Musulmonlar oʻzaro haq-huquqlarini ado etishlari va goʻzal muomala qilishlari — dinning ustunlaridan biri hisoblanadi. Zero, dinning mohiyati Alloh taolo tomon safar qilishdir. Safarning asoslaridan esa — yoʻl manzillarida hamrohlar bilan goʻzal muomala qilishdir. Barcha yaralmish aslida musofirdir: umr ularni xuddi kema yoʻlovchilarini manziliga olib borgani kabi oʻz manzillariga eltadi.
Bilgingki, inson bu dunyoda uch holatdan birida boʻladi:
1. Yolgʻiz holatda oʻzi bilan oʻzi qolsa
2. Oʻziga yaqin boʻlganlar — oila, farzand, qarindosh va qoʻshnilar bilan birga boʻlsa
3. Umumiy xalq bilan aralashib yuradi
Demak, insonning uch holati mavjud. Har bir holatda esa u goʻzal muomala qilishga va haqlarni ado etishga majburdir.
Birinchi holat: yolgʻizlik
Inson yolgʻiz qolganida shuni bilsin: u oʻzi ham aslida bir olamdir. Uning botinida turli tabiat va axloqqa ega boʻlgan xilma-xil maxluqotlar mujassamdir. Agar u ular bilan yaxshi muomala qilmasa va ularning haqlarini ado etmasa — halok boʻladi.
Botiniy (ichki) lashkarlarining turlari juda koʻpdir:
“Parvardigoringning lashkarlarini faqat Uning Oʻzigina bilur…”
Bu mavzuning ayrim jihatlari “Ihyo ulum ad-din” kitobining “Qalb ajoyibotlari” bobida batafsil bayon qilingan.
Endi botiniy lashkarlarining amirlari va boshliqlarini zikr qilamiz. Insonda uch asosiy kuch mavjud:
— shahvat — u orqali foydali narsalarni jalb qiladi;
— gʻazab — u orqali zararli narsalarni daf etadi;
— aql — u orqali ishlarni boshqaradi va ichki olamini tartibga soladi.
Sen gʻazabing jihatidan — quturgan, (uchragan odamni) tishlaydigan it kabi boʻlib qolasan;
shahvating jihatidan — hayvon, masalan ot kabisan;
aqling jihatidan esa — podshoxsan.
Sen ularning oʻrtasida adolat qilishga, haqlarini ado etishga va ular yordamida abadiy saodatga erishishga buyurilgansan.
Agar sen “otni” jilovlasang, “itni” tarbiya qilsang va ularning ikkovini ham podshox — yaʼni aqlga boʻysundirsang, maqsadingga erishish osonlashadi.
Ammo agar aqlni gʻazabning qaysarligi va shahvatning ochkoʻzligiga xizmat qildirsang — bu seni halokat yoqasiga olib boradi. Natijada inson agʻdar-toʻntar boʻlib, fojir va zolimga aylanadi. Chunki zulm — narsani oʻz oʻrnidan boshqa joyga qoʻyishdir, deyiladi.
Agar bir kimsaga podshox, it va toʻngʻiz boʻysundirib qoʻyilganini, ammo u podshoxni it va toʻngʻizga sajda qilishga majbur qilayotganini koʻrsang — uni zolim va laʼnatga loyiq deb bilmaysanmi?!
Agar senga uyqu paytida yoki nafsing fano maqomida boʻlganida oʻz holating ochib koʻrsatilsa, albatta koʻrardingki: kim shahvati va gʻazabiga itoat qilgan boʻlsa, goʻyo it yoki toʻngʻizga sajda qilgan boʻladi. Chunki itni it qilgan narsa uning surati emas, balki maʼnosidir.
Xuddi shuningdek, oʻlimdan keyin ham inson oʻzini shu tarzda koʻradi. Zero, oxirat olamida maʼnolar suratlarni ergashtiradi, suratlar maʼnolarni emas. Har bir narsa oʻz maʼnosiga muvofiq suratda namoyon boʻladi:
Mutakabbirlar zarra (mayda hasharot) suratida tiriltiriladi va odamlar ularni bosib oʻtadi, tavozuli kishilar esa izzatga erishadilar.
Ammo bu dunyo — aldov olamidir. Baʼzan toʻngʻiz yoki itning maʼnosi inson suratiga joylashadi. Shunday ekan, bundan aldanib qolma. Chunki bu haqiqatlar “sirrlar oshkor boʻladigan kun”da yuzaga chiqadi.
Shunday ekan, sen uch hamrohing bilan — shahvat, gʻazab va aql bilan — toʻgʻri muomala qil:
- shahvatning hirsini gʻazab quvvati bilan sindir,
- gʻazabning shiddatini esa shahvat jilovi bilan tiyib tur.
Ularning birini boshqasiga qarshi qoʻyib tarbiya qil. Bu usul nihoyatda samaralidir. Natijada ular aql va shariatga boʻysunadi. Shunda aql ularni oʻz oʻrnida ishlatadi — xuddi ovchi zarurat paytida ot va itdan foydalanib, ehtiyoj qolmagach ularni oʻz holiga qoʻyganidek.
Bu riyozat va muomala tafsilotlari “Ihyo ulum ad-din” kitobining “Nafsni riyozati” bobida batafsil bayon qilingan.
Imom Gʻazzoliy rohmatullohning «Din negizidagi qirqtalik» kitobidan KOʻKALDOSH OʻMIBY MUDARRISI ALIAKBAR ABDULLAYEV tarjimasi




