Asosiy qism
Muhaddislar mavzu hadislarni ishonchlilaridan ajratib olish uslublarini ishlab chiqqanlar. Ular tomonidan mavzu rivoyatlarni sahih, hasan va hatto zaif hadislardan ajratib olishning muayyan qoidalari joriy qilingan. Bunday qoidalar koʻp boʻlsa-da, biroq ularning sakkiztasi mashhur hisoblanib, ular hadisning yolgʻonligini aniqlash uchun yetarli deb topilgan. Ular quyidagilardan iborat:
1. Soxta hadisni toʻqigan odam uning yolgʻonligiga oʻzi iqror boʻlishi orqali. Masalan, Abu Ismat Nuh ibn Abi Maryamning oʻzi iqror boʻlgan holda: “Odamlar Qurʼondan uzoqlashib, Abu Hanifaning fiqhi, Ibn Ishoqning qissalari bilan mashgʻul boʻlib qolganlari uchun ularni qiziqtirish maqsadida sahobiy Abdulloh ibn Abbos nomidan Qurʼon suralarining fazilatlari haqida hadis toʻqidim” deganini zikr qilgan.
2. Rivoyat qilingan matnning lafzi va maʼnosida zaiflik sezilishi orqali. Muhaddislar aksar oʻrinlarda hadis maʼnosidagi gʻarizlik va sayozlikka eʼtibor qaratadilar. Chunki bu soxta hadisni aniqlash uchun dalil hisoblanadi. Shuningdek, Paygʻambarning sunna va siyratlarini yaxshi bilgan muhaddislar hadisning soxta yoki soxta emasligini qalban anglab yeta olganlar.
3. Rivoyat qilingan hadis maʼnosi aqlga, tajribaga, umumiy qoidalarga yoki mulohazaga zid boʻlib, uni sharhlash imkonining yoʻqligi. Masalan, Abdurahmon ibn Zayd ibn Aslam: “Nuh kemasi Kaʼbani yetti marta tavof qilgan va maqomi Ibrohimda ikki rakat namoz oʻqigan”, degan hadisni aytgan.
4. Rivoyatning Qurʼon va sunnada kelgan aqidaga xilof boʻlishi.Sahih manbalarda Paygʻambar alayhissalom “Men paygʻambarlarning oxiriman,mendan soʻng paygʻambar kelmaydi’’ deb aytganlar, ammo bu hadisni matni oʻzgartirilib ‘‘Mendan soʻng paygʻambar kelmaydi. Illo, Alloh xohlasa”, deb hadisni soxtalashtirgan bu Qurʼon va sunnada kelgan aqidaga xilof hisoblanadi.
5. Rivoyatning Paygʻambar yashagan yoki undan keyingi davrlarda sodir boʻlgan tarixiy voqealarga zid boʻlishi. Masalan, Saʼd ibn Muozning guvohligida “Haybar ahliga jizya soligʻi joriy qilinishi”ga oid hadisda aytilishicha, Muoviya ibn Abu Sufyonning xatiga binoan Haybar yahudiylariga jizya soligʻi joriy etilib, majburiy ishdan ozod qilingan. Biroq tarixiy maʼlumotlarga koʻra, Haybar yili jizya hali maʼlum boʻlmagan va unga buyurilmagan. Jizya haqidagi oyat keyinroq, Tabuk voqeasidan soʻng nozil qilingan. Saʼd ibn Muoz esa Tabukdan oldin, Handaq gʻazotida vafot etgan. Bu vaqtda Muoviya hali islomni qabul qilmagan boʻlgan. Shuningdek, roviy shayx bilan uchrashmagan, u bilan bir davrda yashamagan yoki roviy tugʻilishidan oldin u vafot etgan boʻladi yoki roviy hadisni shayxdan eshitganini daʼvo qilayotgan hududda boʻlmagan boʻladi. Masalan, roviy hadisni
Kufada eshitdim, deydi. Biroq u joyga hadisni aytgan shayx bormagan boʻladi. Maʼmun ibn Ahmad Haraviy Hishom ibn Ammordan hijriy 250-yilda Shomda hadis eshitganini aytgan. Tarixiy maʼlumotlar koʻrsatishicha, Maʼmun hijriy 250-yilda Shomda boʻlgan. Biroq Hishom hijriy 245-yilda vafot etgan.
6. Rivoyat qilinayotgan hadis koʻpchilik xabardor boʻladigan darajada olamshumul voqea haqida boʻlsa-da, uni bir kishi yoki muayyan guruh rivoyat qilgan boʻladi. Masalan, Paygʻambar vidolashuv hajidan qaytayotganlarida Ali ibn Abi Tolibning qoʻllarini ushlab, barcha sahobiylar oldida: “Bu farzandim va birodarimdir. Mendan soʻng xalifa boʻladi. Unga quloq tutib, itoat qilinglar”, deb aytganligi daʼvo qilinadi. Biroq bu voqeani sahobiylardan hech qaysi biri rivoyat qilmagan.
7. Hadisda arzimas kichik gunoh uchun qattiq azob yoki oddiy ishga ulkan ajr vaʼda qilingan boʻlishi. Kichik mustahab amal uchun jannatda abadiy qolish, sanoqsiz hurlar bilan mukofotlanish hamda ushbu amalni tark qilganlik yoki makruh ishni qilganlik uchun doʻzaxda abadiy qolish aytilgan hadis va rivoyatlar shular jumlasidandir. Masalan, “Kim “Zuho” namozini falon rakat oʻqisa, unga yetmish paygʻambarning savobi beriladi” yoki “Qorni ochga berilgan bir luqma taom mingta jomi’ masjid qurgandan afzal” kabi hadislarni bunga misol qilib keltirish mumkin.
8. Hadisni ishonchli rivoyatlarni naql qilish salohiyatiga ega boʻlmagan, yolgʻonchilikda mashhur boʻlgan, oʻz nafsiga ergashgan inson rivoyat qilishi. Masalan, Sayf ibn Umar Tamimiy shunday rivoyat qiladi: “Said ibn Torif oldida oʻtirgan edim. Shunda uning farzandi maktabdan yigʻlab keldi. Otasi undan: “Senga nima boʻldi?” – deb soʻradi. Farzandi: “Ustozim urdi”, – deb javob berdi. Shunda Said: “Bugun ularni xafa qilaman”, – dedi-da, menga Ikrima ibn Abbosdan quyidagi marfu’ hadisni rivoyat qildi: “Farzandlaringizning ustozlari sizlarning yomonlaringizdir. Ular yetimlarga juda kam rahm qiladilar va kambagʻallarga qoʻpol munosabatda boʻladilar”.
Soxta rivoyatlar (mavzu hadislar) Islom tarixida turli davrlarda yuzaga kelgan boʻlib, ularning paydo boʻlishida bir nechta ichki va tashqi omillar muhim rol oʻynagan. Hamda soxta hadislar faqat roviylarning qasddan yolgʻonchilik qilishi bilan emas, balki ularni yuzaga keltirgan kengroq boshqa sabablar ham bor.Toʻqima hadislarning yuzaga kelishining asosiy sabablardan biri siyosiy maqsadlar sababli boʻlgan. Siyosiy omillar toʻqima hadislarning paydo boʻlishida muhim rol oʻynaydi. Islomning dastlabki asrlarida siyosiy ixtiloflar va xalifalik taxti uchun kurashlar avjida boʻlgan. Shu davrda ayrim guruhlar oʻz siyosiy maqsadlarini amalga oshirish, tarafdorlarni koʻpaytirish yoki qarshi tarafni zaiflashtirish maqsadida hadis toʻqish bilan shugʻullangan.
