


Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2026-yil 18-sentabrdagi 05-03/3039-sonli xati ijrosini taʼminlash maqsadida, «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasining bitiruvchi kurs talabalari «dual taʼlim» (4+2) tizimi asosidagi malakaviy amaliyotni tizimli ravishda davom ettirmoqdalar.
Ayni paytda bitiruvchi kurs talabalari oʻzlari biriktirilgan hududlarda faoliyat yuritayotgan koʻp yillik tajribaga ega, namuna boʻla oladigan imom-xatiblarga tinglovchi-kuzatuvchi sifatida biriktirilgan. Boʻlajak diniy soha xodimlari ustozlarining kundalik faoliyatini yaqindan oʻrganish barobarida, diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarning joylardagi ijrosi bilan bevosita tanishmoqdalar.
Amaliyot jarayonida quyidagi ustuvor vazifalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda:
– Mahallabay ishlash: ustoz imom-xatiblar hamrohligida mahallalardagi maʼnaviy-ijtimoiy muhitni oʻrganish va aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasidagi targʻibot tadbirlarida ishtirok etish;
– Muloqot madaniyati: maʼrifiy suhbatlarga tayyorgarlik koʻrish jarayonini kuzatish hamda xalq bilan samimiy muloqot oʻrnatish koʻnikmasini shakllantirish;
– Maʼnaviy profilaktika: adashgan toifalar bilan ishlashda «jaholatga qarshi maʼrifat» tamoyili asosida yondashish tajribasini oʻzlashtirish;
– Tahlil va hisobdorlik: olingan tajriba, kuzatuv va tahliliy xulosalarni maxsus amaliyot daftarchasida muntazam qayd etib borish.Taʼlim muassasasi rahbariyati hamda masʼul murabbiylar tomonidan talabalarning amaliyot joylaridagi ishtiroki, intizomi va kundalik faoliyati doimiy monitoring qilib borilmoqda.
Mazkur «dual taʼlim» tizimi boʻlajak imom-xatiblarni bugungi zamon talablariga javob beradigan, jamiyatdagi ijtimoiy-maʼnaviy jarayonlarni teran tahlil qila oladigan hamda Vatan va xalq manfaatiga sadoqat bilan xizmat qiladigan yetuk kadrlar boʻlib yetishishida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.
Alloh taolo boʻlajak diniy soha xodimlarining ilmlarini ziyoda, yurtimiz tinchligi va xalqimiz maʼnaviy yuksalishi yoʻlidagi qadamlarini xayrli va barakali qilsin!
✍ Abdulvose domla Gʻaniyev
Taʼlim muassasasi maʼnaviy-maʼrifiy ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari






