Joriy yilning 27-may kuni Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh shahrida “Мuhammed-Umar-Oʻsh” jamoatchilik birlashmasi, Qirgʻiziston musulmonlari din boshqarmasi va Oʻsh shahar qoziyoti taniqli din olimi Chubak Hoji Jalilovning yorqin xotirasiga bagʻishlangan “Xalqaro azon musobaqasi” oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston hamda Qozogʻistondan muazzinlar qatnashishdi. Ushbu musobaqada Oʻzbekistondan Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani «Jizzaxlik» jome’ masjidi muazzini Hamzaxon Dadayev hamda “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasidan 4-kurs talabasi Hasanov Miraʼazam qatnashishdi. Musobaqa natijasiga koʻra Oʻzbekistonlik muazzin Hamzaxon Dadayev birinchi oʻringa munosib koʻrildi. “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasidan 4-kurs talabasi Hasanov Miraʼazam ham faol qatnashib, “Maqtov yorligʻi” hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.



Albatta, bu Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlarining tashabbusi bilan tashkil qilingan hamda Ustozimiz Shayx Alijon qori tarafidan olib borilgan “Azon darslari”ning amaliy natijasi.



“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi talabalari nufuzli Xalqaro musobaqalarda qatnashib kelmoqdalar, bunga misol qilib taʼlim muassasasi talabasi Ahmedov Abdulqodirni Quvayt davlati Vaqf va islomiy ishlar vazirligi tomonidan oʻtkazilgan “XI Qurʼoni karim qiroati” boʻyicha xalqaro Qurʼon musobaqasida ishtirokini keltirib (https://kukaldosh.uz/10/10/2022/9303) oʻtsa boʻladi.
“Koʻkaldosh” OʻMITM matbuot xizmati