Islomning turli fiqhiy va aqidaviy maktablari rivojlanishi davrida, ularning tarafdorlarini koʻpaytirish maqsadida baʼzi hadislar toʻqib chiqarilgan.Ijtimoiy sabablar ham soxta hadislarni yuzaga kelishiga sabab boʻlgan Oʻsha davr aholisi orasida ilmiy savodxonlik pastligi, rivoyatlarni tekshirishning yetarli emasligi, ularning ishonch bilan qabul qilinishi toʻqima hadislarning keng tarqalishiga olib kelgan. Shuningdek, xalq orasida maʼnaviy maqsadlarda toʻqilgan rivoyatlar, axloqiy taʼlim berish niyatida ham hadislarni toʻqishgan. Rivoyatchilar orasidagi raqobat, siyosiy targʻibot, qaramlik va manfaat omillari
Rivoyatchilar orasidagi raqobat ham toʻqima hadislarning yuzaga kelishida yana bir muhim sabab hisoblanadi. Baʼzi rivoyatchilar oʻz ilmiy martabasini oshirish uchun ham hadis toʻqigan yoki mavjud rivoyatlarni oʻzgartirib qoʻygan. Shuningdek, rivoyatchilar baʼzan oʻz shaxsiy manfaatlarini koʻzlagan. Xalq orasida mashhur boʻlish yoki moddiy foyda koʻrish maqsadida rivoyatlar toʻqilgan. Bu jarayon asosan isnod tahlili yetarlicha rivojlanmagan yoki jamiyat tomonidan qatʼiy nazorat qilinmagan davrlarda koʻproq kuzatilgan. Soxta rivoyatlar baʼzan ibodat, sadaqa, ziyorat bilan bogʻliq hadislarda ham boʻlgan.
Qurʼon va mutavotir sunnatga zidlik. Matn tanqidining eng asosiy mezoni rivoyat mazmunining Qurʼon oyatlari yoki mutavotir hadisga zid kelmasligiga taalluqlidir. Qurʼon musulmonlar uchun eng oliy dalil boʻlgani bois, unga ziddiyat tashkil etadigan rivoyatlarning qabul qilinishi ilmiy jihatdan mumkin emas. Imom Shofiʼiy bir rivoyat sahih boʻlishi uchun uning mazmuni Qurʼonning umumiy mazmuni bilan uygʻun boʻlishi kerakligini taʼkidlagan. Mutavotir sunnat ham shariatning qatʼiy dalillaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun mutavotir darajasi bilan sobit boʻlgan amaliyotlarga yoki qatʼiy oʻrnatilgan aqidaviy qoidalar bilan zid boʻlgan rivoyatlar botil hisoblanadi.
Qurʼon va sunnatga zidlik masalasi koʻproq soxta hadislarni ajratishda qoʻllanilgan. Bir rivoyatda kishining barcha gunohlari birgina amali bilan toʻgʻridan-toʻgʻri afv qilinadi degan mazmun boʻlsa, Qurʼonda “har bir kishi oʻzi kasb qilgan narsaga bogʻlanib turadi” (Tur surasi, 21-oyat) degan qatʼiy qoidalarga zid keladi. Shuning uchun muhaddislar bunday rivoyatlarni matn jihatdan rad etganlar. Shuningdek, xalq orasida tarqalgan ayrim fazilatli amallar haqidagi hadislarning koʻpchiligi aynan Qurʼon mezonlari bilan taqqoslash orqali toʻqima hadis sifatida baholangan.
Mazmunidagi voqealar Paygʻambar alayhissalom hayotida yoki sahoba davrida boʻlishi mumkin boʻlmagan holda kelgan boʻlsa, u rivoyat rad etiladi. Masalan, Paygʻambar alayhissalomning baʼzi mamlakatlar yoki tarixiy hodisalar haqida hozirgi zamonga oid batafsil maʼlumot bergan kabi rivoyatlar tarixiy dalillar bilan mos kelmaydi. Ibn Qoyyim bunday rivoyatlarni matn tanqidi orqali rad etishni hadis ilmida eng muhim usullardan biri deb sanaydi.
Matnda mantiqiy moslikning toʻliq boʻlishi ham zarur omil hisoblanadi. Oʻsha davr hayotiga mutlaqo mos kelmaydigan, yoki inson tabiatiga qarama-qarshi boʻlgan rivoyatlar ham rad etiladi. Masalan, bir kishining bir kunda minglab ibodatlar qilishga ulgurishi yoki jismoniy jihatdan imkonsiz boʻlgan amallarni bajarishi haqida kelgan rivoyatlar mantiqan ham, tarixan ham haqiqatdan uzoqligi sababli uydirma sifatida qaraladi.
Matn tanqidining yana bir muhim usuli rivoyatning til jihati uslubidir. Paygʻambar alayhissalomning uslubi fasohatli, sodda, maʼnoli va ortiqcha mubolagʻalardan holi boʻlgani u zotning hadislari uchun umumiy mezon hisoblangan. Muhaddislar matndagi til meʼyorlarining buzilishi, ajnabiy uslubning paydo boʻlishi, fasohatning yoʻqolishi yoki ortiqcha mubolagʻa unsurlarini mavjudligini soxta hadisning belgilari sifatida qayd etganlar. Ibn Hajar bu uslubiy belgilarni soxta hadisni aniqlashda “eng kuchli dalillardan biri” deb hisoblangan.
Gʻayritabiiy va aqlga sigʻmaydigan maʼlumotlarga asoslangan rivoyatlar ham matn tanqidida rad etiladi. Masalan, bir amal uchun ajratilgan savob vaʼda qilingan rivoyatlar yoki baʼzi odamlarni maqtash maqsadida toʻqilgan iboralar matnning tabiiy uslubiga mos kelmaydi. Imom Suyutiy bu kabi mubolagʻa va gʻayritabiiy maʼlumotlar koʻp boʻlgan rivoyatlarni matn tanqidida birinchi navbatda tekshirish kerakligini taʼkidlaydi.
Xulosa
Yuqoridagi maqolada toʻqima hadislar hamda ularni aniqlash yoʻllari aytilgan boʻlib, toʻqima hadislarni aniqlashni mashhur boʻlgan 8 ta uslublari va ular qanday sabablarga koʻra mavzu hadisga oʻzgartirilgani misollar bilan keng yoritib berildi. Maqolada mashhur muhaddis ulamolarning uslubiy belgilar orqali soxta hadislarni aniqlab koʻrsatildi. Qurʼoni karimdan dalilar keltirildi hamda Paygʻambar alayhissalomdan kelgan sahih hadislar orqali yoritib berildi. Maqolada Ibn Hajar Asqaloniy, Jaloliddin Suyutiy va Ibn Qoyyim kabi yirik olimlarning soxta hadis aniqlashdagi tutgan yoʻllari ayib oʻtildi
Muhammadiyev Fazliddin Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabasi
Muharrir: mudarris Xolmuratov Asadulla
Foydalanilgan adabiyotlar
- Qurʼoni karim
2. D.Muratov, D.Rahimjonov, M.Alimova. Hadisshunoslik (darslik). -T.: Navroʻz, 2019.
3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Mustalahul hadis. -T.: Sharq, 2011.
4. Muratov D. Hadisshunoslik (oʻquv-uslubiy qoʻllanma). – T.: Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi, 2015.
5. Mahmud Tahhon. Taysir mustalahi-l-hadis. Toshkent: Movarounnahr, 1992.
6. Muhammad Abu-l-Lays Xayrobodiy. Moʻjam mustalahati-l-hadis va ulumih va ashhuru-l-musannifin fih. – Urdun: Doru-n-nafois, 2009.
7. Suyutiy, Jaloliddin. Tadribu-r-roviy fi sharh Taqribi-n-Navaviy. 2 jildli. – Bayrut: Doru-l-kutubi-l-ilmiya, 1989.
8.Abdulloh Karomiddin Termiziy ‘‘Toʻqima hadis’’(Hilol nashr,2025)





