Joriy yilning 13- yanvar kuni “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti talabalari “14 – yanvar Vatan himoyachilari kuni” bayrami munosabati bilan Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi Gʻalaba bogʻida sayohat uyushtirdilar. II-Jahon urushi haqida hikoya qiluvchi materiallar bilan tanishib, vatan himoyasi haqidagi tasavvurlarini boyitdilar.



Ushbu memorial majmua 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining gʻoyasi va tashabbusi bilan innovatsion texnologiyalar asosida, Oʻzbekiston xalqining II jahon urushida koʻrsatgan beqiyos jasoratini abadiylashtirish maqsadida bunyod etilgan. «Gʻalaba bogʻi» yodgorlik majmuasi va «Shon-sharaf» davlat muzeyi ekspozitsiyalari xalqimizning urush yillarida koʻrsatgan mardlik va matonatini, yuksak insoniy fazilatlarini namoyon etish hamda yosh avlodni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Majmua ramziy 12 ta hududga boʻlingan boʻlib, kirish qismi, urushning dahshatli qiyofasi, markaziy xiyobon, harbiy texnikalar maydonchalari, temir yoʻl vokzali, front orti hududi, amfiteatr va maʼmuriy bino, motam va shodu xurramlik hududi, gʻalaba hududi, «Shon-sharaf» davlat muzeyi va shukronalik hududidan tashkil topgan.



Bogʻda urush va uning oqibatlari, urush davri manzaralari, jumladan, okop va blindajlar, palatkalar, dala oshxonalari va boshqa lavhalar aks etgan. Majmuada oʻsha davrdagi harbiy texnika va qurol-yarogʻlar, Oʻzbekiston xalqining front va front ortida koʻrsatgan jasorati, mashaqqatli mehnati, qaygʻu-alami, shuningdek, erishilgan buyuk gʻalabaga qoʻshgan ulkan hissasi ifodalangan.
“Koʻkaldosh” bilim yurti talabalari «Koʻz yoshi» majmuasidagi lavha va eksponatlar vositasida urushning anchli manzarasiga guvoh boʻldilar. Talabalar «Shon-sharaf» davlat muzeyining yuqori qismida Ikkinchi jahon urushida qatnashgan 301 nafar qahramonlarimiz sharafiga ekilgan daraxtlar boʻylab kezdilar, shuningdek, «Mangu jasorat» deb nomlangan majmuada afsonaviy oʻzbek generali Sobir Rahimov va oʻzbekistonlik botir jangchilarni xotirladilar.
Majmua boʻylab sayohat ilm toliblariga bugungi tinchlik-osoyishtalik, farovon hayot qanchalik bebaho neʼmatligi, uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash lozimligi hamda vatan sarhadlarini qoʻriqlash sharafli va mashaqqatli vazifa ekanini anglatdi.
Tarbiyachi-pedagog Abdulloh Abdusattoriy






