SIGN IN YOUR ACCOUNT TO HAVE ACCESS TO DIFFERENT FEATURES

FORGOT YOUR PASSWORD?

FORGOT YOUR DETAILS?

AAH, WAIT, I REMEMBER NOW!
KUKALDOSH.UZ
  • LOGIN

KUKALDOSH.UZ

  • Bosh sahifa
  • Madrasa
    • Madrasa tarixi
    • Rahbariyat
    • Yotoqxona
    • Axborot-resurs markazi
  • Yangiliklar
  • Maqolalar
    • Qurʼon ilmlari
    • Aqida
    • Fiqh
    • Tafsir
    • Hadis
    • Arab tili
    • Yurtimiz allomalari
    • Islom tarixi
    • Raddiyalar
    • Axloq va tarbiya
    • Bagʼrikenglik va jamiyat
    • Elektron kitoblar
  • Taʼlim
    • 4 yillik öquv dasturi
    • Ilm talab qilish odoblari
  • Kurslar
    • Qurʼoni Karim va tajvid kursi
    • Tayyorlov kursi
  • Qabul
    • Qabul tartibi
    • Kiriş imtihonlari 2027-2028
    • Ötiş ballari
    • Topşirganlar soni
    • Imtihon duolari
  • Boğlaniş
Yomonlikning oldini olish – islomiy burch
30.10.2026 / Bo‘limda Maqolalar

Yomonlikning oldini olish – islomiy burch

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: «مَنْ رَأَى مِنْكُمْ مُنْكَرًا فَلْيُغَيِّرْهُ بِيَدِهِ، فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِلِسَانِهِ، فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِقَلْبِهِ وَذَلِكَ أَضْعَفُ الإِيْمَانِ». (رواه مسلم).

Abu Saʼid Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlarini eshitdim: “Qay biringiz biror yomon ishni koʻrsa, uni qoʻli bilan oʻzgartirsin. Bunga kuchi yetmasa, tili bilan oʻzgartirsin. Bunga ham qodir boʻlmasa, qalbi bilan oʻzgartirsin. Bu esa iymonning eng zaif darajasidir” (Imom Muslim rivoyati, 49).

Hadisdan olinadigan saboqlar

1. Munkar ishdan qaytarish

Har bir musulmon uchun yomonlikning oldini olish vojibdir. Kishi imkon qadar munkar amalni toʻsishi, uni oʻzgartirishi lozim. Moʼmin inson qurbi yetganicha qoʻli, tili va qalbi bilan munkarga qarshi kurashadi.

a) Qalb bilan inkor qilish

Yaxshi-yomonni farqlash va munkar ishni qalbdan inkor etish har bir musulmon zimmasidagi farzi ayndir.

Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu bir kishining “Kimki yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarmas ekan, halok boʻladi!” degan soʻzini eshitib, shunday dedilar: “Qalbida yaxshi-yomonni tanimagan kimsa halok boʻladi!” (Ibn Rajab Hanbaliy, “Jomeʼul ulum val hikam”).

b) Hech narsa qila olmagan inson munkarni qalbi bilan inkor etadi

Kishi munkar amalni qoʻli yoki tili bilan inkor eta olmasa, uni qalbi bilan yomon koʻrib, zimmasidagi masʼuliyatni ado etadi.

v) Maʼsiyatga rozi boʻlish – katta gunoh

Maʼsiyatga qalban rozi boʻlgan kimsa oʻsha gunoh ustida hozir boʻlgan-boʻlmaganidan qatʼi nazar, katta gunohga qoʻl urgan hisoblanadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Yer yuzida biror maʼsiyat qilinsa, unga guvoh boʻlib, uni yomon koʻrgan (bir rivoyatda: “inkor etgan”) kishi xuddi uni koʻrmagan kishi kabidir. Unga guvoh boʻlmasa-da, rozi boʻlgan kimsa esa xuddi guvoh boʻlgan kishi kabidir” (Abu Dovud rivoyati, 4345).

