Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qirq yoshga yetgan davrlarida Makkadagi shirk, butparastlik va jaholatdan uzoqlashib, Hiro gʻorida yolgʻiz qolgan holda ibodat va tafakkur bilan mashgʻul boʻlar edilar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga vahiy kelishidan oldin tush koʻrish boshlandi. U zot qanday tush koʻrsalar, oʻsha tush tong yorugʻidek roʻyobga chiqardi. Keyin u zotga yolgʻizlik sevimli qilindi. U zot Hiro gʻorida yolgʻiz qolib, bir necha kecha ibodat qilar, soʻng oilalari oldiga qaytib, yana oziq-ovqat olib ketar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati, 3; Imom Muslim rivoyati, 160).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shu tarzda bir necha muddat davomida Hiro gʻorida ibodat qildilar.
Nihoyat, Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni butun insoniyatga paygʻambar qilib tanlagan vaqt keldi.
U zot Hiro gʻorida ekanliklarida Jabroil alayhissalom oldilariga kelib:
– Oʻqing! – dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
– Men oʻqishni bilmayman, – dedilar.
Shunda Jabroil alayhissalom u zotni quchoqlab siqdilar, soʻng yana:
– Oʻqing! – dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yana:
– Men oʻqishni bilmayman, – dedilar.
Bu holat uch marta takrorlanganidan soʻng Jabroil alayhissalom Alloh taoloning quyidagi oyatlarini tilovat qildilar:
اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَ ﴿١﴾ خَلَقَ الْإِنسَانَ مِنْ عَلَقٍ ﴿٢﴾ اقْرَأْ وَرَبُّكَ الْأَكْرَمُ ﴿٣﴾ الَّذِي عَلَّمَ بِالْقَلَمِ ﴿٤﴾ عَلَّمَ الْإِنسَانَ مَا لَمْ يَعْلَمْ ﴿٥﴾
Maʼnolar tarjimasi: “Yaratgan Robbing nomi bilan oʻqi! U insonni alaqdan (laxta qondan) yaratdi. Oʻqi! Robbing karamlilarning karamlisidir. U qalam bilan (yozishni) oʻrgatgandir. U insonga bilmagan narsasini oʻrgatdi” (Alaq surasi, 1-5-oyatlar).
Shu tariqa Qurʼoni Karimning ilk oyatlari nozil boʻldi. Bu insoniyat tarixidagi eng buyuk voqealardan biri edi.
Shundan soʻng Rasululloh sollallohu alayhi va sallam farishta bilan ilk uchrashuv paydo qilgan qoʻrquv sabab yuraklari vahimaga tushib, oʻsha oyatlar bilan uylariga qaytdilar. Xadicha roziyallohu anhoning oldilariga kirib, titroq bosgani uchun:
زَمِّلُونِي زَمِّلُونِي
– Meni oʻrab qoʻyinglar, meni oʻrab qoʻyinglar! – dedilar. U zotni oʻrab qoʻyishdi.
Qoʻrquvlari ketgach, Xadicha onamizga boʻlgan voqeani aytib berdilar va: “Men oʻzimdan qoʻrqib ketdim”, – dedilar.
Xadicha onamiz u zotga tasalli berib: “Yoʻq, aslo! Allohga qasamki, Alloh sizni hech qachon yomon ahvolga qoldirmaydi. Chunki siz qarindoshlik rishtalarini bogʻlaysiz, ojizlarga infoq-ehson qilasiz, yoʻqsilga kasb topib berasiz, mehmonni ikrom qilasiz va mazlumga yordam berasiz”, – dedilar.
Soʻng Xadicha roziyallohu anho u zotni amakivachchalari Varaqa ibn Navfalning huzuriga olib bordilar. Varaqa nasroniylikni oʻrgangan, oldingi ilohiy kitoblardan xabardor kishi edi.
Xadicha roziyallohu anho unga: “Ey amakivachcham, jiyaningizning gaplarini eshiting”, – dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam boʻlib oʻtgan voqeani aytib berdilar.
Varaqa ibn Navfal u zotni tinglab: “Bu Muso alayhissalomga kelgan Nomusdir”, – dedi. Yaʼni u kelgan farishta ilohiy vahiy keltiruvchi farishta – Jabroil alayhissalom ekanini anglagan edi.
Soʻng Varaqa: “Qaniydi, qavmingiz sizni oʻz shahringizdan quvib chiqaradigan paytda men yosh boʻlsam edi”, – dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hayron boʻlib:
أَوَمُخْرِجِيَّ هُمْ
– Ular meni quvib chiqaradilarmi? – dedilar.
Varaqa: “Ha. Siz olib kelgan narsani olib kelgan biror kishi yoʻqki, unga dushmanlik qilinmagan boʻlsa”, – dedi.
Bu voqea Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilarida juda ogʻir sinovlar turganini koʻrsatdi.
(Davomi bor…)
“Nurul Yaqin” kitobi asosdida tayyorlandi
“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi mudarrisi Roʻziqulov Ikrom




