2025-yil 25-noyabr kuni “Nazarbek” talabalar turar joyida maʼnaviyat va maʼrifatga bagʻishlangan navbatdagi maʼrifiy davra suhbati oʻtkazildi. Tadbir “Rasulullohga munosib ummat boʻlaylik” mavzusiga bagʻishlanib, Koʻkaldosh oʻrta maxsus Islom bilim yurti ustozi Qobilxon domla Umarov tomonidan olib borildi.


Davra suhbati avvalida domla Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotlari, ul zotning insoniyatga qoldirgan beqiyos maʼnaviy merosi, axloqiy fazilatlari va ummat uchun bergan oʻlmas saboqlari haqida toʻxtalib oʻtdi. Ayniqsa, bugungi yoshlar uchun Rasulullohning adolat, halollik, mehr-oqibat, ilmga intilish kabi sifatlaridan oʻrnak olish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Ustoz oʻz maʼruzasida yoshlarning oʻz ustida tinimsiz ishlashi, ota-ona va ustozlarga hurmat koʻrsatishi, jamiyatda ezgulikni keng yoyishi, dinni toʻgʻri anglab, uni hayot tarziga aylantirishi hamda bir-birini qoʻllab-quvvatlab yashashi zarurligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Tadbirda tarbiyachi-pedagog Abdusattoriy Abdulloh, yotoqxona komendanti Gadayev Furqat hamda talabalar ishtirok etib, mavzu yuzasidan oʻz savollarini berdi. Suhbat jarayoni jonli muloqot ruhida oʻtdi, talabalar oʻzlarini qiziqtirgan diniy-maʼrifiy masalalar boʻyicha kerakli bilim va tavsiyalarni olishdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilarga ibratli hayot kechirish, yuksak axloqiy mezonlarga amal qilish, jamiyat taraqqiyoti uchun masʼuliyatli va faol boʻlish boʻyicha chaqiriqlar bildirildi. Tadbir yoshlarni maʼnaviy jihatdan boyitish, ularni ezgulik va odob-axloqqa undashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tarbiyachi-pedagog Abdusattoriy Abdulloh






