Bugun, 26-sentabr kuni «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurtida «Ustoz va murabbiylar kuni» hamda ikki nafar talabamizning Qurʼoni Karimdan ijoza olish munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Tadbirga sohada xizmat qiluvchi bir qator faxriy ustozlar va mehmonlar, ota-onalar tashrif buyurishdi.


Dastavval tadbirni ochib berish uchun soʻz bilim yurti mudiri Maʼmurjon Erkayevga berildi. Mudir domla ustozlar sharafi, ulamolar Paygʻambarlarning merosxoʻri ekanligini aytib, ustozlarning maqomlari yuksak ekanini taʼkidlab oʻtdilar.



Shundan keyin soʻz navbati Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari Zayniddin domla Eshonqulovga berildi. Domla «Koʻkaldosh» madrasasining darajasi yuqoriligi haqida gapirdilar. Madrasa ustozlarini muborakbod etib, barchaga muftiy hazratlarining salomlarini yetkazdilar.


Soʻng tashrif buyurgan aziz mehmonlardan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari, Toshkent Islom instituti rektori Mahammadolim Muhammadsiddiqov domla minbarga taklif qilindi. Domla ustoz va murabbiylar kuni haqida chiroyli nutq soʻzladilar.
Shundan keyin oʻzining fidoyiligi, mahorati, zakovati bilan koʻp yillardan beri xizmat qilib kelayotgan bir qator ustozlar, jumladan Xolmoʻminov Jaloliddin, Madaminov Shokirjon, Xolmurodov Asadulloh, va Boyxoʻrozov Xurshid domlalar maqtov yorligʻi va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlanishdi.


Tadbirning shu qismiga kelganda madrasa talabalari oʻzlarining turli tillarda tayyorlagan chiqishlarini taqdim qilishdi. Ular ustozlarni bir necha tillarda, xossatan ingliz, rus, qirgʻiz, tojik hamda arab tillarida tabriklashdi.
Keyin Paygʻambarimiz alayhissalom tugʻilgan oy Rabbiyul avval oyi boʻlgani uchun Imom Barzanjiyning mashhur baytlaridan biroz oʻqib, Nabiy alayhissalomga salavotlar aytildi.
Undan keyin Qurʼoni Karimdan ijoza olgan talabalar Umarov Akbarjon va Shuxratbekov Shukrullohlarni ijoza bilan taqdirlash marosimi oʻtkazildi.



Dastavval Shayx Alijon qori Qurʼoni Karimdan ijoza olishning sharafi va ahamiyati haqida, qorilarning Qurʼonni yetkazishdagi mehnatlari, fidoyiliklari haqida gapirdilar.
Talabalarga ijoza topshirishdan oldin ular Shayx Alijon qoriga Ixlos, Falaq va Naas suralarini tilovat qilib berishdi. Shayx hazratlari qiroatlardagi baʼzi farqlarni izohlagan boʻldilar. Tilovatdan soʻng faxriy ustoz Zohidjon qori taraflaridan ijoza olgan talabalar, ularning ustozlari va barcha yigʻilgan mehmonlar, ularning ota-onalari haqiga xayrli duolar qilindi. Talabalarimizga ijozalarni tantanali ravishda ustoz Zohidjon qori va Shayx Alijon qorilar topshirishdi.
Soʻng ustoz Zohidjon qori oʻz ustozlari Roʻzixon qori domla haqlarida, u kishining ilm yoʻlida chekkan zahmatlari toʻgʻrisida gapirib, talabalarga bu kunlarning qadriga yetish haqida nasihat qildilar.
Ijoza olgan talabarga esdalik sovgʻalarni muftiy oʻrinbosari Zayniddin domla Eshonqulov hamda muftiy oʻrinbosari, Toshkent Islom instituti rektori Muhammadolim Muhammadsiddiqov domlalar topshirishdi.
Tadbir soʻngida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari Zayniddin domla Eshonqulov umumiy duo qilib berdilar.
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti matbuot xizmati






