Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Burhoniddin Margʻinoniy ilmiy merosining zamonaviy islom maʼrifatidagi oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Mazkur anjuman hanafiy fiqh maktabining buyuk namoyandasi, «Hidoya» asari muallifi Burhoniddin Margʻinoniyning boy ilmiy-maʼnaviy merosini har tomonlama tadqiq etish, uning huquqiy, axloqiy va ijtimoiy-falsafiy qarashlarini bugungi globallashuv sharoitidagi diniy-maʼrifiy jarayonlar bilan uygʻunlashtirishga bagʻishlandi.


Anjumanda Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti professor-oʻqituvchilari, xodimlari va talabalari faol ishtirok etdi. Ular maʼruzalarni tinglab, ilmiy muhokamalarda qatnashdilar, fikr-mulohazalar bildirdilar hamda Margʻinoniy merosining zamonaviy islom taʼlimi tizimidagi ahamiyati yuzasidan oʻz qarashlarini bayon etdilar. Ayniqsa, yosh avlod ongiga hanafiylik taʼlimotidagi bagʻrikenglik, adolat, murosalilik va ijtimoiy masʼuliyat kabi tamoyillarni singdirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Anjumanda Oʻzbekiston va Afgʻonistonning nufuzli ilmiy va diniy-maʼrifiy muassasalaridan yetakchi olimlar, islomshunoslar, fiqh mutaxassislari hamda tadqiqotchilar ishtirok etdi. Xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan Margʻinoniy asarlarining islom huquqi rivojidagi oʻrni, «Hidoya»ning fiqh ilmidagi nufuzi, shuningdek, uning asarlarini zamonaviy tadqiqot metodlari asosida oʻrganish masalalari yuzasidan ilmiy maʼruzalar taqdim etildi.


Konferensiya doirasida Margʻinoniy merosining zamonaviy huquqiy tizimni takomillashtirish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish va yoshlar tarbiyasida maʼnaviy asos sifatida foydalanish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Mutaxassislar Margʻinoniy asarlari bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmaganini, ularni chuqur oʻrganish, tarjima qilish va keng jamoatchilikka yetkazish muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladilar.
Mazkur anjuman ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va islomshunoslik sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni boʻlib xizmat qildi.
Saidakramov Saidazimxon Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi uslubchisi





