Islom dinining tinchlik va osoyishtalikka boʻlgan eʼtibori yuqori boʻlishi bilan bir qatorda, bagʻri kenglik uning negizi hisoblanadi. «Bagʻrikenglik» tushunchasi ilmiy faoliyat va ijtimoiy hayotning turli sohalari, jumladan, siyosat va siyosatshunoslik, sosiologiya, falsafa, ilohiyot, ijtimoiy axloq, qiyosiy dinshunoslik kabi fanlar doirasida keng istifoda etiladi. Lotincha «tolerare», yaʼni «chidamoq», «sabr qilmoq» maʼnosini anglatgan bu soʻz, asosan biror narsani, oʻzgacha fikr yoki qarashni, oʻz shaxsiy tushunchalaridan qatʼiy nazar, imkon qadar bagʻrikenglik va chidam bilan kabul qilishni anglatadi. Xususan, ushbu tushuncha deyarli barcha tillarda bir xil yoki bir-birini toʻldiruvchi maʼno kasb etib, «chidamlilik», «bardoshlilik», «toqatlilik», «oʻzgacha qarashlar va harakatlarga xurmat bilan munosabatda boʻlish», muruvvatlilik», «himmatlilik», «kechirimlilik», «mehribonlik», «hamdardlik» kabi maʼnolarga ega. Oʻzbekiston xalqi azaldan bagʻrikeng va mehmondoʻst xalq boʻlib kelgan. Qadimdan zaminimizda yashagan millat va elatlar bir-biriga yelkadosh boʻlib, ogʻirini yengil qilishgan. Shuning uchun xursandchilikda ham, toʻyu maʼrakada ham koʻp millatli xalqimiz bir-birlari bilan hamjihat boʻlib yashashgan. Yurtimizda yashovchi turli din vakillariga diniy marosimlarini oʻtkazishlari va mamlakat hayotida faol ishtiroklari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Bu borada mamlakatimiz oʻziga xos boy tajriba orttirganini taʼkidlash kerak. Buni butunjahon eʼtirof etmoqda. Oʻzbekistonga tashrif buyurgan BMT Inson huquqlari boʻyicha Bosh komissari Zayd al-Husaynning quyidagi soʻzlari buning yorqin dalilidir: “Bugungi dinlararo va millatlararo notinchlik boʻlib turgan tahlikali kunlarda Oʻzbekistondagi mavjud dinlararo va millatlaro totuvlik turli davlatlar uchun oʻrnak boʻlishga loyiqdir”. Bunday ahillikning asosiy sababi mamlakatimizda turli din vakillari yagona maqsad yoʻlida birlashib harakat qilishlaridir. Bu borada turli tadbirlar, anjumanlar oʻtkazilib, mushtarak vazifalar ado etib boriladi. Bir-birlarimizni bayramlar bilan qutlaymiz. Bu, shubhasiz, mamlakatimizda qaror topgan tinchlik-osoyishtalik muhitida oʻz ifodasini topmoqda.
