SIGN IN YOUR ACCOUNT TO HAVE ACCESS TO DIFFERENT FEATURES

FORGOT YOUR PASSWORD?

FORGOT YOUR DETAILS?

AAH, WAIT, I REMEMBER NOW!
KUKALDOSH.UZ
  • LOGIN

KUKALDOSH.UZ

  • Bosh sahifa
  • Madrasa
    • Madrasa tarixi
    • Rahbariyat
    • Yotoqxona
    • Axborot-resurs markazi
  • Yangiliklar
  • Maqolalar
    • Qurʼon ilmlari
    • Aqida
    • Fiqh
    • Tafsir
    • Hadis
    • Arab tili
    • Yurtimiz allomalari
    • Islom tarixi
    • Raddiyalar
    • Axloq va tarbiya
    • Bagʼrikenglik va jamiyat
    • Elektron kitoblar
  • Taʼlim
    • 4 yillik öquv dasturi
    • Ilm talab qilish odoblari
  • Kurslar
    • Qurʼoni Karim va tajvid kursi
    • Tayyorlov kursi
  • Qabul
    • Qabul tartibi
    • Kiriş imtihonlari 2027-2028
    • Ötiş ballari
    • Topşirganlar soni
    • Imtihon duolari
  • Boğlaniş
Ijtimoiy tarmoqlarda mazhabsizlikka chaqirish va undan saqlanish yoʻllari
14.12.2021 / Bo‘limda Maqolalar

Ijtimoiy tarmoqlarda mazhabsizlikka chaqirish va undan saqlanish yoʻllari

    Bugungi kunimizda islom olamida va jamiyatimizda bu mavzu asosiy muammolardan biriga aylanib qoldi. Ijtimoiy tarmoqlarda va internet olamida mazhabsizlikka daʼvat qilish va yurtimizning ulugʻ ulamolarini tahqirlovchi videoroliklar koʻplab uchramoqda. Bularning barchasi bunday nomaqbul harakatlar bilan oddiy xalqning eʼtiborini tortish uchundir. Ammo ular bu ishlari bilan ogʻir gunohga qoʻl urayotganlarini sezmaydilar. Zero, muqaddas dinimiz taʼlimotiga koʻra ilmlariga amal qiluvchi ulamolar Alloh taolo huzurida eng shaʼnlari ulugʻ, qadrlari yuksak zotlar hisoblanadi. Koʻplab hadis va asarlarda ularning qadamlari ostiga farishtalar qanot yozishlari, yeru osmondagi barcha mavjudotlar hatto suv ostidagi baliqlar ham istigʻfor aytishlari aytib oʻtilgan.

Shunday ekan ulamolarni qadrlash va ehtirom qilish sharʼan vojib amallardandir. Zero ulamolar anbiyolarning merosxoʻrlaridir. anbiyolar molu dunyoni emas, balki ilmni meros qoldirgandirlar. Alloh taolo Qurʼoni karimning“Mujodala” surasida marhamat qilib “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga koʻtarur”degan boʻlsa, “Zumar” surasida: “Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlurmi?!” degan (9 oyat). Yaʼni olimlar bilan johil-ilmsizlar Allohning huzurida ham, jazo va mukofotda ham teng boʻlmaydilar. Shunday ekan ilm ahllariga nisbatan odobsizlik qilmaslik, ularga aziyat bermaslik lozim.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Alloh taolo “Kim menga yaqin boʻlgan bir bandamga nisbatan dushmanlik qilsa unga qarshi urush eʼlon qilurman” dedi” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Ushbu hadisni izohlab imom Abu Hanifa va imom Shofeʼiy (r.a.) “agar ulamolar Allohga yaqin boʻlishmasa kim ham u zotga yaqin boʻlardi?!” deyishgan.

Ularning oʻz gʻoyalarini tarqatishda bunday nomaqbul usuldan foydalanishliklariga sabab internet olamida keskin muhokamalarga sabab boʻlgan mavzuning oʻta tez tarqalishligidir. Maʼlumki internet tarmoqlarida yurtimiz ulamolariga nisbatan tahqiriy kayfiyatdagi mavzuning paydo boʻlishligi aqidasi sogʻlom boʻlgan kishilarga yoqmaydi, natijada bu mavzu keskin muhokamalarga sabab boʻladi va tezda tarqaladi. Ular oʻz gʻoyalarini tarqatishda bunday xunuk ishlarga koʻplab qoʻl urishadi.

     Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarning aksari diniy ilmi yoʻq boʻlgan oʻrta yoshli kishilar va yoshlardir. Tabiiyki, bunday ixtilofli mavzular ularni oʻziga tortadi. Natijada ularda ilk diniy bilimlar botil aqida ustiga bino boʻladi. Shu yoʻsinda bu toifalarning safi ilmsiz kishilarning hisobiga ortib boraveradi. Bu toifalar oʻzlarining gʻoyalarini tarqatishda aqidasi buzuq boʻlgan arabzabon kimsalarning videoroliklari va darsliklaridan foydalanadilar. Bu roliklarni koʻrgan ilmsiz kishilar bu gaplarni “arab gapiryapdi, arablar dinni yaxshiroq biladi, uning gapi haq” deb koʻr koʻrona ergashib ketaveradilar.

     Hafs ibn Osim (r.a.) dan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh (s.a.v.) shunday dedilar: “Kishining eshitganini gapiraverishligi uning yolgʻonchiligiga kifoya qiladi” .

     Ali (r.a.) shunday dedilar “Ilmni kimdan olayotganingizga qaranglar, chunki ilm bu dindir”.

     Shunday ekan kishi eshitganini gapiravermasligi va koʻr koʻrona duch kelgan odamga ergashib ketavermasligi lozim boʻladi

     Shayx AbdulFattoh Abu Gʻudda rohimahulloh shunday dedilar:

“Hadis ilmi hadis ahlidan oʻrganilmas ekan kitobdan ilm olgan inson muhaddis hisoblanmaydi”.

    Bundan maʼlum boʻladiki, kishi faqat kitob oʻqishlik bilan olim boʻlib qolmaydi. Ilm olishda ilm ahliga murojaat qilishlik ilmni ahlidan talab qilishlik lozim boʻladi. Aks holda, uni ilmi komil boʻlmaydi va naf keltirmaydi, hattoki, ilmi va aqidasidagi nuqsoni sababli odamlar orasida turli ixtiloflarni keltirib chiqaradi.

     Bunday muammoni oldini olish uchun odamlardan ayniqsa yoshlardan diniy savodsizlikni ketkazish lozim. Bu yoʻl bilan aqidasi buzuq toifalar ularning onginga diniy bilimlarni buzuq aqida bilan kiritishidan avval ularga toʻgʻri diniy talim berish va ularning ilk diniy ilimlarini sof aqidaga qurish orqali ularni dinda va aqidada adashishdek yomon yoʻldan muhofaza qilish mumkin boʻladi.

      Bundan tashqari odamlarga mazhab oʻzi nima ekanini, mazhabga  ergashish qanchalik muhim ekanini, mazhabga ergashish orqali insonning eʼtiqodi yanada mukammal boʻlishini uqtirish lozim zero odamlar bu toifalarning daʼvolari mutloq asossiz ekanini tushunib yetsinlar.

Xoʻsh mazhab oʻzi nima? Mazhabga ergashishlik qanday boʻladi?

Maʼlumki, har bir moʼmin-musulmon bandaning oʻz diniga amal qilishidan asosiy maqsadi Alloh taologa boʻysunish va itoat etishdir. Boʻysunish esa uning buyruqlariga itoat etish va u qaytargan narsalardan qaytish ila boʻladi. Alloh taolo oʻz buyruq va qaytariqlarini Qurʼoni karim va paygʻambarimiz tillaridan hadis shariflarda bayon qilgan. Shuning uchun ham musulmon kishi amal qiladigan barcha hukmlarning asosi, yaʼni dalili mana shu ikki narsa hisoblanadi. Lekin har qaysi inson Qurʼoni karim va hadisi sharif hukmlarini toʻliq va toʻgʻri tushunib amal qila olmaydi. Shu sababdan hukmlarga toʻgʻri va toʻliq amal qilishi uchun, bu dalillarni mukammal tushunib, undan hukm olishga qodir insondan soʻrashga majbur boʻladi, ehtiyoji tushadi. Bunga Alloh taoloning oʻzi ham buyurgan. Qurʼoni karimning ushbu oyatida shunday marhamat qilinadi:

«Agar sizlar bilmasangizlar, zikr ahlidan soʻrang» (Nahl surasi, 43-oyat).

