Аssalomu alaykum, hurmatli diniy taʼlim muassasalari rahbarlari, fidoyi mudarrislar hamda jonkuyar murabbiylar!
Аlloh taologa behisob shukrki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohang ravishda, diniy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, pedagog-oʻqituvchilarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, taʼlim-tarbiya samaradorligini oshirish va bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash yuzasidan yaxshi natijalarga erishildi.
Kelgusida ustoz va talabalarimiz uchun munosib shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, zamonavyy oʻquv binolari va darsliklar bilan taʼminlash hamda ilgʻor pedagogik texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish, muxtasar aytganda, yetuk kadrlar yetishtirish borasida istiqbolli rejalarimiz bor, albatta.
Manbalardan maʼlumki, insonning dunyo va oxirati obod boʻlishi ilm olishi va unga amal qilishi bilan bogʻliq. Qurʼoni karimning koʻp oyatlari va Paygʻambarimiz alayhissalomning qator hadislarida ushbu maʼnolar bayon etilgan. Bashariyat ilm bilangina Аllohni taniydi, haqiqiy saodatni qoʻlga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm esa ustozning saʼy-harakati, tinimsiz mehnati, gʻayrati va matonati bilan egallanadi. Fidoyi, zahmatkash ustozlar oʻz shogirdlariga bilim berish barobarida ularga eng goʻzal ezgu xislatlarni, mehr-oqibat va odamiylik tuygʻularini singdirib boradi.
Kelajak poydevori boʻlgan yoshlarimizga taʼlim-tarbiya berib kelayotgan ulugʼ insonlarni har vaqt eʼzozlashimiz lozim. Zero, kelajak avlodni barkamol va yetuk maʼrifatli boʻlib yetishishida ularning xizmati kattadir. Oʻzbekiston bugungi dunyo hamjamiyatida munosib oʻrnini egallab, taʼlim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda tenglar ichra teng ovoz bilan xalqaro maydonda oʻz mavqeiga ega boʻlishida ustoz va murabbiylarning oʻrni beqiyos. Shu munosabat bilan yurtimizda har yili 1 oktyabrь kuni “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” deb belgilanib, joriy “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim” yilida ushbu moʼtabar zotlarga alohida hurmat-izzat koʻrsatilmoqda.
Zero, ilm va uni talab qilishning fazilati naqadar ulugʼ boʻlsa, ilm oʻrgatish, yaʼni, ustozlik qilishning fazilati undanda buyukdir. Аlloh taolo ilm qadrini baland qildi va uning orqasidan ilm ato etilgan insonlarning ham qadrini yuksak qilib qoʻyganini Qurʼoni karimda bayon etganidan barchangizning xabaringiz bor.
Soʻzimning nihoyasida, diniy taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan barcha oʻqituvchi va murabbiylarni umumxalq bayrami sifatida nishonlanayotgan shodiyonalari bilan chin yurakdan tabriklayman, ularga sihat-salomatlik, uzoq umr, sharafli va mashaqqatli faoliyatlarida kattadan-katta muvaffaqiyatlar tilayman!
Ehtirom ila, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar






