Robiul avval – hijriy-qamariy taqvimning uchinchi oyi boʻlib, islom olamida eng barakotli oylardan biri hisoblanadi.
Robiul avval Paygʻambarimiz tugʻilgan oy sifatida “Mavlid oyi” deb ham ataladi. Bu oyda musulmonlar odatda Paygʻambarimizga koʻproq salavot aytishadi, u zotning hayoti va xulqini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratishadi. Shuningdek, bu davrda koʻproq Qurʼon tilovat qilish va sadaqa-ehson qilish tavsiya etiladi.
Ushbu oyda islom tarixidagi bir qator muhim voqealar sodir boʻlgan. Ulardan baʼzilarini eslab oʻtamiz.
Paygʻambarimizning tavallud topishlari fil yilida, Robiul avval oyining 9- yoki 12-kuni (taxminan milodiy 571-yil 20-aprelga toʻgʻri keladi), dushanba kuni tongda Makkada tavallud topganlar. Manbalarda robiul avval oyining qaysi kunida tavallud topganlari borasida farqli rivoyatlar boʻlsada, koʻpchilik ulamolar 12- robiul avval kunini afzal koʻrishgan.
Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijratlari ham aynan ushbu oyda sodir boʻlgan. Hijrat safarida Paygʻambarimiz Madina yaqinidagi Quba qishlogʻiga baʼzi manbalarda 8 yoki 12-kun (dushanba) deb koʻrsatilgan.
Shuningdek, hijrat davomida Paygʻambarimiz Qubodan Madinaga yoʻl olganlarida, Banu Salim ibn Avf vodiysida toʻxtab, tarixdagi birinchi Juma namozini oʻqib, birinchi Juma xutbasini qilganlar.
Baʼzi makon va vaqtlarning oʻziga xos fazilatlari boʻib, bu mavzuda ulamolar koʻplab asarlar yozishgan. Aynan robiul avval oyi va bu oyda ikki olam sarvari rasululloh sollallohu sollallohu alayhi vasallamning mavlidlarini munosib oʻtkazish borasida Jaloliddin as-Suyutiy asarlariga murojaat qildik.
Imom Jaloliddin as-Suyutiyning “Husn al-maqsid fi ‘amal al-mavlid” asariga koʻra, mavlid marosimini birinchi boʻlib keng miqyosda joriy qilgan shaxs baʼzilar daʼvo qilganidek shia Fotimiylari emas balki, Irbil hukmdori al-Malik al-Muzaffar Abu Said Koʻkburi boʻlgan. U Robiul avval oyida mavlidni katta ehtirom bilan nishonlagan. Bitta mavlid dasturxoni uchun 5000 qoʻy, 10 000 tovuq, 100 ot soʻydirgan, 30 000 likopcha shirinlik tayyorlatgan va har yili bu tadbirlarga 300 000 dinor mablagʻ sarflagan. Oʻsha davrning olimi Ibn Dihya uning uchun mavlidga bagʻishlangan maxsus kitob yozib bergan, podshoh esa buning uchun unga 1000 dinor mukofot bergan.
Imom Jaloliddin as-Suyutiy Ibn al-Hajdan iqtibos keltirib, Paygʻambarimizning aynan shu oyda tugʻilishlarining baʼzi hikmatlarini bayon qiladi:
Hayotning yaratilishi: Hadislarda dushanba kuni Alloh taolo daraxtlarni (rizq-neʼmatlarni) yaratgani aytiladi – bu insoniyat uchun rizq va xayriyat eshiklari ochilishiga ishoradir.
Lafziy maʼnosi: “Robi’” (bahor) soʻzi arab tilida yaxshilikka yoʻyish va umidvorlik maʼnosini anglatadi.
Zamonning sharafi: Agar Paygʻambarimiz Ramazon yoki Qadr kechasida tugʻilganlarida, “u zot bu oylar sababli sharaflandilar” degan tushuncha paydo boʻlishi mumkin edi. Alloh esa bu oyning oʻzini Paygʻambarimiz tavalludi bilan sharaflashni xohlagan.
Imom as-Suyutiy mavlidni “bidʼati hasana” (yaxshi yangilik) deb ataydi va u orqali savob berilishini taʼkidlaydi. Buning asosiy sababi – mavlidda Allohning neʼmatiga shukrona keltirish, Qurʼon tilovat qilish va muhtojlarga taom ulashish mavjudligidir.
Hofiz Ibn Hajar bu marosimga asos sifatida Ashuro kuni hadisini keltiradi: yahudiylar Muso alayhissalom najot topgan kun uchun shukrona sifatida roʻza tutganlarida, Paygʻambarimiz “Biz Musoga sizlardan koʻra haqliroqmiz” deb, oʻsha kuni roʻza tutishni buyurganlar. Shunga asoslanib, eng ulkan neʼmat boʻlmish Paygʻambarimizning tugʻilgan kunlarida ham shukrona qilish oʻrinli hisoblanadi.
Robiul avval oyida tutilishi shart boʻlgan maxsus roʻza yoki oʻqilishi shart boʻlgan muayyan namoz belgilanmagan. Biroq quyidagi amallarni koʻpaytirish savobli hisoblanadi.
- Paygʻambarimizning siyratini – hayoti, axloqi va sunnatlarini oʻrganish;
- salavotni koʻpaytirish;
- saxovat va ehson qilish, oila aʼzolari va muhtojlarga yaxshilik ulashish;
- Rasulullohning sunnatlariga amal qilish.
Robiul avval oyida mavlid va bunga oʻxshash yodga olishlardan maqsad – Paygʻambarimizga boʻlgan muhabbatni izhor qilish va u zotning dunyoga kelishidan quvonishdir. Gunoh ishlardan saqlangan holda Qurʼon oʻqish, siyratni oʻrganish va kambagʻallarga xayr-ehson qilish mustahab amallardandir.
✒️ Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi
Jaloliddin domla Ahmedov






