Avvalambor, bagʻrikenglik kalimasini lugʻaviy va istilohiy jihatdan oʻrganib olsak. Izohli lugʻat taqdim qilgan maʼlumotga tayanadigan boʻlsak, bu soʻz biror masalaga keng koʻlamda hamda ochiq koʻngillik bilan yondasha bilishlik ekanligini tushinamiz. Istilohiy yaʼni, urfiy jihatdan nazar solsak , boshqa bir lugʻat “tolerantlik”ga muvofiq tarzda qoʻllanilib kelinadi.
Bu maqolamizda biz ham diniy ham dunyoviy jihatdan munosabatimizni ask ettirishga baholi qudrat harakat qilamiz .
Sezib turganingizdek , gapni aynan muqaddas dinimiz tarafadan yondashuvdan boshlaymiz . Islomda bagʻrikenglik mavjudligiga imom-domlalarimiz keltirgan diniy hujjatlar bilan tanishsak . Oʻzi inson zoti mukarram xilqatdir. Alloh taolo Qurʼoni karimda Isro surasi 70-oyatida shunday marhamat qiladi:
﴿۞وَلَقَدۡ كَرَّمۡنَا بَنِيٓ ءَادَمَ وَحَمَلۡنَٰهُمۡ فِي ٱلۡبَرِّ وَٱلۡبَحۡرِ وَرَزَقۡنَٰهُم مِّنَ ٱلطَّيِّبَٰتِ وَفَضَّلۡنَٰهُمۡ عَلَىٰ كَثِيرٖ مِّمَّنۡ خَلَقۡنَا تَفۡضِيلٗا٧٠﴾
“Batahqiq , Biz Banu Odamni azizu mukarram qilib qoʻydik va ularni quruqligu dengizda (ulovla) koʻtardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni Oʻzimiz yaratgan koʻp narsalardan mutlaqo afzal qilib qoʻydik “. Inson zoti mukarramlik qoidasi hamma insonga tegishli uning dini , irqi , millatidan qatʼiy nazar .
Hadisi sharif jihatidan nazar solsak , salmoqli dalillarga duch kelamiz . Ularning eng koʻzga koʻringanlaridan :
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumo Nabiy sollalohu alayhi vasallamdan rivoyat qilib dedilar: “ Kim ahdlashilgan boshqa din vakilini oʻldirsa Jannat hidini ham hidlamaydi . Vaholanki , jannat hidi qirq yillik masofadan kelib turadi”.
Tasavvuf asoschilardan biri Ahmad Yassaviydan kelgan nazmga nazar solsak , ham chuqur maʼnoni ham goʻzal nazmiy uslubga koʻzingiz tushishi turgan gap :
Gunoh ermish kofirlarga bermang ozor ,
Koʻngli qattigʻ dilozordan Xudo bezor,
Alloh haqqi bunday qulgʻa sijjin tayyor,
Donolardin eshitib bir soʻz aydim mano.
Kutilganidek , dunyoviy jihatdan yondoshsak . Yurtimizda ham qadimdan turli eʼtiqodga mansub millat va elatlar istiqomat qilib kelgan . 130dan ziyod millat vakillarining tinchlik va hamjihatlikda yashaganliklariga tarix guvoh. Zero, Islom Abdugʻaniyevich oʻz vaqtida mazkur masalaning dolzarbligiga alohida urgʻu berib bildirgan fikrlari koʻp narsani anglatadi: «Bizda juda koʻp boyliklarimiz bor, lekin eng katta boylik bu millatlararo totuvlik».
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi ishlab chiqildi. Strategiyada beshinchi yoʻnalish sifatida “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar” belgilandi. Bu esa yurtimizda fuqarolarimiz xavfsizligi, millatlar va diniy bagʻrikenglikka berilayotgan eʼtiborning isbotidir.
Prezidentimiz yana shunday nutq qilganlari tarix zarvaraqlariga muxrlandi: “Sanʼat saroyi, metro bekatiga “Xalqlar doʻstligi” nomining qaytarilishi oʻzbek xalqining bagʻrikengligidan darak beradi. Shuningdek, sanʼat saroyi oldidagi maydonga Shomahmudovlar oilasiga qoʻyilgan yodgorlikning qaytarilishi ham shu ishlardan. Ilohim, shu bagʻrikenglik bizning farzandlarimizga ham oʻtsin”.
Hurmatli prezidentimizning BMTning 72-sessiyasida soʻzlagan nutqlari bu islom dini tinchlik dini ekanligini yana bir bor eslatib qoyadi:” Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz.
Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi”.
2020-yildagi maʼlumotlarga tayansak, Oʻzbekiston Respublikasida jami 2276 ta diniy tashkilot va 16 ta diniy konfessiya faoliyat yuritib kelmoqda. Shulardan 2093 tasi musulmon tashkiloti, 166 ta xristian tashkiloti, 8 ta yahudiy jamoasi, 6 ta Baxoiylik jamiyati, 1 ta krishnachilar jamiyati va 1 ta budda ibodatxonasi, shuningdek, Oʻzbekiston konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat koʻrsatmoqda.
2019-yilda Oʻzbekistonda 10 ta yangi jome masjid ochildi, natijada masjidlarning umumiy soni 2066 taga yetdi. Bundan tashqari, mamlakat miqyosida 46 ta jome masjid binosi butunlay qaytadan bunyod etilib, 225 ta masjid kapital taʼmirdan chiqarildi. 2018 yilda esa respublikada 13 ta jome masjidi qayta ochildi, 39 tasi yangi qurildi va qariyb 100 tasi qayta taʼmirlandi.
Oʻzbekistonda Toshkent Islom universiteti, «Mir Arab» oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, 9 ta madrasa, jumladan, 2 ta ixtisoslashtirilgan xotin-qizlar oʻquv yurti, Toshkent pravoslav seminariyasi, Toshkent xristian seminariyasi kabi diniy taʼlim muassasalari faoliyat koʻrsatmoqda. 2020–2021-oʻquv yilidan boshlab Termiz shahrida yangi madrasa ochilishi rejalashtirilgan.
Mustaqillik yillarida 308 ming nafar musulmon Saudiya Arabistoniga ziyorat uchun borgan boʻlsa, shulardan 130 ming kishi “Haj”, 178 ming kishi esa “Umra” amalini bajarishga muvaffaq boʻlgan. 2,5 ming xristian va yahudiylar Isroil, Rossiya, Turkiya, Italiya, Gruziya va Yunoniston kabi davlatlarning muqaddas diniy qadamjolariga tashrif buyurganlar.
2019-yildan eʼtiboran Oʻzbekiston fuqarolari uchun “Umra” ziyoratlari kvotasi bekor qilindi. 2018-yildan boshlab “Umra” safari kvotasi 6 000 dan 10 000 ga oshirildi. Bugungi kunga kelib “Umra” qiluvchi fuqarolar soni 30 000 ga yetdi, “Haj” esa 5000 dan 7,200 ga koʻpaydi.Bu raqamlar hozirga kelib sezirlarli darajada oshganini guvohi boʻlamiz.
Xulosa qilsak, bagʻrikenglik bilan yashashlik bungungi tahlikali zamonda zaruratga aylanib qoldi. Aslida shunday dunyodagi xavotirli davrda yurtimizda musulmonlar uchun ibodatga sharoit yaratib bergan Robbimizga oʻzining jaloliyatiga mos va xos hamd boʻlsin .
Abdurasulov Eldorbek, «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti talabasi