Yaʼni maʼsiyatni qoʻli yoki tili bilan oʻzgartirishga qodir boʻlmagan musulmon uni qalbidan yomon koʻrsa, oʻsha maʼsiyatni koʻrmagan kishi kabi undan soʻralmaydi. Biroq gunohga rozilik koʻzi bilan boqish qalbdagi inkorni ham yoʻqqa chiqaradi. Maʼlumki, maʼsiyatni hech boʻlmaganda qalbda yomon koʻrish farzi ayn hisoblanadi.

g) Maʼsiyatni qoʻl yoki til bilan inkor qilish ikki xil boʻladi

Farzi kifoya

Biror maʼsiyat yoki munkar ishni musulmonlarning bir jamoasi koʻrsa yoxud eshitsa, uni inkor etish ularga vojib boʻladi. Jamoadan bir kishi shu ishni ado etsa, qolganlardan masʼuliyat soqit boʻladi. Ammo hech qanday uzrsiz ularning birortasi ham munkarni qaytarish yoki oʻzgartirishga eʼtibor bermasa, hammalari birdek gunohkor boʻladilar. Alloh taolo aytadi: “Orangizdan yaxshilikka daʼvat qiladigan, amri maʼruf va nahiy munkar qiladigan bir jamoat boʻlsin!” (Oli Imron surasi, 104-oyat).

Farzi ayn

Biror munkarni eshitgan yoki koʻrgan kishi uni oʻzgartirishga yoki toʻxtatishga qodir boʻlsa, bu vazifa uning zimmasiga tushadi. Maʼsiyatni bir guruh musulmonlar koʻrgan-eshitgan boʻlsa-yu, uni oʻzgartirish yoki toʻsish faqat ulardan birining qoʻlidan kelsa, vazifa aynan oʻsha qodir musulmonning zimmasiga tushadi. U qodir boʻla turib maʼsiyatning oldini olmasa, gunohkor sanaladi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Qay biringiz biror munkarni koʻrsa…” dedilar. Yaʼni undan boshqa hech kim shu maʼsiyatni koʻrmagan boʻlsa, vazifa uning oʻziga tegishli. Xabardor boʻlish va qodirlik ham koʻrish bilan barobar.

2. Qurbi yetib turib gunohdan qaytarmaslik oqibatlari

Munkar ishlarning oldi olinmasa, yer yuzida fasod va buzgʻunchilik avj olib, zulm tantana qiladi. Yaxshilar xor, yomonlar aziz boʻladi. Fazilat va ezgulik barham topib, jabr va razolat keng quloch yoyadi. Oqibatda hammaning ustiga Alloh taoloning gʻazabi tushadi! “Bani Isroil orasidan kofir boʻlganlar Dovud va Iso ibn Maryam tilida laʼnatlandi. Bunga ularning isyonlari va haddan oshganlari sabab boʻldi. Ular bir-birlarini qilayotgan noloyiq ishlaridan qaytarmas edilar. Bu qilmishlari naqadar yomon!” (Moida surasi, 78–79-oyatlar).

Bu mavzuni qisqa va goʻzal tarzda ochib beradigan quyidagi misolga eʼtibor bering. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Alloh belgilagan chegaralarda turuvchi banda bilan ularni buzuvchi kimsaning misoli kemaga boʻlinib joylashgan qavmga oʻxshaydi. Ularning baʼzilariga kemaning yuqori qismidan, baʼzilariga esa pastki qismidan joy tegdi. Pastdagilar suv ichmoqchi boʻlsalar, yuqoridagilarga murojaat qilishardi. Keyin ular shunday deyishdi:

– Oʻzimiz uchun shu yerdan bir teshik ochib olsak, yuqoridagilarni ham qiynab oʻtirmasdik.

Agar yuqoridagilar ularni oʻz bilganiga tashlab qoʻyishsa, hammalari halok boʻlishadi. Agar pastdagilarning qoʻlidan tutib qolishsa, oʻzlari ham, ular ham omon qolishadi” (Imom Buxoriy rivoyati, 2493).

Jamiyatda sodir etilgan har bir maʼsiyat shu jamiyat xavfsizligiga xatar soluvchi bir tirqishdir!

