«Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurtida “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida ijarada istiqomat qilayotgan talabalarni qoʻllab-quvvatlash tizimi izchil ravishda yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlash va moddiy jihatdan koʻmak berish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. Mazkur tizim doirasida ijarada yashayotgan talabalar holati muntazam oʻrganilib, ularga amaliy yordam koʻrsatib boriladi.
Shu asosda muborak Ramazon oyi munosabati bilan ijarada istiqomat qilayotgan talabalar uchun oziq-ovqat mahsulotlari tarqatish tadbiri tashkil etildi. Mazkur xayriya tashabbusi talabalarning ijtimoiy holatini qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, homiylar jalb qilingan holda ularning kundalik ehtiyojlarini qondirish maqsadida amalga oshirildi.



Tadbir doirasida ijarada turuvchi, moddiy koʻmakka muhtoj talabalar roʻyxati shakllantirilib, ularga zarur oziq-ovqat mahsulotlari — un, yogʻ, novvot, shakar, choy, tuxum, makaron, dukkakli mahsulotlar hamda kundalik ehtiyoj uchun zarur boʻlgan boshqa oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi. Jarayonga saxovatpesha homiylar faol jalb qilinib, ular tomonidan ajratilgan mablagʻ va mahsulotlar asosida yordam koʻlami yanada kengaytirildi.


Tashkil etilgan ushbu xayriya aksiyasi talabalarning tahsil jarayoniga eʼtiborini yanada oshirish, ularni moddiy qiyinchiliklardan chalgʻitmaslik hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu kabi tashabbuslar yoshlar orasida mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik tuygʻularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bilim yurti rahbariyati homiylarning haqqiga duoi xayrlar qilib, kelgusida ham talabalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ezgu ishlar davom ettirilishini taʼkidladi.
©️ A. Gʻaniyev
«Koʻkaldosh» OʻMIBY maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha mudir oʻrinbosari





