Hikoyalarda aks etgan “qirq hadis”.
Farzandlarimiz uchun…
18-hadis
Kunlarning birida Ali va Oisha gilos mevasidan toʻyib yeyish uchun daraxt ustiga chiqib olishdi. Ali shoxlarning uchida turgan mevalarga qarab intilar, yuqoridagi giloslar unga goʻyoki yaxshiroq pishgandek tuyular edi. Oisha bir necha bora uni ogohlantirib shoxlar borgan sari ingichkalashib ketayotganini, yaqin atrofidagi giloslar ham yaxshi pishganini aytib ogohlantirdi. Alining koʻzlari esa faqat yuqoridagi mevalarni koʻrayotgandek Oishaning birorta gapiga parvo qilmasdan koʻtarilib borar edi.
U toʻsatdan giloslari koʻp boʻlgan shox bilan birga yerga quladi. Ali daraxtning katta shoxini shuningdek oyogʻini ham sindirib oldi. Endi u bir necha hafta gipslangan oyoqlari bilan uzoqdan gilos mevasini tomosha qilib yotishga majbur edi. Alining bu qilmishini ochkoʻzlik deb atash mumkinmi?
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadislari insonni oʻylashga chorlaydi:
لو كان لإبن آدم واديان من ذهب لأحب أن يكون له ثالث و لا يملأ فاه إلا التراب
Odam bolasida ikki vodiy toʻla oltin boʻlsa ham uchinchisini xohladi. Uning ogʻzini tuproqdan boshqa narsa toʻldira olmaydi. (Termiziy, Zuhd 28)
Oxunjon AHMEDOV tarjimasi
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi





