Hikoyalarda aks etgan “qirq hadis”.
Farzandlarimiz uchun…
27-hadis
Mahmud amaki va xotini dalada ishlayotgan edilar. Ularning kichik oʻgʻillari suv boʻyidagi daraxt tagida uxlar, uning yonida Qorabosh laqabli itlari yotgan edi.
Mahmud aka ayoli bilan dam olish uchun daraxtning yoniga kelganlarida dahshatli manzaraning ustidan chiqdilar. Ularning oʻgʻli yoʻrgagida yuztuban holatda harakatsiz yotar, yonida esa Qorabosh qonga belanib, achinarli holatda turardi.
Mahmud amaki aqldan ozar holga keldi. Bolani Qorabosh gʻajib tashlagan degan qarorga kelib, qoʻlidagi oʻrogʻi bilan itning boshiga urdi. It jonsiz holatda yerga choʻzilib tushdi.
Keyin qarashsa, oʻgʻillari soppa-sogʻlom ekan. Shirin uyquda uxlab yotgan ekan. Bu holatdan ular yanada esankirab qolishdi. Biroz nariroqda oʻlib yotgan katta ilonni koʻrishgach, Qorabosh ilon bilan jangda jarohatlangan va hayotini xavfga qoʻyib ularning oʻgʻlini qutqarib qolganini tushunib yetdilar va ikkovlari ham chuqur qaygʻuga botishdi.
Afsus! Qaniydi, Mahmud amaki bunday holatda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadislariga muvofiq yoʻl tutganida edi, hozir ularning xursandchiligi mukammal boʻlgan boʻlar edi:
“Ehtiyotkorlik bilan, oʻylab ish koʻrish Allohdan, sabrsizlik bilan ish koʻrish Shaytondan”
Oxunjon AHMEDOV tarjimasi
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi





