Hikoyalarda aks etgan “qirq hadis”.
Farzandlarimiz uchun…
20-hadis
Qadim zamonda yoʻllarda koʻplab qaroqchilar odamlarni tunar va ularni asir qilib qul bozorida sotar edilar. Ana shunday kunlarning birida qaroqchilarning qoʻliga yoshi keksa, yoʻqsil bir otaxon tushib qoldi. Qaroqchilar boshligʻi unga: “Qul bozorida sotilib ketishni istamasang bizga yuz tanga topib ber shunda seni ozod qilamiz”- dedi. Bechora otaxon yaqinlariga maktub yozib holatni bayon qilib shunday dedi: “Bilaman sizlarda meni ozod qilish uchun pul yoʻq. Men bu maktubni holimdan xabardor boʻlishingiz uchungina yozayabman”.
Bu qariyaning qalbi toza va jasur oʻgʻli bor edi. Otasining shunday ahvolga tushib qolganini bilgach, darhol yoʻlga otlandi. Qaroqchilar qarorgohiga kelib oʻzini tanishtirgach ularga: “Janoblar, men sizlardan otamni garov pulisiz ozod qilib yuboringlar deb soʻramayman. Chunki bilaman sizlar bunday qilmaysizlar. Otam keksa yoshli va kuchdan qolgan. Ularni sotsangiz ham koʻp foyda olmaysiz. Yaxshisi, uning oʻrniga meni sotib yuboringlar. Shunda sizlar koʻproq daromad qilasiz”- dedi.
Bunday taklif qaroqchilarga juda yoqib tushdi. Ular maslahatlashish uchun vaziyatni qaroqchilar boshligʻiga tushuntirdilar. Qaroqchilar boshligʻi bu jasur va oliyjanob yigit haqidagi hikoyalarni eshitgach oʻz quloqlariga ishonmadi va yigitni va uning otasini huzuriga keltirishni buyurdi. U qariyaning oʻgʻliga hayrat bilan qarab: “Ha, ha, bu dunyoda naqadar jasur va mard farzandlar bor a! Bizda insoniylik oʻlib ketibdimi arslonim?! Senga otingni hadya qilaman!” – dedi. Shundan soʻng keksa otaxon va uning fidokor oʻgʻli xursand holda uyga qaytishdi. Bu hikoya Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadislarini yodimizga soladi:
لا يجزي ولد والدا إلا أن يجده مملوكا فيشتريه فيعتقه
“Har bir farzand otasi oldidagi qarzini hech qachon ado qila olmaydi. Illo, uni qul holatida sotib olib ozod qilib yuborsa bundan mustasno”.
Oxunjon AHMEDOV tarjimasi
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi






