib, bolalar yetim qolgan. Birgina 1937-38 yillardagi katta qatagʻon davrida 7 mingga yaqin vatandoshimiz otilgan.
2002 yil 31 avgustda Toshkent shahri Yunusobod tumanida tashkil etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi hududida ozodlik va mustaqillik uchun kurashgan fidoyilar xotirasini yod etish maqsadida “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi ochilgan.
Muzeyning ilmiy ekspozitsiyasini shakllantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, 150 dan ziyod arxiv hujjatlari, 100 dan ortiq tarixiy fotosurat, 100 ga yaqin ashyoviy buyumlar, 175 ta kitob, koʻplab vaqtli matbuot nashrlarining namunalari izlab topildi va ular muzey ekspozitsiyasidan oʻrin egallagan.