Bu oyati karimada Alloh taolo bandalariga oʻzlari bilmagan masalalarning javobini zikr ahli hisoblangan ulamolardan soʻrashga buyurmoqda. Musulmonlar paygʻambarimiz sallollohu alayhi vasallam zamonlaridan beri amal qilib kelishmoqda. Asri saodat davrida sahobalar bir masalaning javobini bilmasalar, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning oʻzlaridan soʻraganlar. U zotdan soʻng esa insonlar oʻzlari muhtoj boʻlgan masalalarida ulamolardan fatvo soʻrab, unga amal qilib kelganlar. Modomiki, insonlar fatvo soʻraydigan muftiyning ilmi va taqvosi qattiq boʻlsa, uning aytgan gapiga hujjat talab qilmasdan amal etilsa, mana shu istilohda taqlidning ayni oʻzi hisoblanadi. Zeroki, taqlidga «boshqa birovning gapiga dalilini bilmasdan yoki talab qilmasdan ergashish» deb taʼrif berishgan.

    Dastlabki hijriy asrlarda koʻplab avom xalqlar oʻzlari ishongan, uning fatvosini boshqaning fatvosidan ustun qoʻygan kishilariga murojaat qilgan. Bir paytning oʻzida bir kishining bergan fatvosi bilan cheklanmasdan, xohlagan kishidan masala soʻraydiganlar ham boʻlgan. Bunga oʻsha paytda mazhablar oʻziga xos, hozirgidek uslubda tartiblanmagani sabab boʻlgan. Lekin ular bu ishlaridan faqat dinni tushunib, unga amal qilishni istashgan, xolos.

     Keyinchalik toʻrt mazhab oʻziga xos koʻrinishda tuzilib, har bir mazhabning kitoblari yozilib, madrasalar ularni oʻrganish bilan cheklangan paytda bu mazhablarning soʻzlari insonlar oʻrtasida mashhur va maʼruf boʻldi. Barcha mazhabboshilar oʻz mazhablarini Qurʼon va hadisdagi dalillar asosida barpo qildilar. Ular hukmlarni chiqarib olish yoʻllarini arab tili nuqtai nazaridan, hukmlarni bayon qilish uslubi nuqtai nazaridan maʼlum qoida shaklida tartibladilar. Yaʼni ular oʻz mazhablarini Qurʼoni karim va hadisi sharif asosiga koʻra tartibladilar. Endi bu paytga kelib, oʻzi shu ishga qodir boʻlmagan, yaʼni shariat asoslaridan hukm olishga qudrati yetmaydigan, bunga yetarlicha ilmi boʻlmagan har bir musulmon shu toʻrt mazhabdan biriga ergashishi vojib boʻladi.

    Bir mazhabga ergashgandan soʻng esa boshqa mazhabga oʻtib ketishi mumkin emas. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: nima uchun bir paytning oʻzida toʻrt mazhabga ergashib, ulardan xohlagan birining soʻziga xohlagan paytda amal qilish mumkin emas? Vaholanki, barcha mazhab toʻgʻri yoʻlda-ku…

    Bunga asosiy sabab shuki, agar biror kishiga bu mazhablardan xohlagan bittasining soʻziga xohlagan payti amal qilishiga ruxsat berilsa, oʻsha inson bu ishni shariatning asosi boʻlgan dalilga asoslanib emas, balki havoi nafsiga ergashib, oʻzining foydasiga ishlaganda, shaxsiy manfaatini oʻylab bu ishni amalga oshiradi. Yaʼni bir mazhabga koʻra bayon qilingan hukmga oʻzining foydasiga ishlab turganda amal qiladiyu, zarariga ishlaganda esa uni tark etib, oʻzining havoyi nafsiga mos boshqa mazhab soʻziga amal qiladi. Bu keyinchalik oʻsha insonning dini buzilishiga, yaʼni toʻgʻri yoʻldan ozishiga sabab boʻlgani uchun ham biror ulamo bu ishga ruxsat bermaganlar.

Omma-xalqning daqiq hukmlarni bilishi qiyin boʻlgani, agar ularga mazhablar fikrlari oʻrtasida tanlov eshiklari ochilsa, ulugʻ shariat hukmlarida tartibsizlik holati yuzaga kelgani bois bir mazhabga amal qilishga ehtiyoj tushadi. Mazhabga ergashish masalasini toʻgʻri tushunish kerak. Bir mazhabga amal qilish degani oʻsha mazhabboshining oʻzigagina boʻysunish emas, Alloh saqlasin, balki uning shariat va uning dalillari borasidagi ilmi boshqalarnikidan koʻra koʻproq deb va uni shariat hukmlarini tushunishiga koʻmakchi deb ishonilgani uchun yoki oʻsha mazhabni oʻrganish boshqa mazhablardan koʻra osonroq boʻlgani uchun amal qilinadi demakdir.

