18. Savol: Ramazonning kunduzida samalyotda safar qilishni xohlagan roʻzador kishiga roʻza tutishi lozim boʻladimi?
Javob: Bomdod vaqtidan keyin safar qilishni niyat qilgan kishi roʻza tutishni niyat qilishi vojibdir. Safari davomida roʻzasini oxiriga yetkazishni qasd qilishi kerak. Chunki roʻza unga safardan oldin vojib boʻlgan edi. Mabodo safar asnosida roʻzasini davom ettirishga qiynalsa, roʻzasini ochishi joiz. Ramazon oyi oʻtgandan soʻng qazosini tutib beradi.
19. Savol: Bemor yoki musofir roʻza tutsa, keyin roʻzasini buzishi mumkinmi?
Javob: Bemor kishiga roʻza tutish mashaqqat boʻlgani sababli niyat qilsin yoki qilmasin unga iftorlik qilish joiz. Ammo musofir, muqim holda tong ottirsa, soʻngra safarga chiqsa, roʻzani ochilishiga sabab boʻladigan mashaqqat yoki qiyinchilik topilgunga qadar roʻzasida davom etishi lozimdir. Ammo bomdod vaqti kirishidan avval shahar yoki mahallasining uylaridan ajrab, musofir hukmiga kirib ulgurgan boʻlsa, roʻzani buzishi mumkin.
20. Savol: Musofir oʻz shahriga qaytib kelsa yoki bemor sogʻayib qolsa, va ular roʻzador holda boʻlsalar, roʻzani buzishlari joiz boʻladimi?
Javob: Kishi bemor holda roʻza tutsa, soʻng kun oʻrtasida tuzalib qolsa, unga roʻzani oxiriga etkazish vojib boʻladi. Musofir roʻza tutsayu soʻngra kunning qolgan qismida muqimga aylansa, bu holatda ham roʻzani toʻliq qilish kerak boʻladi. Ularga kunning qolgan qismida roʻzalarini ochish haromdir, chunki ulardan shariatning ruxsati boʻlgan safar va bemorlik holati ketib boʻldi.
21. Savol: Musofir va bemor kishilar oʻzlariga boʻlgan ruxsat eʼtiboridan roʻzalarini ochsalar, soʻng ulardan uzurlari ketsa nima qiladilar?
Javob: Mazkur holatda ularga kunning qolgan qismida Ramazon hurmati yuzasidan yeyish-ichishdan tiyilib turish mustahabdir.
22. Savol: Mashaqqatli va ogʻir ishda ishlaydigan ishchilar, masalan novvoylar, beton quyadigan va boshqa ogʻir hunar egalariga iftorlik qilish joiz boʻladimi?
Javob: Mazkur ogʻir mehnat bilan shugʻullanadigan shaxslarga iftorlik qilish joiz emas. Ular ham roʻza tutadilar. Mabodo mehnatlarining mashaqqati ogʻir boʻlib, qiynalib qolsalar va roʻzani ochmasalar salomatliklariga zarar yetishi mumkin boʻlsa, oʻgʻizlarini ochadilar va boshqa kunlarda qazosini tutib beradilar.
23. Savol: Maktab va universitet imtihonlari Ramazon oyida roʻzani ochishga sabab boʻladigan uzr hisoblanadimi?
Javob: Mazkur imtihonlar roʻzani ochishga uzr hisoblanmaydi, chunki talabalarning aksari roʻza tutishda meʼyordan tashqari hech qanday qiyinchiliksiz imtihon topshiradi va roʻza tutish imtihonga tayyorgarlik koʻrishga zid kelmaydi. Musulmon kishi dunyo va oxirat ishlari uchun Allohga itoat qilishda yordam soʻraydi.
24. Savol: Roʻzador odamning ehtilom boʻlib qolish roʻzani ochadim?
Javob: Bu narsa roʻzaga futur yetkazmaydi. Ehtilom boʻlgan kishiga namoz qazo boʻlmasligi uchun gʻusl qilish lozimdir.
25. Savol: Kechasi gʻusl vojib boʻlgan kishiga bomdod vaqti kirib boʻlgandan keyin gʻusl qilish joiz boʻladimi?
Javob: Bu holatda bomdod vaqtida gʻusl qilsh joizdir. Zero roʻzani durust boʻlishi uchun janobatdan poklanish shart emas. Ammo bomdod namozini oʻz vaqtida oʻqish uchun gʻusl qilishi kerak boʻladi.
26. Savol: Ayol kishi bomdod namozi vaqtidan oldin hayzidan pok boʻlib, quyosh chiqqunga qadar gʻusl qilmasa, uning roʻzasining hukmi nima boʻladi?
Javob: Uning roʻzasi durust, chunki roʻzaning durust boʻlishi uchun gʻusl shart emas, balki gʻusl namozning durust boʻlishi uchun shartdir. Mazkur holatda uzrsiz bomdod namozini oʻz vaqtidan kechiktirganligi uchun gunohkor boʻlib, unga gʻusl qilishi va bomdod namozining qazosini oʻqish vojibdir.
Roʻzaga oid mazkur savol-javoblar, Iordaniya bosh fatvo boshqarmasida tayyorlangan. (davomi bor)
Mirzaev Kamoliddin