Yaratgan Parvardigor bandalarini bir-birlari bilan tanishib, tinch-totuv va ahillikda hayot kechirishga buyurgan. Qurʼoni Karimda: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qoʻydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrogʻingiz taqvodorrogʻingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot, 13), deb marhamat qilingan.[1] Demak, insoniyatning kelib chiqishi bir: barcha Odam Ato va Momo Havodan tarqalgan. Ayni chogʻda, Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qoʻygan. Insonlar turli xalq va qabilalarga boʻlinishining sababi oʻzaro tanishish, hamkorlik qilish va maʼrifat hosil qilishdir. Islom dini avval boshdan boshqa din vakillariga ham hurmat bilan munosabatda boʻlishni oʻrgatgan. Maʼlumki, Islom oʻzidan oldingi samoviy dinlarni ehtirom qilish bilan cheklanmay, oʻsha din ahllariga cheksiz muruvvat va hurmat koʻrsatib kelgan. Ularning haq-huquqlarini qonun bilan mustahkamlab qoʻygan. Asrlar davomida bu qoidalarga amal qilib yashagan musulmonlar oralarida yashaydigan boshqa din vakillariga muruvvat koʻrsatib, butun insoniyatga oʻrnak boʻlishdi. Bu borada Alloh taolo Qurʼoni Aziymda bunday deydi: “Din toʻgʻrisida sizlar bilan urushmagan va sizlarni oʻz yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli boʻlishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar” (Mumtahana, 8). Alloh taolo bu oyati karimada moʼmin-musulmonlarni boshqa millat va din vakillariga yaxshi munosabatda boʻlishga buyuradi va ularga nisbatan adolatli boʻlish lozimligini taʼkidlaydi. Jumladan, samarqandlik faqih Abu Lays Samarqandiy “Bahrul ulum” nomli tafsir kitobida ushbu oyat tafsirida: “Oʻzga din vakillari bilan bordi-keldi qiling, ular bilan adolatli muomala qiling”, deb qayd qilgan. Movarounnahrlik mashhur mufassir Abul Barakot Nasafiy “Madorikut tanzil” asarida mazkur oyat sharhida: “Oʻzga din vakillariga ehtirom koʻrsating, ularga soʻz bilan ham, ish bilan ham yaxshi muomalada boʻling”, deb bayon etganlar.[2] Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni oʻz masjidlariga taklif qilganlar va “ular bizning sahobalarimizni hurmat qilgan edilar, Men oʻzim ularni izzat-ikrom qilishni xush koʻraman”, deb shaxsan oʻzlari ularga xizmat qilganlar. Shuningdek, U zot elchi boʻlib kelgan Najron nasorolarini ham oʻz masjidlariga tashrif buyurib, ibodat qilishlariga ruxsat berganlar.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam har bir kishining qaysi dinga mansubligidan qatʼiy nazar, avvalo, uning insonligi uchun odamiylik nuqtai nazaridan hurmat qilish lozimligini taʼkidlaganlar. Jumladan, Abdurahmon Abu Laylo rivoyat qiladilar: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yonlaridan odamlar tobut koʻtarib oʻtishdi. Shunda u zot oʻrinlaridan turdilar. Keyin sahobalar uning yahudiy ekanini aytishdi. Shunda Rasululloh: “U ruh egasi – inson emasmi?!” – dedilar”. Tarixchilar Horun ar-Rashid davridagi bagʻrikenglikni shunday izohlashgan: “Masihiylar, yahudiylar va musulmonlar hukumat ishlarida birgalikda ishlar edilar”. Xalifa Maʼmun oʻz akademiyasiga turli din va mazhab sohiblaridan boʻlgan olimlarni toʻplab, ularga: “Ilmdan nimani xohlasangiz, bahs qilaveringlar, faqat toifachilik kelib chiqmasligi uchun har kim oʻz diniy kitobidan dalil keltirmasa, boʻldi”, – degan ekan.[3] Bu kabi misollarni Islom tarixidan juda koʻplab keltirish mumkin. Islomning bosh manbalarida taʼkidlangan hamda Muhammad sollallohu alayhi va sallam tomonidan qanday amal qilinishi ifoda etilgan koʻrsatmalar bugungi kunda ham davom etib kelmoqda. Demak, koʻnglida hech bir insonga adovati boʻlmagan hamda jamiyatga qoʻli va tili bilan zarari tegmaydigan kishilar bilan chiroyli muomalada boʻlish, ular bilan dunyoviy ishlarda hamkorlik qilish, yovuzlik va zulm-ziyon yetkazish yoʻlida aslo hamkorlik qilmaslik muborak dinimiz talabidir.
[1] Qurʼoni Karim manoli tarjimasi (Tafsiri hilol)
[2] Qurʼoni Karim manoli tarjimasi (Madorikut tanzil)
[3] bukhari.uz/p=14933&lang=oz internet sayti
Abdumalikov Raxmatulloh, «Koʻkaldosh» oʻrta maxsus islom bilim yurti talabasi






