Xadicha roziyallohu anho Makkadagi boy, obroʻli va fazilatli ayollardan biri edilar. U kishi tijorat bilan shugʻullanar, oʻz mollarini savdogarlarga muzoraba asosida berib, ular orqali savdo qilar edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam esa rostgoʻyliklari, omonatdorliklari va husni xulqlari bilan Quraysh orasida tanilgan edilar.
Shu sababli Xadicha roziyallohu anho oʻz tijorat mollarini Shomga olib borib savdo qilishni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga taklif qildilar.
U zot bu taklifni qabul qildilar va Xadicha roziyallohu anhoning mollarini Shom diyoriga olib borib savdo qildilar. Bu safarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga Xadicha roziyallohu anhoning xizmatkori Maysara hamroh boʻldi.
Tijorat safaridan qaytgach, Xadicha roziyallohu anho u zotning halolliklari va savdodagi barakalaridan behad xursand boʻldilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Shom safaridan qaytganlaridan soʻng, Xadicha roziyallohu anho oʻz mollari va savdosida avval koʻrilmagan barakaning guvohi boʻldilar. Qolaversa, xizmatkori Maysaradan u zotning ajib sadoqatlari, oʻtkir fikrlari, rost soʻzlashlari va halol ishlashlari haqida eshitdilar. Shunda oʻzlari orzu qilgan insonni uchratganlariga amin boʻldilar.
Quraysh sayyidlaridan koʻplari Xadicha roziyallohu anhoga uylanishga orzumand edilar, biroq u kishi hech biriga rozilik bermagan edilar.
Xadicha roziyallohu anho koʻnglidagi gapni dugonalari Nafisa binti Munabbihga aytdilar. Nafisa esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib, Xadicha roziyallohu anhoga uylanishlari haqida soʻz ochdi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam rozilik berdilar va bu xususda amakilari Abu Tolib bilan maslahatlashdilar. Amakilari Xadicha roziyallohu anhoning amakilari Amr ibn Asad huzuriga sovchi boʻlib bordilar. Shu tariqa nikoh boʻldi.
Bu ish Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Shom safaridan ikki oy oʻtgach amalga oshdi. U zot Xadicha roziyallohu anhoga mahr sifatida yigirmata yosh urgʻochi tuya berdilar. Oʻshanda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak yoshlari yigirma beshda, Xadicha roziyallohu anhoning yoshlari qirqda edi.
Xadicha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uylangan ilk ayol boʻldilar. U kishi hayot ekanliklarida u zot boshqa ayolga uylanmadilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Ibrohimdan boshqa barcha farzandlari Xadicha roziyallohu anhodan tugʻilgan.
Ar Rohiqul Maxtum kitobi asosida yozildi
✒️“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi mudarrisi Roʻziqulov Ikrom