3. Kattaroq zarardan qoʻrqib nahiy munkarni tark qilish

Inson munkarning oldini olishga qodir boʻlsa ham, undan kattaroq yomonlik kelib chiqishidan qoʻrqsa, “Ikki zararning yengilrogʻi tanlanadi” degan fiqhiy qoidaga binoan undan vojib soqit boʻladi. Faqat nahiy munkar ortidan keladigan yomonlik kishi nazarida aniq boʻlishi shart. Arzimas gap-soʻzlar yoki turli vahima va vasvasalar vojibni tark qilishga sabab boʻla olmaydi. Mukallaf nazarida deyarli aniq boʻlgan katta zarargina shariy uzr oʻrniga oʻtadi.

4. Amri maʼruf va nahiy munkarga quloq solmaydigan kimsaga ham nasihat qilinaveradi

Musulmon kishi bir bandaning nasihatni qabul qilish-qilmasligidan qatʼi nazar, uni yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaraveradi. Olimlar aytadilarki, bu bilan mukallaf oʻz zimmasidagi vojibni ado etgan boʻladi. Chunki undan nasihatni qabul qildirish emas, faqat yetkazish talab etilgan. “Bas, Siz pand-nasihat qiling! Zotan, Siz faqat bir pand-nasihat qilguvchisiz, xolos” (Gʻoshiya surasi, 21-oyat). “Sizning zimmangizda faqat yetkazish bor, xolos” (Shoʻro surasi, 48-oyat). “Pand-nasihat qiling! Zero, pand-nasihat moʼminlarga naf yetkazadi” (Zoriyot surasi, 55-oyat).

Haddan oshgan bir qavm Alloh man etgan shanba kunida baliq ovlardi. Solih insonlar u zolim qavmning nasihatga quloq solmasligini bilsalar-da, ularga pand-nasihat qildilar. “Oʻshanda ulardan bir jamoat: “Nega Allohning Oʻzi halok etadigan yoki qattiq azoblaydigan qavmga pand-nasihat qilasizlar?” deganida, ular aytdilar: “Robbingiz huzurida (Qiyomat kunida) uzr aytish uchun va shoyad (ular) Allohdan qoʻrqsalar, deb (nasihat qilmoqdamiz)”” (Aʼrof surasi, 164-oyat).

Amri maʼruf va nahiy munkardan oʻzini chetga tortadigan ayrim kishilar “Oʻzingni qiynama, gapirganing bilan foydasi yoʻq!” deb boshqalarni ham vojib amaldan toʻsadilar. Ular quyidagi oyati karimani hujjat qilib keltirishadi: “Albatta, Siz oʻzingiz suygan kishilarni hidoyat qila olmaysiz” (Qasas surasi, 56-oyat).

Holbuki, bu oyat Abu Tolib haqida nozil boʻlgan! Rasululloh sollallohu alayhi va sallam amakilarini doimo Islomga daʼvat qilar, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarar edilar. Biroq Abu Tolib soʻnggi nafasigacha shirkdan qaytmadi. Himoyachisi va yordamchisi boʻlgan Abu Tolibdan ayrilib qolgan Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamga Alloh taolo tasalli berib, shu oyatni nozil qildi. Yaʼni: “Siz oʻzingiz xohlagan kishining qalbiga iymon va hidoyatni oʻrnata olmaysiz!” Alloh taolo Paygʻambarini amri maʼruf va nahiy munkardan qaytarmagan, aksincha, bunday degan: “Albatta, Siz toʻgʻri yoʻlga yetaklaysiz!” (Shoʻro surasi, 52-oyat); “Bas, Siz oʻzingizga buyurilgan ishni (haq daʼvatini) oshkora qiling!” (Hijr surasi, 94-oyat).

5. Rahbarlarga amri maʼruf va nahiy munkar qilish

Amri maʼruf va nahiy munkar butun ummat zimmasidagi vojibdir. Ummat rahbarlar va fuqarolardan tarkib topgan. Demak, har ikki tomon bir-birini yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarib turishi lozim. Rahbar xatoga yoʻl qoʻysa, ilm va imkoni bor kishilar unga odob bilan, xolis nasihat qiladilar, toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadilar. Bu ish qonun doirasida, hurmat va muloyimlik bilan, jamiyatda fitna va tartibsizlik chiqarmaydigan tarzda amalga oshiriladi.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifa boʻlganlarida rahbar uchun ham, raiyat uchun ham foydali boʻlgan quyidagi nasihatni aytgan edilar: “Sizlarga xalifa boʻldim. Holbuki, men orangizdagi eng yaxshi inson emasman. Ishni toʻgʻri olib borsam, menga koʻmak beringlar. Notoʻgʻri olib borsam, meni toʻgʻrilab qoʻyinglar. Men Allohga itoat qilar ekanman, sizlar ham menga itoat etinglar. Agar Allohga osiy boʻlsam, menga boʻysunmanglar!” (Ibn Hishom, “As-Siyratun nabaviya”).

Raiyat pand-nasihat qilishi, rahbarlar esa unga quloq osishi lozimligi haqida Umar roziyallohu anhu goʻzal namuna koʻrsatganlar. Bir kishi Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga qoʻpollik bilan: “Ey Umar, Allohdan qoʻrq!” dedi. Hukmdorga yaxshi koʻrinib, unga yaqinlashib olishni istagan bir kimsa bu qulay fursatdan foydalanmoqchi boʻlib dedi:

– Amirul moʼmininga yumshoqroq gapir!

Shunda Umar ibn Xattob roziyallohu anhu javob berdilar:

– Agar (nasihat) soʻzini aytmasangizlar, sizlarda yaxshilik yoʻq. Agar nasihatni qabul qilmasak, bizlarda yaxshilik yoʻq! (Abu Yusuf, “Kitobul xaroj”).

Alloh taolo musulmonlarni ana shunday noyob zotlar siyratiga ergashuvchilardan qilsin!

Asadulloh domla Xolmurodov
“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi

Tagged under: maqola

What you can read next

Абу Бакр Сиддиқ (р.а.) (11-13х.й. - 632-634 м.й)
Абу Бакр Сиддиқ (р.а.) (11-13х.й. – 632-634 м.й)
Фатво берадиган муфтий учун муҳим шартлар (3 қисм)
Фатво берадиган муфтий учун муҳим шартлар (3 қисм)
Навоийнинг саховати
Навоийнинг саховати

СЎНГИ МАҚОЛАЛАР

  • Mustaqillik — uluğ ne’mat

  • Kitoblar bilan muomala qiliş odoblari va ularni qölga kiritişga tarğib

  • ILM AMAL BILAN KAMOLGA YETADI

  • Ustoz va şogirdga umumiy bölgan odoblar

  • Kökaldoş madrasasida Xalqaro bağrikenglik kuniga bağışlangan “Zakovat” intellektual öyini taşkil etildi

ҚИДИРУВ ХИЗМАТИ

БЎЛИМЛАР

  • Bosh sahifa
  • Madrasa
  • Yangiliklar
  • Maqolalar
  • Taʼlim
  • Kurslar
  • Qabul
  • Boğlaniş

Тезкор ҳаволалар

  • Qabul tartibi
  • Kiriş imtihonlari 2027-2028
  • Ötiş ballari
  • Topşirganlar soni
  • Qurʼoni Karim va tajvid kursi
  • Tayyorlov kursi
  • 4 yillik öquv dasturi
  • Imtihon duolari

АЛОҚА

Тошкент 100208, Чилонзор тумани, Гулистон кўчаси, 37/1

+998 94 988 23 43

info@kukaldosh.uz

ХАРИТА

KökaldoşKökaldoş

Yandex xarita →Google xarita →

© 2018 - 2026. kukaldosh.uz | Ўзбекистон Мусулмонлари идораси "Кўкалдош" ўрта махсус ислом билим юрти.
Барча хуқуқлар химояланган. Сайтдан маълумот олинганда манба кўрсатилиши шарт.
АОКА интернет-ОАВ гувоҳномаси рақами: 1221

TOP