Bugun, 20 iyundan Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurtida 2023-2024 oʻquv yili uchun qabul boshlandi.
Abiturientlardan hujjatlarni qabul qilish Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurtining “Qabul hayʼati” tomonidan offlayn shaklda tasdiqlangan qabul Nizomlari asosida amalga oshiriladi.
Tuzilgan hayʼat “Qabul-2023” uchun tayyorgarlik ishlarini yakunlab, abituriyentlarni qabul qilish uchun barcha shart-sharoitlarni hozirladilar.
Koʻkaldosh madrasasi binosiga kiraverishidagi eʼlonlar doskasiga qabul nizomi, hujjatlari, vaqtlari va abituriyentlar uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar joylashtirildi.



Shuningdek, qabul uchun jihozlangan salqin xonada abituriyentlar bilan suhbat oʻtkazish uchun barcha sharoitlar yaratildi va arizalarni toʻgʻri toʻldirish uchun alohida salqin joy ajratildi hamda ariza namunalari yozish stoliga joylandi, qabulxonaga barcha kerakli jihozlar oʻrnatildi, masʼul va texnik kotiblar, qabul boʻyicha maslahatchi va hamshira uchun alohida joylar ajratildi.


Bugun boshlangan “Qabul-2023” jarayoni bilan yaqindan tanishish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita masʼul xodimi Nusratullo Nodirov hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Taʼlim va ilmiy tadqiqodlar boʻlimi xodimi Abdunosir Bobamirzayev tashrif buyurishdi. Mehmonlarni bilim yurti mudiri, “Qabul hayʼati” raisi Abdulhakim qori Matqulov kutib oldi. Ular qabul jarayoni ochilishida ishtirok etdilar. Qabul jarayoni Qurʼoni karim tilovati va uni ketidan qilingan duoyi-xayrlar bilan boshlandi. Tashrif buyurgan mehmonlar abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish uchun yaratilgan barcha sharoitlarni koʻzdan kechirib, abituriyentlar bilan oʻtkazilayotgan suhbat hamda hujjatlarni qabul qilish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar. Tashrif yakunida tashrif buyurgan mehmonlar qabul jarayoni borasida kerakli tavsiyalarni berdilar.
«Koʻkaldosh» OʻMIBY Matbuot xizmati






