“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtida xodimlarning kasbiy, xizmat va xizmatdan tashqari faoliyatiga oid Qoidalar yuzasidan tanishtirish yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari A.Gʻaniyev, oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari N.Jalolov, xoʻjalik boʻlimi boshligʻi J.Hamidov, xodimlar boʻlimi inspektori Sh.Neʼmatova hamda bilim yurti xodimlari ishtirok etdi.




Qoidalar Qurʼoni karim oyatlari, hadisi shariflar, Imom Aʼzam mazhabi va Imom Moturidiy taʼlimoti, shuningdek, milliy qadriyatlarimiz asosida ishlab chiqilgan. Yigʻilishda uning asosiy yoʻnalishlari atroflicha tushuntirildi:
Kasbiy tamoyillar — qonuniylik, Vatanga sadoqat, halollik, xolislik, xizmat sirini saqlash va manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik;
Xizmat intizomi — topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish, ish vaqtidan samarali foydalanish, bilim yurti mulkiga tejamkorlik bilan munosabatda boʻlish;
Rahbarlar masʼuliyati — xodimlarga oʻrnak boʻlish, jamoada sogʻlom muhit yaratish, guruhbozlik va tanish-bilishchilikka yoʻl qoʻymaslik;
Xizmatdan tashqari xulq — milliy urf-odatlarga hurmat, jamoat joylarida oʻzini munosib tutish, kamtarona kiyinish;
Axborot madaniyati — ijtimoiy tarmoqlarda odob saqlash, tuhmat va igʻvo tarqatmaslik, rasmiy bayonotlar faqat vakolatli shaxs tomonidan berilishi;
Tashqi koʻrinish — xizmat davomida belgilangan kiyinish madaniyatiga rioya etish.
Taʼkidlanganidek, Qoidalarga amal qilish xodim faoliyatini baholashning asosiy mezonlaridan biri boʻlib, yuqori lavozimlarga tayinlash va rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi. Ularni buzish esa intizomiy javobgarlikka asos boʻladi.
Yigʻilish soʻngida xodimlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi
Matbuot xizmati