    Inson modomiki oʻzi Qurʼon va sunnatdan dalil olishga yetarlicha bilim va saviyaga ega boʻlmas ekan, tanlagan mazhabining imomi aytgan soʻzlariga amal qilishi lozim boʻladi.

   Biz yuqoridagi maʼlumotlardan toʻrt mazhabdan biriga ergashish vojib ekanligi, biriga ergashgandan soʻng esa boshqasiga oʻtib ketishi mumkin emasligini bilib oldik. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: «Qaysi birini tanlaymiz, xohish oʻzimizdami? Xohlagan bittasiga ergashaveramizmi?..»

Bu toʻgʻrisida Shayx Valiyulloh Dehlaviy shunday deganlar:

“Agar bir omi (etarlicha ilmi boʻlmagan) inson hind yoki Movarounnahrning qaysidir bir shahrida boʻlsa, u yerda na shofeiy, na molikiy na hanbaliy olim boʻlmasa va ularning mazhablaridagi biror kitob ham boʻlmasa, unga hanafiy mazhabiga amal qilishi vojib boʻladi. Oʻsha mazhabdan chiqishi esa harom boʻladi. Chunki bunday qilmasa, shariatga boʻysunishdan chiqib ketadi. Agar u haramaynda boʻlsa, unga barcha mazhablarni oʻrganish muyassar boʻlgani uchun, bir soʻzni gumon bilan olishi yoki avom xalqning tilidan olishi, yoki mashhur boʻlmagan kitobdan olishi kifoya qilmaydi. Bu «Kanzud daqoiq»ning sharhi «Nahrul foiq»da zikr qilinganidekdir”.

   Bulardan maʼlum boʻladiki, asosiy maqsad Qurʼoni karim va hadisi sharifda bayon qilingan sharʼiy hukmlarga amal qilish, ergashishdir. Avom xalqning sharʼiy dalillardan hukmlarni istinbot qilishga, chiqarib olishga bilim va saviyasi yetmas ekan, bir mazhabga ergashishi vojib boʻladi. Oʻzlaricha hukm olib, shariatga notoʻgʻri amal qilib qoʻymasliklari uchun. Bir mazhabga amal qilishni boshlagandan soʻng esa faqat oʻsha mazhabga amal qilish kerak boʻladi. Bir masalada gohida oʻz mazhabi soʻzini, gohida boshqa mazhab vakilining soʻzini olishi, yaʼni talfiq qilishi mumkin emas. Chunki bu ishni koʻpincha nafsga yengillik istab bajaradi. Bu ish esa qaytarilgandir.

Bilim yurti 2 kurs talabasi Solihbekov Neʼmatullo

What you can read next

Ёшларни диний мутаассиблик ва ақидапарастлик ғояларидан асраш
Ёшларни диний мутаассиблик ва ақидапарастлик ғояларидан асраш
АҚАБА БАЙЪАТИ
Ақаба байъати
Ширк деб нимага айтилади?
Ширк деб нимага айтилади?

СЎНГИ МАҚОЛАЛАР

  • Mustaqillik — uluğ ne’mat

  • Kitoblar bilan muomala qiliş odoblari va ularni qölga kiritişga tarğib

  • ILM AMAL BILAN KAMOLGA YETADI

  • Ustoz va şogirdga umumiy bölgan odoblar

  • Kökaldoş madrasasida Xalqaro bağrikenglik kuniga bağışlangan “Zakovat” intellektual öyini taşkil etildi

ҚИДИРУВ ХИЗМАТИ

БЎЛИМЛАР

  • Bosh sahifa
  • Madrasa
  • Yangiliklar
  • Maqolalar
  • Taʼlim
  • Kurslar
  • Qabul
  • Boğlaniş

Тезкор ҳаволалар

  • Qabul tartibi
  • Kiriş imtihonlari 2027-2028
  • Ötiş ballari
  • Topşirganlar soni
  • Qurʼoni Karim va tajvid kursi
  • Tayyorlov kursi
  • 4 yillik öquv dasturi
  • Imtihon duolari

АЛОҚА

Тошкент 100208, Чилонзор тумани, Гулистон кўчаси, 37/1

+998 94 988 23 43

info@kukaldosh.uz

ХАРИТА

KökaldoşKökaldoş

Yandex xarita →Google xarita →

© 2018 - 2026. kukaldosh.uz | Ўзбекистон Мусулмонлари идораси "Кўкалдош" ўрта махсус ислом билим юрти.
Барча хуқуқлар химояланган. Сайтдан маълумот олинганда манба кўрсатилиши шарт.
АОКА интернет-ОАВ гувоҳномаси рақами: 1221

TOP