Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti taʼlim sifatini taʼminlash bosh sektori bosh mutaxassisi S.Saidakramovning «Yangi Oʻzbekistonda diniy taʼlim sifati va ilmiy salohiyatni yuksaltirish islohotlari» nomli maqolasi ommaviy nashrlarda eʼlon qilindi.
Maqolada muallif bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda jamiyat hayotining barcha jabhalarida kechayotgan yangilanishlar diniy-maʼrifiy sohani ham qamrab olib, tub va tarixiy ahamiyatga molik oʻzgarishlar davrini boshlab berganini taʼkidlaydi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida milliy oʻzligimizni anglash, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, asl islomiy qadriyatlar va bagʻrikenglik gʻoyalarini keng qaror toptirish ustuvor davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani alohida qayd etiladi.
Muallif «Jaholatga qarshi — maʼrifat» tamoyili asosida olib borilayotgan saʼy-harakatlar diniy taʼlim tizimini mutlaqo yangi sifat bosqichiga olib chiqqanini, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, hadis va kalom ilmi maktablari tashkil etilishi bu sohaga yangi nafas olib kirganini yozadi.
Shuningdek, maqolada muallifning shaxsiy tajribasi ham keltirilgan: u 2016–2020-yillarda «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurtida, 2020–2024-yillarda Buxoroi sharifdagi Mir Arab oliy madrasasida tahsil olib, taʼlimning keyingi bosqichini Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida (2024–2026-yillar) davom ettirgan.
Bugungi kunda taʼlim sifatini oshirishning muhim omili sifatida pedagog kadrlar salohiyatini yuksaltirish, oʻquv rejalarining davlat standartlariga mosligini tizimli monitoring qilish va yoshlarning ilmiy-tadqiqot ishlarini ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlanadi. Natijada talaba-yoshlar Qurʼoni karim, hadis, fiqh, aqida va arab tili boʻyicha fundamental bilimlarni egallash bilan birga, turli yot va buzgʻunchi oqimlarning daʼvolariga ilmiy raddiya bera oladigan maʼrifiy immunitetga ega mutaxassislar boʻlib yetishmoqda.
Bilim yurti xodimining faoliyatida yuksak yutuqlar tilaymiz.
✒️ «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti matbuot xizmati




